Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyadagi norozilik namoyishlarida 1300 dan ortiq odam qo‘lga olindi
Jurnalistlar va huquq himoyachilariga ko‘ra, ichki ishlar bo‘limlarida qo‘lga olinganlarning bir qismiga harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozi topshirilgan. Bunday holatlar Moskva va Voronejda qayd etilgan.
Rossiya bo‘ylab prezident Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi namoyishlar chog‘ida 39 ta shaharda kamida 1307 kishi qo‘lga olindi, deb xabar berdi OVD-Info loyihasi 22 sentabr, payshanba kuni. Huquq himoyachilari qo‘lga olinganlar ro‘yxatini e’lon qilib, gap faqat o‘zlari bilgan va ismlarini aytishlari mumkin bo‘lgan odamlar haqida ketayotganini ta’kidladi.
Faqatgina Moskvada «OVD-Info» kamida 527 kishi ushlanganidan xabardor, Sankt-Peterburgda - 480, Yekaterinburgda - 46, Permda - 30, Chelyabinskda - 26, Ufada - 23, Krasnoyarskda - 19, Voronejda - 16, Krasnodarda - 14., Tver - 13, Saratov - 12, Kaliningrad va Ryazan - 11, Petrozavodsk va Irkutsk - 9, Arxangelsk va Tula - 8, Korolev va Novosibirsk - 6, Ulan-Ude - 4.
«Idel.Realii» nashri xabariga ko‘ra, Samarada namoyishchilar to‘plangan maydon yaqinida aravachasi va ikki bolasi bilan ketayotgan ayol qo‘lga olingan. «Politsiya xodimlari qo‘lga olingani sababini aytishdan bosh tortdi. Qo‘lida bolasi bor ayolni avtozakka olib ketishdi», - deydi jurnalistlar. OAV yozishicha, Moskva va Sankt-Peterburgda xavfsizlik kuchlari qo‘lga olish chog‘ida o‘ta shafqatsizlik ko‘rsatgan. Xususan, Sankt-Peterburgda namoyishchilarni ushlash vaqtida dubinkalar bilan kaltaklashgan.
Bundan tashqari, jurnalistlar va huquq himoyachilariga ko‘ra, Moskvada Ukrainadagi urushga safarbarlikka qarshi namoyishlarda qo‘lga olinganlar bir qismi politsiya bo‘limlarida harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozi olgan. «Yabloko» partiyasi a’zosi Kirill Goncharov ijtimoiy tarmoqlarda Mojaysk tumani politsiya bo‘limida qo‘lga olinganlardan biriga topshirilgan chaqiruv qog‘ozi suratini e’lon qildi. Sokolinaya gora tumani bo‘yicha ichki ishlar bo‘limida ushlanganlardan birining rafiqasi Mediazona nashriga harbiy komissar chaqiruv qog‘ozini eriga shaxsan o‘zi topshirganini aytdi.
«OVD-Info»ning yozishicha, chaqiruv qog‘ozlari qo‘lga olinganlarga Sokolinaya Gora, Lyublino, Izmaylovo, Yujnoye Tushino, Gagarinskoye va Prospekt Vernadskiy tumanlaridagi ichki ishlar bo‘limida topshirilgan. Huquq himoyachilariga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan kamida bittasiga chaqiruv qog‘ozini imzolashdan bosh tortgani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilishi bilan tahdid qilingan. Bundan tashqari, OVD-Info 23 sentabr kuni Voronejda qo‘lga olingan namoyishchilarga harbiy komissarlikka chaqiruv qog‘ozi berilgani haqida xabar qildi.
21 sentabr kuni ertalab Putin mamlakat fuqarolariga murojaat bilan chiqib, «vatan va yaxlitlikni himoya qilish» uchun qisman safarbarlik e’lon qilgan edi. Shu bilan birga, u o‘zini «DXR» va «LXR» deb e’lon qilgan hududlar, shuningdek, Xarkiv va Zaporijjya oblastlari okkupatsion hokimiyatining Rossiya tarkibiga qo‘shilish uchun referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga ishora qildi. Tegishli farmon allaqachon imzolangan, Federal majlis palatalari qaror haqida xabardor qilingan va bugun safarbarlik boshlanadi, dedi Putin.
«Harbiy xizmatga faqat zaxiradagi va birinchi navbatda qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, ma’lum harbiy mutaxassislik va tegishli tajribaga ega bo‘lgan fuqarolargina chaqiriladi. Harbiy xizmatga chaqirilganlar qismlarga jo‘natilgunga qadar qo‘shimcha harbiy tayyorgarlikdan o‘tkaziladi», — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘z navbatida, mudofaa vaziri Sergey Shoygu safarbarlik doirasida 300 ming zaxiradagi askar chaqirilishini aytdi.
Shundan so‘ng, «Vesna» yoshlar demokratik harakati rossiyaliklarni Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan e’lon qilingan qisman safarbarlikka qarshi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishiga chiqishga chaqirdi. «Minglab rus erkaklari - otalarimiz, ukalarimiz va erlarimiz urush go‘sht maydalagichiga tashlanadi. Ular nima uchun o‘ladi? Onalar va bolalar nima uchun ko‘z yoshlarini to‘kadi? Putin saroyi uchunmi?» - deb yozgan faollar.
Ular safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng, «har bir xonadonga, har bir oilaga urush kirib kelishi», ruslar esa «Rossiyani dahshatli qirg‘inga, yakkalanishga va qashshoqlikka olib kelgan Putin rejimining xatolarini tuzatish uchun o‘lishi kerakligini» ta’kidladi. «Har kuni safarbarlik zarurligi haqida qichqirayotgan deputatlar va amaldorlar o‘zlarining issiq kursilarida qoladi - tirik va sog‘lom. Biz ularni safarbar qilish va Ukrainaga yuborish kerak, deb hisoblaymiz - kasal fantaziyalari uchun o‘zlari o‘lsin, oddiy yigitlarni o‘limga yubormasin», deyiladi ma’lumotda.
Mavzuga oid
13:16 / 27.05.2025
Gurjiston Mustaqilligi kunida Tbilisida namoyishlar tinch o‘tdi
08:40 / 13.05.2025
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti MH17 halokati uchun Rossiyani javobgar deb topdi
17:02 / 12.05.2025
Rossiyada xorijliklarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi o‘zgaradi
14:54 / 12.05.2025