Sardoba fojiasi bo‘yicha yana 29 kishiga sud hukmi o‘qildi
Javobgarlikka tortilganlar orasida «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj», «Ko‘prik qurilish butlash», «Sardoba tumani yo‘llardan foydalanish» unitar korxonalari, «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo‘limi, «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJning Gidrotexnik inshootlarni qurish direksiyasi xodimlari bor.
Kun.uz ixtiyoriga Sardoba toshqini sabablari bo‘yicha olib borilgan yana bir sud ishi yakuniga oid ma’lumotlar kelib tushdi. Ma’lumotga ko‘ra, jami 29 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 167- (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209- (mansab soxtakorligi), 243- (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan aybli deb topilgan.
Sudlanuvchilarning 3 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo tayinlangan. Jumladan, «O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj» unitar korxonasi bosh direktori o‘rinbosari – Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshlig‘i lavozimida ishlagan M.X. 10 yil-u 3 oyga, Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasida ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan F.D. 122 mln 650 ming so‘m jarimaga tortilgan holda 5 yilga, «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo‘limi boshlig‘i S.R. esa 133,8 mln so‘m jarimaga tortilgan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ayblanuvchilar orasida «UzGip» MChJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish bo‘limining 86 yoshli xodimi ham bor. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari – 68 mln so‘m jarima qo‘llangan.
Qolgan sudlanuvchilarga ozodlikni cheklash, ma’lum muddat mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda jarima bilan bog‘liq jazolar qo‘llangan. Jarima jazolarining eng ko‘pi bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari – 133 mln 800 ming so‘m.
Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchilardan solidar tartibda davlat daromadi hisobiga jami 115 mlrd 811 mln so‘m undirish belgilangan.
«Sardoba ishi» bo‘yicha 2021 yilning 10 may kuni ham O‘zbekiston Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida yopiq sud majlisi o‘tkazilgan va bir guruh sudlanuvchilarga jazo tayinlangandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 1 may kuni Sirdaryo viloyati hududidagi Sardoba suv omborida to‘g‘on o‘pirilib, suv toshqini yuzaga kelgandi. Suv toshqini natijasida Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlari va ekinlarga zarar yetgan. Binolar, yo‘llar, kommunikatsiyalar vayron bo‘lgan. Uchta tumandagi 22 ta qishloqdan 60 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilingan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, voqea oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan.
Mavzuga oid
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024
“Xalqimizning soddaligi sabab bo‘lmoqda”- Toshkent shahar sudi raisi Panorama Airways ishiga to‘xtaldi
14:10 / 31.10.2024
Sudgacha sanatsiya qilish jarayonida davlat tomonidan yordam ko‘rsatiladi
18:06 / 17.10.2024