O‘zbekiston | 13:00 / 17.09.2022
16082
4 daqiqa o‘qiladi

Termiz davlat universitetida yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi

Shu kunlarda Termiz davlat universitetiga tashrif buyurgan kishi mo‘’jazgina yoshlar shaharchasiga kelgandek bo‘ladi. Chunki, universitet talabalari soni qariyb 26 000 nafarga yetdi. So‘nggi yillarda universitet hududi kengayib, tobora ko‘rkamlashib bormoqda.

Foto: Termiz davlat universiteti

2020 yil 20 aprelda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektorda Termiz davlat universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan Axborot texnologiyalari fakultetiga mo‘ljallangan zamonaviy bino qurish taklifi ma’qullangan va bu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berilgan edi. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 avgustdagi «Termiz davlat universiteti qoshida Axborot texnologiyalari fakultetining o‘quv binosini qurish to‘g‘risida»gi farmoyishiga asosan Termiz shahri Alisher Navoiy ko‘chasida yangi bino qurish ishlariga start berilgandi. 

Yangi o‘quv yili araqasida fakultet binosining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, universitet jamoasi, faxriy ustozlar, madaniyat va san’at vakillari, talaba yoshlar ishtirok etishdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ilk bor oliy ta’lim ostonasiga qadam qo‘ygan talabalarni tabriklab, yangidan barpo etilgan ushbu o‘quv binosi ularning bilim olishlari uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tishdi. 

Ramziy lentalar kesilganidan so‘ng, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishildi. Kampus qurilishidagi zamonaviy ko‘rinish, puxta o‘ylangan arxitektura, go‘zal tabiat manzarasi, o‘quv jarayoni uchun yaratilgan qulayliklar ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi. 

Bino yetti qavatli bo‘lib, talabalar sig‘imi 1850 nafarni tashkil etadi. Shuning bilan birga 176 nafar professor-o‘qituvchilar va ishchi-xodimlar faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan. Binoda 51 ta o‘quv auditoriyalari, sakkizta kompyuter xonasi, bitta kutubxona, uchta 100 nafar talabani sig‘dira oladigan ma’ruza zali, bitta kengash o‘tkaziladigan zal, to‘qqizta laboratoriya hamda ma’muriy xonalar mavjud. 

Barcha kompyuterlar internet tarmog‘iga ulanib, Wi-fi zonalari tashkil qilindi. Har bir auditoriya zamonaviy smart doska bilan ta’minlandi. Talabalarning puxta bilim olishlari uchun zarur sharoitlar yaratildi. 

Yangi binoda Axborot texnologiyalari fakulteti, Fizika-matematika fakulteti hamda magistratura bosqichi talabalari o‘quv mashg‘ulotlari olib boradi. 

Axborot texnologiyalar fakulteti 2020 yilda tashkil etilgan bo‘lib, ayni vaqtda ikkita kafedrada 50 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar 1500 nafardan ortiq talabalarga tahsil berishmoqda. Fakultetda 4 nafar professor, 10 nafar falsafa doktorlari faoliyat yuritishadi. 

Bakalavr bosqichida 4 ta yo‘nalishda talabalar qabul qilinadi: 

- Amaliy matematika va informatika 

- Kompyuter tizimlari va dasturlash texnologiyasi 

- Matematika va informatika 

- Informatika o‘qitish metodikasi 

Magistratura bosqichida ikki mutaxassislikda talabgorlar qabul qilinadi: Amaliy matematika; Kompyuter xizmatlari va ularning dasturiy ta’minoti (tarmoqlar bo‘yicha). Jami 100 nafardan ortiq magistrant tahsil oladi. Fakultetda 10 nafar doktorant ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. 

Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan universitetning 6 ta talabalar turar joyi yoshlari uchun osh tayyorlanib, bayram dasturxoni yozildi. 

Jarayonda vazir Abduqodir Toshqulov ham ta’lim maskani jamoasi va talabalar bilan bir dasturxon atrofida taomlanib, samimiy suhbatlashdi.  

Ma’lumot o‘rnida, universitetda jami 2 700 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, shundan beshtasida qizlar, bittasida o‘g‘il bolalar istiqomat qiladi. 

Termiz davlat universiteti matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid