Armaniston-Ozarboyjon chegarasi yana notinch. Bu safargisi jiddiyroqmi?
13 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston mudofaa vazirligi Ozarboyjon qurolli kuchlari tunda chegaradagi mamlakat qurolli kuchlari pozitsiyalari va aholi punktlarini o‘qqa tutgani haqida xabar berdi.
Vazirlikka ko‘ra, Ozarboyjon qo‘shinlari Armanistonning Vardenis, Sotk, Artanish, Ishxanasar, Goris va Kapan tumanlariga zarbalar bergan. O‘z navbatida, Ozarboyjon tomoni yangi qarama-qarshilik boshlanishida Armanistonni aybladi.
Rasmiy Boku chegaradagi to‘qnashuv Armaniston diversiv kuchlarining Ozarboyjon qurolli kuchlari bo‘linmalari va ularning ta’minot yo‘llarini minalashga urinishi sabab boshlanganini ma’lum qildi.
«Ushbu harakatlarning oldini olish bo‘yicha harbiylarimiz tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi», — deya vaziyatni izohlagan Ozarboyjon mudofaa vazirligi.
Har ikki tomon qurbonlar haqida xabar berdi. Xususan, Armaniston yetakchisi Nikol Pashinyan Armaniston tomonidan 49 harbiy xizmatchi halok bo‘lganini aytib, bu son yana o‘sishi mumkinligini bildirdi. Ozarboyjon tomoni ham yo‘qotishlar borligini tasdiqladi.
Armaniston bosh vaziri intensiv harbiy harakatlar yakunlangani, faqat ayrim yo‘nalishlarda Ozarboyjon qo‘shinlari hujumi davom etayotganini bildirdi.
«Ozarboyjon o‘z harakatlarining barchasini go‘yoki Armaniston provokatsiyalariga javob sifatida ko‘rsatishga harakat qilmoqda, ammo bu mutlaqo yolg‘on», — degan Pashinyan.
Armaniston bosh vaziri chegaradagi keskinlik masalasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Yevropa Kengashi raisi Sharl Mishel bilan telefon orqali suhbatlashgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi qarama-qarshilikni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘rishni buyurgani haqida xabar qildi. BMT Xavfsizlik kengashi a’zosi bo‘lgan Fransiya esa ushbu masala yuzasidan Xavfsizlik kengashining yig‘ilishini o‘tkazishni so‘radi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken har ikki tomonni o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralari o‘tkazishga chaqirib, harbiy yo‘l bilan nizoni hal qilib bo‘lmasligini ta’kidladi.
Yevropa ittifoqi raisi Sharl Mishel har ikki davlat yetakchilari bilan aloqada bo‘lib turgani, Yevropa ittifoqining Janubiy Kavkaz bo‘yicha maxsus vakili Tayvo Klaar mojaro yanada kuchayishining oldini olish uchun Boku va Yerevanga borishi haqida xabar berdi.
Armaniston chegaradagi vaziyat yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashi va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qildi.
Ozarboyjon mudofaa vazirligi vaziyatni sharhlar ekan, 12 sentabrga o‘tar kechasi Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Ozarboyjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kelbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli diversantlik ishlarini amalga oshirgani, Armaniston qurolli kuchlarining diversiv guruhlari Ozarboyjon armiyasi bo‘linmalarining aloqa va ta’minot yo‘llarini minalashtirganini ma’lum qildi.
«Bu harakatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi hamda mojaro kengayishining oldini olish va Armaniston qo‘shinlarining o‘t ochish nuqtalarini yo‘q qilish uchun kerakli choralar ko‘rildi», — deyiladi Ozarboyjon mudofaa vazirligi axborotida.
Rasmiy Boku Yerevanning Ozarboyjon Armanistonga hujum qilgani haqidagi bayonotini «bema’nilik» deb atadi.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mahmud Chovusho‘g‘li Armaniston-Ozarboyjon to‘qnashuvi haqida to‘xtalib, «qardosh Turkiya Ozarboyjonni hech qachon yolg‘iz qoldirmasligi»ni ta’kidladi.
Har ikki davlat bilan chegaradosh bo‘lgan Gruziya esa tinchlik muzokaralarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Ozarboyjon ommaviy axborot vositalari Armaniston va Ozarboyjon Toshkent vaqti bilan soat 10:00 dan boshlab o‘t ochish to‘xtatishga kelishgani haqida xabar berdi.
Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi so‘nggi keng miqyosli urush 2020 yil sentabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tgandi. 44 kun davom etgan harbiy harakatlar so‘ngida Rossiya ishtirokida o‘tkazilgan uch tomonlama muzokaralarda mintaqaga Rossiyaning tinchlikparvar kuchlari kiritilishiga kelishilgan edi.
Ammo bu kelishuvdan so‘ng ham mintaqada tinchlik ta’minlanmadi. Ozarboyjon va Armaniston chegarasida yana bir necha to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi.
Bu safargi keskinlashuv esa ancha chuqurlashdi, Ozarboyjon nafaqat Armaniston chegara kuchlari joylashgan Goris va Vardenisga, balki Sevan ko‘li bo‘yidagi kurort shaharlar hisoblanuvchi Jyeremuk va Martuniga ham hujum qildi.
Pashinyanning so‘zlariga ko‘ra, to‘qnashuv Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan o‘tkazilgan muvaffaqiyatsiz muzokaralarga bog‘liq. Ushbu kelishuvlarda Ilhom Aliyev Armaniston tarkibiga kiruvchi hududlarga da’vo qilgan va Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha muzokara olib borishni umuman xohlamagan.
Ozarboyjon chegaradagi vaziyat Armaniston kuchlarining ularni hafta davomida o‘qqa tutgani sabab yuz berganini ta’kidladi. Biroq Armanistondagi manbalar ma’lum qilishicha, Armaniston armiyasi Ozarboyjon o‘z harbiy ustunligini ko‘rsatgan 2020 yilgi urushdan so‘ng qiyin ahvolga tushib qolgan va bunday hujumlarni amalga oshirishga qodir holatda emas.
Diplomatiya — hozirda Armanistonda qolgan yagona yo‘l. Shu bois ham bosh vazir Pashinyan darhol so‘nggi o‘n yillikda Armaniston-Ozarboyjon tinchlik munosabatlarida qatnashib kelgan yuqoridagi uch davlat (Rossiya, AQSh, Fransiya) hamda KXShT va BMT Xavfsizlik kengashiga murojaat qildi.
Mavzuga oid
22:20 / 08.11.2024
Qorabog‘ safari: Jafokash Fuzuliy va yangilanayotgan Zangilon
15:58 / 01.11.2024
Ozarboyjonga safar: Kavkaz Hirosimasiga aylangan Ag‘dam
18:47 / 29.10.2024
Xalqaro yirik iqlim sammiti Ozarboyjonda o‘tadi: COP29’dan nimalar kutilyapti?
11:20 / 23.10.2024