Jahon | 16:12 / 15.09.2022
14222
6 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon va Armaniston chegarasidagi vaziyat tinchimayapti. Qurbonlar soni ortmoqda

Ozarboyjon va Armaniston bir-birini sulh kelishuvini buzganlikda ayblamoqda. Armanlar Ozarboyjon chegaradagi hujumlarni qayta boshlaganini ta’kidlagan bo‘lsa, Ozarboyjon Mudofaa vazirligi arman qurolli kuchlari otashkesim rejimini buzganini ta’kidlamoqda, deb yozadi BBC.

Foto: Getty Images

Ikki mamlakat chegaralaridagi to‘qnashuvlar 12 sentabr tunida ro‘y berdi. Armanlar Ozarboyjon bilan chegaraning janubiy qismidan mamlakat ichkarisidagi shaharlarga hujum uyushtirilganini xabar berdi.

Ozarboyjon Mudofaa vazirligi esa «Armanistonning keng miqyosdagi provokatsiyasiga ayrim joylarda javob choralari amalga oshirilayotgani»ni ta’kidlab o‘tdi.

Chorshanba kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan 10 kvadrat kilometr hududi Ozarboyjon tomonidan bosib olinganini aytib chiqdi.

Mojaro nimadan kelib chiqdi?

Alangalanayotgan to‘qnashuv Tog‘li Qorabog‘ mojarosi bilan bevosita emas, bilvosita bog‘liq — u Armaniston hududida sodir bo‘lmoqda.

Tog‘li Qorabog‘ masalasida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi 90-yillar boshidagi bir necha yillik to‘qnashuvlar 2020 yilning kuzida yangicha kuch bilan o‘t olib, Armanistonning uzil-kesil mag‘lubiyati bilan tugadi. O‘t ochishni to‘xtatishga kelishuv asnosida Ozarboyjon Qorabog‘ning qariyb barcha hududi, shuningdek, ilgari Armaniston tomonidan bosib olingan barcha tumanlar ustidan nazorat o‘rnatdi.

Rossiya mo‘rt sulh ustidan kuzatuv o‘rnatish uchun ikki ming nafar tinchlikparvar askarlar jo‘natdi.

12 sentabr kungi to‘qnashuvlardan keyin har ikki tomondan 170 nafardan ortiq inson halok bo‘lgani aytilmoqda: Ozarboyjon Mudofaa vazirligi 71 nafar askar halok bo‘lganini bayon qildi, Armaniston tomoni yo‘qotishlari soni kamida 105 kishini tashkil etmoqda, ma’lumotlar hali aniqlashtirilmoqda.

Harbiy asirlar, garovga olinganlar va dom-daraksiz yo‘qolgan fuqarolar bo‘yicha Ozarboyjon davlat komissiyasining bugungi bayonotiga ko‘ra, Ozarboyjon so‘nggi ikki kunda chegaradagi mojaroda halok bo‘lgan Armaniston qurolli kuchlarining yuzga yaqin askarlari jasadini bir tomonlama tartibda arman tomoniga topshirishga tayyor.

Tomonlar nima demoqda?

14 sentabr kuni Ozarboyjon Mudofaa vazirligi kunduzgi soat uchdan boshlab Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari minomyotlar va artilleriya qurilmalaridan Kelbajar va Lochin tumani yo‘nalishida dislokatsiya qilingan Ozarboyjon armiyasi pozitsiyalarini o‘qqa tutgan.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 14 sentabr kuni Yevropa Ittifoqi vakili Toyvo Klark bilan uchrashuvda Ozarboyjon bor-yo‘g‘i Armaniston provokatsiyasiga javob berayotgani, taranglik uchun bor javobgarlik arman tomonida ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Ozarboyjondagi taniqli bloger va jurnalist Habib Muntazirning yozishicha, qarama-qarshilik arman diversiya guruhi ozarboyjonliklarning postiga hujum qilib, Ozarboyjon askarlarini o‘ldirganidan boshlanganini yozgan. Shundan so‘ng Ozarboyjon tarafi dushmanning o‘t ochish nuqtalarini nishonga olishga qaror qilgan.

Armanlar esa bularni rad etib, Ozarboyjonni o‘zlarining suveren hududini bosib olishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Reuters agentligiga bergan intervyusida Armaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Paruyr Ovannisyan ushbu to‘qnashuvlar keng miqyosdagi urushga aylanib ketish xavfi borligini aytib o‘tgan.

AFP agentligi xabariga ko‘ra, Yerevanda norozilik namoyishiga chiqqan odamlar o‘z hukumatidan faol xatti-harakatlar talab qilishmoqda.

Armaniston bosh vaziri mamlakat parlamentida chiqish qilmoqda. Foto: Reuters

Ekspertlar esa Armaniston hukumati hozir juda zaif ekaniga urg‘u berishmoqda.

«Albatta, ozarboyjonliklarning chegarada to‘planishi hisobga olinsa, yangi urush bo‘lishini kutish kerakdek. Armanistonning hozirgi hukumati imkoniyatlari va salohiyati bugungi masalalarni hal qilish uchun yetarli emas», — degan iqtisodchi Arman Mxitaryan.

Tog‘li Qorabog‘ masalalari bo‘yicha taniqli britaniyalik ekspert Tom De Vaal ham shunga o‘xshash fikrda.

«Armaniston ayni paytda kuchsiz, status-kvoning o‘zgartirilishidan manfaatdor emas. Nega Ozarboyjon hozir boshladi? Qisqacha aytganda — qo‘lidan kelgani uchun. Ular Rossiyaning Ukrainadagi muvaffaqiyatsizligi ortidan qat’iyatni saqlab qolgan-qolmagani, KXShTning hozir va kelgusidagi ssenariylar uchun Armanistonni himoya qilish istagi nechog‘lik kuchli ekanini tekshirib ko‘rishni istashmoqda», — deb yozgan u o‘z Twitter’ida.

Janubiy Kavkazdagi o‘t ochishlar Armanistonda yangi norozilik namoyishlarini keltirib chiqaradi. Minglab yerevanliklar parlament binosi oldida to‘planib, hukumatning xatti-harakatlariga qarshilik bildirishdi.

Keng miqyosdagi norozilik namoyishlariga sabab bosh vazir Nikol Pashinyanning Ozarboyjon bilan sulh shartnomasi imzolashga tayyor ekanligi borasidagi chiqishi bo‘ldi.

Yevropa ittifoqi, AQSh, Fransiya, Rossiya, Eron va Turkiya o‘t ochilishi qaytalanganidan xavotirda ekanini bildirib, jangovar harakatni to‘xtatishga chaqirishdi.

Turkiya prezidenti rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Samarqandda o‘tayotgan ShHT sammitida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni muhokama qilishadi.

ShHT sammitida ishtirok etishi kutilgan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan mamlakatdagi vaziyat tufayli Samarqandga tashrifini bekor qildi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva rahbarligidagi KXShT missiyasi Yerevanga payshanba kuni yetib borishini ta’kidladi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tilovberdi KXShT doirasida tinchlikparvar kuchlarni Armanistonga jo‘natish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini ta’kidlagan.

Mavzuga oid