O‘zbekiston | 16:59 / 13.09.2022
22165
5 daqiqa o‘qiladi

Andijonning quritilgan ko‘li: uning tiklanishiga umid bormi?

Andijon shahridagi “Nodirabegim” madaniyat va istirohat bog‘i ichidagi ko‘l quritib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz muxbirining aniqlashicha, bog‘ning binolarini garov evaziga bankka qo‘yib kredit olgan MChJ ustidan jinoyat ishi ochilib, hozirda bog‘ bank tomonidan taqiqqa olingan.

Foto: Kun.uz

“Bolaligimiz shu ko‘lda o‘tgan edi”

Xalq tilida Komsomol ko‘li deb ataladigan bu suv havzasi ko‘p yillar davomida andijonliklar uchun xizmat qilib kelgan. Biroq xozir bog‘ hududi tashlandiq va xarob holatga kelib qolgan.

Kun.uz muxbiri shu manzilda bo‘lib, bog‘ning bugungi kundagi holatini o‘rgandi.

“Bolaligimiz shu ko‘l atrofida o‘tgan. Har kuni shu yerdan maktabga borardik. Darsdan so‘ng aylanish uchun manzilimiz ham shu yer edi. Biror tadbirlarni ham mana shu joyda o‘tkazardik. Issiq kunlari cho‘milardik. Juda ham gavjum joy edi”, – deydi shu yerda yashovchi fuqarolardan biri.

“Ammo so‘nggi yillarda bog‘ hududida qurilish ishlari bahonasida ko‘l suvi quriganiga guvoh bo‘ldim. Hozir ham har kuni shu yerdan o‘taman va mutasaddilarning beparvoligi sababli ayanchli holatga kelib qolgan bog‘ va ko‘lni ko‘rib ko‘zim yoshlanadi.

Bu yerda juda katta chinor daraxtlari bor edi. Ularni ham kesib yo‘q qilishgan. Umuman, bog‘ tashlandiq chiqindixonaga aylangan”, – deydi u.

Komsomol ko‘li, 1976 yil. / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Sport sohasi vakillaridan birining ta’kidlashicha, Komsomol ko‘lida sportchilar doimiy mashqlarni o‘tkazib kelishgan. Hozirda viloyatda eshkak eshish sport turi bilan shug‘ullanish uchun sun’iy ko‘l qolmagan. Sportchilar oqim suvlarida musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rishyapti. Bu ularning natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ko‘lda mashg‘ulot olib borayotgan sportchi. / Foto: Kun.uz

Ko‘l kimlarning qo‘lida?

Andijon shahar hokimining 2014 yil 24 aprel kungi 240-sonli qarori bilan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ixtiyorida bo‘lgan, Universitet ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan “Nodirabegim” madaniyat va istirohat bog‘i shahar madaniyat va sport bo‘limi tasarrufiga berilgan.

Shahar hokimining 2016 yil 7 dekabr kungi 917-sonli qaroriga asosan esa bog‘ Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi “Green Land Invest” MChJga 10 yil muddatga (kelgusida muddatini uzaytirish sharti bilan) foydalanishga va rekonstruksiya qilishga berilgan.

Ko‘lning rekonstruksiya qilish rejasi. / Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Bu qaror 2017 yil 30 yanvariga kelib bekor qilingan. Hokimning o‘sha sanadagi 28-sonli qaroriga ko‘ra, bog‘ bino va inshootlari bilan “Qurilish-lizing servis” MChJga berilgan.

Bu kompaniya “O‘zMilliybank” AJ Shayxontohur tuman filialidan bog‘ni qayta rekonstruksiya qilish orqali dam olish maskani tashkil etish loyihasi uchun 14,5 milliard so‘m kredit oladi. Garov sifatida esa “Nodirabegim” madaniyat va istirohat bog‘i binolari qo‘yiladi.

Foto: Kun.uz
Ko‘l atrofida qurilishi boshlangan binolar / Foto: Kun.uz

Biroq tashabbuskor tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifalar to‘liq bajarilmagani, olib kelingan attraksionlar va boshqalar talon-taroj qilingani aniqlanib, MChJ mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Bizga ma’lum bo‘lishicha, ish doirasida bog‘ kadastr hujjatlarining asl nusxasi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib qo‘yilgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Ko‘lning oldingi holati / Foto: Kun.uz

Bog‘ va ko‘lning keyingi taqdiri qanday?

Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, bog‘ va ko‘lning kelajagi hamon so‘roq ostida qolmoqda. Andijon shahar hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov hindistonlik investorlar bilan uchrashgan va bu manzilda tibbiyot yo‘nalishida klaster, ya’ni davolanish maskani, universitet va sog‘lomlashtirish markazi tashkil etishni muhokama qilishgan.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Ko‘lning hozirgi holati / Foto: Kun.uz

Biroq manba shahar aholisining talablariga binoan bog‘ va ko‘l qayta tiklanishi ham mumkinligini istisno qilmadi.

Quritib yuborilgan ko‘lning qayta tiklanishi, daraxtlarning o‘sib soya bera boshlashi uchun ham ancha yillar ketadi. Shunday ekan, kerakli qarorni qabul qilib, “Nodirabegim” bog‘i va ko‘lni Andijon aholisiga qaytarish harakati zudlik bilan boshlanishi lozim.

Abduvali Qurbonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid