Jamiyat | 17:18 / 09.10.2022
14855
3 daqiqa o‘qiladi

Qarshida 24 tup daraxt kesib tashlandi

Daraxtlarning kesilishi natijasida tabiatga, o‘simlik dunyosiga 156 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblangan. Bundan tashqari, daraxtlarni kesgan fuqaroga 3 million so‘m jarima jazosi qo‘llangan.

Qashqadaryo viloyati ekologiya boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, Qarshi shahar Ekologiya bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi reydlar davomida Qarshi shahar “Alisher Navoiy” MFY Gulmachit ko‘chasida yashovchi fuqaro tomonidan 24 dona daraxtlar kesib tashlangani aniqlangan.

Daraxtlarning kesilishi yuzasidan Qarshi shahar “Alisher Navoiy” MFY Gulmachit ko‘chasi 3-uyda yashovchi fuqaro M.Q. dan tushuntirish xatlari yozma ravishda olinib, holatni joyida o‘rganish yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Daraxtlarning noqonuniy kesilishi natijasida "Ekologik nazorat to‘g‘risida"gi, "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida"gi bir qator qonun talablariga rioya etilmasdan qo‘pol ravishda buzilganligi holati tegishli tartibda qayd etilgan va tabiatga, o‘simlik dunyosiga 156 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani hisoblangan.

Qayd etilishicha, fuqaro M.Q.ga nisbatan qo‘llangan 3 million so‘m jarima undirib olingan. Yetkazilgan zarar summasi rasmiylashtirilgan QV 0010509-raqamli bayonnomada aks ettirilgan. Shuningdek, 2022 yil 23 avgustdagi 27992535419915-sonli kareshok orqali maxsus bazaga kiritilgan.

“Yetkazilgan zararni undirib olish maqsadida belgilangan ixtiyoriy to‘lov muddati berilgan. Ixtiyoriy undiruv muddati tugaganligi uchun, hozirda rasmiylashtirilgan hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etilib, majburiy undirish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan yerlarda daraxtlar va butalardan foydalanishni tartibga solish va ulardan foydalanish sohasida ruxsat berish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 43-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 45-bandida daraxtlar va butalarni Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining xulosalari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari ruxsatnomalarisiz kesish noqonuniy hisoblanishi belgilangan.

Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston hududida daraxtlarni kesishga moratoriy muddatsiz davrga uzaytirilgan, tartibni buzganlik uchun jarimalar 5 barobarga oshirilgan, yetkazilgan zarar 2 barobar qilib undirilishi belgilangan edi. Farmonda noqonuniy daraxt kesish holatlarini foto va videotasvirga olib jo‘natganlarga pul to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Shunga qaramasdan, joylarda hamon noqonuniy daraxt kesish holatlari to‘xtamayapti.

Mavzuga oid