O‘zbekiston | 09:44 / 10.09.2022
2582
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning ShHTga raisligida barcha sohalarda 80 dan ortiq tadbir o‘tkazildi

2021-2022 yillarda Shanhay hamkorlik tashkilotiga raislik O‘zbekistonga o‘tishi keyingi 6 yilda amalga oshirilgan jadal va ochiq tashqi siyosat mahsuli, mantiqiy davomi bo‘ldi, deb yozadi Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov «Dunyo»ga yo‘llagan maqolasida.

Foto: Dunyo

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston tomonidan ShHTga raislik davrida barcha hamkorlik sohalarida 80 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. Bo‘lajak sammitda imzolash uchun 30 dan ortiq hujjat taqdim etilishi rejalashtirilgan.

«Samarqand sammiti asosiy maqsadlaridan biri ShHT oilasini yanada kengaytirish masalasidir. Davlat rahbarlari kengashi doirasida ShHTga a’zolik maqomini olish uchun Eron majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolanishi kutilyapti. Bu o‘tgan yili Eronni to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilish tartibini boshlash to‘g‘risidagi qarorni amalga oshirishda muhim bosqich bo‘ladi», deb yozadi u.

Bundan tashqari, ShHT kuzatuvchi va muloqot bo‘yicha sherik davlatlari a’zoligini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Sammitda ShHT va qator xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Yana bir qabul qilishga tayyorlanayotgan hujjat bu – Shanhay hamkorlik tashkiloti a’zo davlatlari o‘rtasida uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo‘yicha keng qamrovli reja.

Reja loyihasi tashkilot doirasida barcha sohalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan hamkorlik yo‘nalishlarini jalb qilgan va hozirgi kunda 120 ga yaqin tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Asosiy urg‘u savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid