Jahon | 21:31 / 20.09.2022
70756
12 daqiqa o‘qiladi

Kreml «shoshilinchda» Ukraina hududlarini qo‘shib olishga qaror qildi

Bu vaqtda Rossiya umummilliy safarbarlik e’lon qilishga tayyorlanmoqda - Jinoyat kodeksiga «safarbarlik» va «harbiy holat» tushunchalari kiritilmoqda, asir tushganlar 10 yilga qamaladi. 

Istilo ostidagi Melitopol shahri. Foto: Sergey Malgavko / TASS

Donetsk va Luhanksdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarning «xalq kengashlari», shuningdek, Ukrainaning Xerson va Zaporijjya oblastlarining bosib olingan qismlarida Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyatlar bir vaqtning o‘zida Rossiya tarkibiga kirish bo‘yicha «referendum»lar o‘tkazishga qaror qildi - ovoz berish jarayoni 23-27 sentabr kunlariga belgilandi. Bunday «referendum»lar o‘tkazilishi anchadan buyon kutilayotgandi, ammo bu haqda faqat hozirga kelib, Ukraina qurolli kuchlari bosib olingan hududlarni ozod qilish uchun qarshi hujumga o‘tgan vaqtda e’lon qilinmoqda. Ekspertlar buni Rossiyaning Ukraina va G‘arbga qo‘ygan ultimatumi deb hisoblamoqda.

«Xalq kengashi 23 sentabrdan 27 sentabrgacha bo‘lgan kunlarni [«LXR»da] referendumda ovoz berish kunlari sifatida belgilash to‘g‘risida qaror qiladi», degan kengash raisi Denis Miroshnichenko seshanba kungi yig‘ilishda. Xuddi shu vaqtda «DXR» «xalq kengashi» ham shoshilinch yig‘ilishda shu kunlarni ovoz berish o‘tkaziladigan kunlar sifatida belgiladi. Keyinroq Xerson va Zaporijjya oblastlarining rossiyaparast ma’muriyatlari shu kunlarda Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazilishi haqida e’lon qildi.

Shundan keyin «DXR» rahbari Denis Pushilin Rossiya prezidenti Vladimir Putindan «referendum yakunlari bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, «DXR»ning Rossiyaga qo‘shib olinishi masalasini imkon qadar tezroq hal etish»ni so‘radi. Putin hozircha bunga reaksiya qilmadi. Ukrainaga bosqin boshlanishidan uch kun oldin «LXR» va «DXR» rahbarlari Putindan respublikalarni tan olishni so‘rab murojaat qilgandi. Putin ularning iltimosini qondirgan va urush boshlangandi.

«Referendum»lar haqidagi xabarlar ortidan Mosbirja indeksi geosiyosiy tahdidlar oshgani tufayli avgust oyi oxiridan buyon ilk bor  2200 punktdan quyiga quladi (10 foizdan ko‘proqqa).

«Sinxronlik zarurati»

Darko Vojinovic / AP / Scanpix / LETA

Donbassdagi «respublika»lar yozdayoq «referendum»lar o‘tkazish niyatini ma’lum qilgandi, OAVda esa 11 sentabr sanasi keltirildi - shu kuni Rossiyada yagona ovoz berish kuni edi. Keyinroq rossiyalik harbiylar bosib olingan hududlarni kengaytira olmasligi ma’lum bo‘ldi va 6 sentabr kuni ukrain armiyasi bosib olingan hududlardan biri - Xarkiv oblastida keng ko‘lamli qarshi hujumga o‘tdi.

Zudlik bilan «referendum»lar o‘tkazish zarurligi haqidagi navbatdagi bayonotlar to‘lqini bir kun oldin boshlandi. Ular «LXR» va «DXR» jamoat palatalari murojaati sifatida rasmiylashtirildi. Dastlab Luhanskda, bir soat o‘tib Donetskda hududni Rossiya sub’yekti sifatida tan olish uchun zudlik bilan referendum o‘tkazish kerakligi talab qilindi.

Kechga borib ayirmachilar «DXR» rahbari Pushilin o‘z xonasida «LXR» rahbari Leonid Pasechnik bilan telefon orqali gaplashgani aks etgan videoni tarqatishdi.

«Menda referendumga tayyorgarlik masalasini boshlashga imkon beruvchi harakatlar algoritmini ishlab chiqish uchun kuchlarni birlashtirish taklifi bor. Biz ba’zi narsalarni birgalikda tayyorlashimiz, ba’zi harakatlarni sinxronlashtirishimiz kerak», deydi Pushilin go‘shakka.

Juma tongida «referendumlar paradi» davom etdi - Xersonning istilo ostidagi ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Kirill Stremousov ham Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha ovoz berish jarayonini anons qildi. Keyinroq oblastning Rossiya tomonidan tayinlangan rahbari Vladimir Saldo telegram-kanalida «DXR» va «LXR» kabi 23-27 sentabr kunlari Rossiya tarkibiga qo‘shilish masalasida «referendum» o‘tkazish haqidagi «farmon»ni imzolagani haqida yozdi.

Ko‘p o‘tmay Rossiya nashrlari shu kunlarda Zaporijjya oblastining bosib olingan qismida ham «referendum» o‘tkazilishi haqida xabar tarqatdi. Rossiyaparast ma’muriyat rahbari Yevgeniy Balitskiy bu haqda videomurojaat yo‘lladi.

«Qrim ssenariysi»

Moskva tomonidan ilk rasmiy reaksiyani Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘z telegram-kanali orqali bildirdi, u bir haftadan buyon yozmay qo‘ygandi. Medvedev Ukrainadagi bosib olingan hududlar rasmiylarining takliflarini qo‘llab-quvvatlab, Ukrainaning annexia qilinajak hududlarini nazarda tutgan holda «Rossiya hududiga daxl qilingan taqdirda» «barcha mudofaa kuchlarini qo‘llash» bilan tahdid qildi.

Undan oldinroq «Qrim ssenariy»si haqida (ya’ni yangi hududlarni 2014 yilda Qrim annexia qilinishi bilan qo‘shib olingani) - propagandachi va RT telekanali muharriri Margarita Simonyan ham yozgandi.

«Ukraina va G‘arbga ochiq ultimatum»

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) mutaxassislari rossiyaparast hukumatlarning murojaatlarini ularning o‘z tashabbusi emas, balki Kremlning yangi manyovri deb hisoblash kerakligi haqida mulohaza yuritgan. Ekspertlar Rossiya kuchlari Donetskni ham, hatto Luhansk oblastini ham to‘liq nazorat ostiga olmaganiga e’tibor qaratgan.

Ayni vaqtda qisman annexia Kremlni g‘alati va hatto haqoratli vaziyatga solib qo‘yadi - axir u Ukraina qo‘shinlaridan «Rossiya hududi»ni egallamasligini talab qilishi kerak (Rossiya o‘z talabini bajartira olmaydigan vaziyatda). Vladimir Putin naqd bo‘lmagan foyda uchun o‘zini shunday ilojsiz holatga tushirib qo‘yishga tayyormi yoki yo‘q, bu noma’lum bo‘lib qolmoqda, axir unga NATO va Ukrainaga eskalatsiya bilan tahdid qilish osonroq, deb hisoblaydi ISW ekspertlari.

«Zudlik bilan referendum o‘tkazish haqidagi gaplar - bu Rossiyaning Ukraina va G‘arbga mutlaqo ochiq ultimatumi hisoblanadi. «G‘alaba» kafolatlanishi uchun, Putin Rossiya o‘z hududini himoyalashda (o‘z tushunchasiga ko‘ra) yadro qurolidan foydalanishga asosga ega bo‘lish maqsadida zudlik bilan referendumlar o‘tkazishga tayyor», deydi politolog Tatyana Stanovaya o‘z telegram-kanalida.

Stanovayaning fikricha, «Putin bu urushni jang maydonida yutishni xohlamaydi. Putin Kiyevni jangsiz taslim bo‘lishga majbur qilmoqchi». U shuningdek, OAVda bir hafta oldin ham Kreml «referendum»lar o‘tkazilsa ham, yil oxirida o‘tkazilishini nazarda tutgani haqida xabarlar tarqalganiga e’tibor qaratdi. «Boshqa so‘z bilan aytganda, bu reja emas, reja barbod bo‘lishi oqibatidir», deya hozirgi «referendum»lar bilan bog‘liq vaziyatni ta’riflaydi u.

Bundan oldinroq Ukrainaning Luhansk oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Gayday, agar Rossiya Luhansk oblastining bosib olingan hududlarida «referendum» tashkillashtirsa va o‘tkazsa, bu Rossiyada umummilliy safarbarlikka yo‘l ochishini aytgandi.

«Luhanskning vaqtincha bosib olingan hududlarini qaytarib olishga qaratilgan harakatlari Rossiya tomonidan «to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiyaga hujum qilish» sifatida baholanadi va bu umummilliy safarbarlik e’lon qilib, urush ochishga imkon beradi. Chunki hozir ularda safarbarlik bo‘yicha ulkan muammolar bor. Ular kerakli miqdordagi odamlarni yig‘a olishmayapti», deb hisoblaydi gubernator.

Rossiya hukumati Ukrainadagi shaxsiy tarkibni to‘ldirishdagi muammolarni tan olmay kelmoqda. Kreml doimiy ravishda «maxsus harbiy amaliyot» reja bo‘yicha ketayotganini ta’kidlamoqda. Putin o‘tgan haftaning juma kunida Samarqanddagi ShHT sammiti vaqtida ukrainlarning kutilmagan qarshi hujumga o‘tgani va Xarkiv oblastini deyarli butunlay ozod qilgani bo‘yicha munosabat bildirib, o‘z kuchiga ishonishda davom etayotganini namoyish qilgandi.

«Kiyev hukumati faol qarshi hujum operatsiyasini o‘tkazayotganini aytdi. Bu qanday rivojlanishini va nima bilan tugashini ko‘ramiz», dedi Putin. «Maxsus harbiy operatsiya rejasini tahrirlashning keragi yo‘q. Asosiy maqsad butun Donbass hududini ozod qilish. Donbassning o‘zida hujum operatsiyalarimiz to‘xtagani yo‘q. Ular sekinlik bilan, lekin sobit kechmoqda, Rossiya armiyasi muntazam ravishda yangi va yangi hududlarni egallayapti. Biz butun armiyamiz bilan jang qilmayapmiz, biz Rossiya armiyasining bir qismi, shartnomachi qismi bilan jang olib boryapmiz. Biz shoshmayapmiz. Asosiy vazifa o‘zgarishsiz qoladi va u amalga oshiriladi», deya davom etgandi u.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha bor Ukrainaning Rossiya tomonidan egallab olingan barcha hududlari qaytarib olinishini va’da qilgandi.

Rossiya umummilliy safarbarlikka tayyorlanmoqda

20 sentabr kuni Rossiya Davlat dumasi Jinoyat kodeksiga «safarbarlik», «urush davri» va «harbiy holat» tushunchalarini kirituvchi tuzatishlarni qabul qildi. Tuzatishlarni uchinchi o‘qishda deputatlar bir ovozdan — 389 kishi bo‘lib ma’qullashdi. Qonun loyihasiga Jinoyat kodeksining bir qator yangi moddalari kiritildi. Gap, xususan, «Ixtiyoriy taslim bo‘lish» (352.1-modda, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi) va «Talonchilik» (356.1-modda, 15 yilgacha qamoq) haqida bormoqda.

Og‘irlashtiruvchi holatlar ro‘yxatida «safarbarlik yoki harbiy holat vaqtida, urush davrida» jinoyat sodir etilishi holatlari keltirilgan. Tuzatishlar mualliflaridan biri, senator Olga Kovitidi RF JKga tuzatishlar Rossiyada safarbarlik e’lon qilinishini anglatmasligini aytgan: «Bugun safarbarlik to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani to‘g‘risida bayonotlar juda ko‘p. Yo‘q. Mazkur qonunga keladigan bo‘lsak – mamlakatda safarbarlik e’lon qilinmadi».

Hujjat safarbarlik va harbiy holat davrida (Jinoyat kodeksining 337-moddasi) bo‘linmani ruxsatsiz tashlab ketganlik uchun jazoni kuchaytiradi - 10 yil. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida harbiy holat davrida, urush yoki qurolli nizo vaqtida davlat mudofaa buyurtmasini bajarmaslik va davlat shartnomasi shartlarini buzish bo‘yicha (JK 332-modda, 2.1-qism), shuningdek harbiy harakatlarda qatnashishdan bosh tortish bo‘yicha javobgarlik belgilanadi. Bunday harakatlar uchun ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid