Jahon | 14:13 / 09.10.2022
65438
12 daqiqa o‘qiladi

Qrim ko‘prigidagi portlash. Asosiy ma’lumotlar

Qrim ko‘prigidagi portlash oqibatida avtomobil yo‘lining bir qismi qulab tushdi. Bu Putinning 70 yillik yubileyidan keyingi kuni ro‘y berdi.

8 oktyabr tongida Kerch bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi temiryo‘l ko‘prigida portlash ro‘y berishi oqibatida avtomobil ko‘prigining bir qismi qulab tushdi. Yonilg‘i to‘ldirilgan bir necha sisternalar yonib ketdi, ko‘prik bo‘ylab avtomobil va poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi.

Ko‘prikning mashinalar harakatiga mo‘ljallangan qismi o‘pirilib tushgan.
Moya Feodosiya / TASS

Shanba kuni kechga borib annexia qilingan Qrimning Rossiya tomonidan tayinlangan gubernatori Sergey Aksenov ko‘prik bo‘ylab yengil avtomobillar va avtobuslar harakati tiklangani, bunda barcha transport vositalari «to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilishi», yuk mashinalari esa bo‘g‘ozni parom orqali kechib o‘tishi mumkinligini ma’lum qildi.

Shuningdek, ko‘prikdagi portlash va yong‘in oqibatida shikastlangan temiryo‘l ham tezda ta’mirlanishi va’da qilindi. Shu kuni kechqurun «Rossiya temiryo‘llari» 15 vagonli ilk poyezd ta’mirlangan ko‘prik orqali o‘tgani haqida xabar berdi.

Ko‘prikdagi portlash va yong‘in haqida ilk xabarlar 8 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 6 atrofida tarqala boshladi.

Mahalliy rasmiylar ko‘prik bo‘ylab harakatlangan yuk poyezdida yonilg‘i to‘ldirilgan sisternalar yonib ketgani to‘g‘risida xabar berishdi. Bu haqda dastlab annexia qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov aytdi, keyin uning so‘zlarini «Qrim temiryo‘llari» matbuot xizmati tasdiqladi. «Kema arkalari shikastlanmagan. Hodisa sababi va oqibatlari to‘g‘risida gapirishga hali erta. Yong‘inni o‘chirish bo‘yicha ish olib borilmoqda», deya yozdi Kryuchkov o‘z telegram-kanalida.

Reuters / Scanpix / LETA

Keyinroq Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi Qrim ko‘prigida yuk avtomobili portlatilgani, bu esa parallel temiryo‘ldagi poyezdning yonilg‘i to‘ldirilgan yettita sisternasi yonib ketishiga olib kelganini ma’lum qildi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Qrim ko‘prigidagi portlash oqibatida uch kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. «Bular portlatilgan yuk mashinasi yaqinida harakatlangan yengil avtomobil yo‘lovchilari bo‘lgan. Ayni vaqtda suvdan ikki kishi jasadi olib chiqilgan - erkak va ayol, ularning shaxsi aniqlashtirilmoqda», deyilgan idora telegram-kanalida.

Bundan tashqari, Tergov qo‘mitasi xodimlar portlatilgan yuk mashinasi va uning egalari haqida ma’lumotlar ham aniqlanganini ma’lum qildi. «Bu Krasnodar o‘lkasida yashagan shaxs, uning yashash joyi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Avtomashina harakati yo‘nalishlari o‘rganilib, hujjatlashtirilmoqda», deyilgan xabarda.

Annexia qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov o‘z telegram-kanalida «favqulodda hodisa oqibatida Krasnodardan Kerchga boradigan yo‘lning avtomobillar uchun mo‘ljallangan polotnosida ikkita oraliq yopmasi qulab tushgani» haqida ma’lum qildi. «Shu bilan birga yonilg‘i to‘ldirilgan sisternalar yonib ketgan», deya yozdi Aksenov.

Moskva vaqti bilan soat 10:00 atrofida Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi Qrim ko‘prigidagi yong‘in o‘chirilganini ma’lum qildi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Qrim ko‘prigidagi hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. «Tergov qo‘mitasi raisi topshirig‘iga ko‘ra, Kriminalistika bosh boshqarmasi kriminalistlari voqea joyiga jo‘nab ketdi», deya idora matbuot xizmati xabaridan iqtibos keltirgan «Interfaks». Tergov qo‘mitasi aynan qanday moddalar bo‘yicha jinoiy ish ochilganiga aniqlik kiritmagan, ammo «tergovchilar sodir etilgan jinoyatga aloqadorlarni aniqlayotgani» ma’lum qilindi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vladimir Putin hodisa yuzasidan bosh vazir, FVV rahbari va kuchishlatar tuzilmalar rahbarlaridan hisobot olgani hamda «hodisa sabablarini aniqlash hamda oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasi» tuzishga ko‘rsatma berganini ma’lum qildi. Keyinroq Putin «Kerch bo‘g‘ozi orqali transport o‘tishini himoya qilish chora-tadbirlarini kuchaytirish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi, unga ko‘ra Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga yana ikkita asosiy infratuzilma obekti — Rossiyadan Qrimgacha bo‘lgan energiya ko‘prigi hamda Krasnodar o‘lkasidan Qrimga magistral gaz quvuri uchun «himoya choralarini tashkil etish va muvofiqlashtirish» vakolati beriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda yuk mashinasi haydovchisi, 51 yoshli Mohir Yusubovning surati paydo bo‘ldi. U yuk tashish xizmati bilan shug‘ullangan va ko‘pincha Krasnodar o‘lkasida harakatlangan. 6 oktyabr kuni so‘nggi marta yaqinlari bilan aloqaga chiqqan. Ko‘prikkacha yo‘lning so‘nggi qismini yarim soatda bosib o‘tish mumkin bo‘lgan holatda, Yusubov bunga 6 soat sarflagan. U boshqargan mashina uning jiyani Samir Yusubovning nomida bo‘lgan. Samir hozir chet elda ekanini malum qilgan.

9 oktyabr kuni RBK kuch tuzilmalaridagi manbasiga tayanib yozishicha, Qrim ko‘prigida portlatilgan yuk mashinasi egasi mineral o‘g‘it yetkazib berish bo‘yicha buyurtmani internet orqali qabul qilgan. Nashrning yozishicha, haydovchi tashkillashtirilgan terakt haqida bilmagan, undan foydalanishgan. FXX qanday portlovchi modda ishlatilganini tekshirmoqda.

Qrim rasmiylari hodisada Ukraina tomonini aybladi. Qrim parlamenti rahbari Vladimir Konstantinov ko‘prikdagi yo‘l polotnosiga «ukrainalik vandallar» tomonidan zarar yetkazilganini ma’lum qildi. Ukraina rasmiy shaxslari ko‘prikdagi portlash uchun mas’uliyatni zimmasiga olmagan.

Portlatilgan Qrim ko‘prigining koinotdan olingan tasviri.

Ukraina qanday reaksiya qildi?

Portlash va yong‘in aks etgan videoyozuvlardan birini dastlab Mikolayiv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim tvitter sahifasiga joylashtirdi.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak ham tvitterida qulab tushgan ko‘prik suratini e’lon qilib, ingliz tilida shunday yozdi: «Qrim, ko‘prik, boshlanishi. Noqonuniy narsalarning barchasi yo‘q qilinishi, o‘g‘rilangan narsalarning barchasi Ukrainaga qaytarilishi, Rossiyadan kelgan barcha bosqinchilar quvib chiqarilishi kerak».

Keyinroq, Podolyak Ukraina portlashga aloqador emasligini aytib chiqdi.

«Kadrlar almashinuvidan biroz oldinroq FXX nokdaunga uchradi: Putin ko‘prigidagi portlashni tomosha qilishdi. Endi mudofaa vazirligi janubdagi bo‘lajak g‘alabalar uchun FXXni ayblashi mumkin. Hozircha ko‘prikni kim portlatgani ayon emas. Yodda tuting - fura RFdan kelayotgandi», deya yozgan u.

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov feysbukdagi sahifasida Qrimdagi ko‘prik portlashi bo‘yicha kinoyali post qoldirdi.

Unga ilova qilingan videoda ko‘prik portlashi kadrlari Merilin Monroning AQSh prezidenti Jon Kennediga bag‘ishlab aytgan «Tug‘ilgan kuningiz bilan, janob prezident» qo‘shig‘i uyg‘unlashtirib qo‘yilgan. Danilov postda «Xayrli tong, Ukraina» deb yozgan.

7 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin 70 yillik yubileyini nishonlagandi.

Ukraina ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, Qrim yarimorolini Rossiya bilan bog‘lab turuvchi ko‘prikning portlatilishiga Ukraina xavfsizlik xizmatining aloqasi bor. «Ukrainskaya pravda» huquq-tartibot idoralaridagi manbasiga tayanib, Qrim ko‘prigini portlatish — Ukraina xavfsizlik xizmati operatsiyasi ekani haqida yozdi.

UXX matbuot kotibi Artem Degtyarenko idora bunday yangiliklarga izoh bermasligini ma’lum qildi. «Biz bu portlashda UXX yoki Ukrainaning boshqa biror davlat idorasi roli haqida faqat yakuniy g‘alabamizdan so‘ng fikr bildiramiz», dedi Degtyarenko. 

Ukrainaning «Politika strany» telegram kanali yozishicha, portlash Ukrainaning maxsus operatsiyasi ekani — asosiy versiya. Ammo, urush eskalatsiyasiga intilayotgan «Kremldagi guruhlar» ko‘rsatmasiga binoan, Rossiya maxsus xizmatlari aralashgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi fitna nazariyasi ham ilgari surildi. 

Foto: RIA Novosti

Ukraina rasmiylari ham portlashda mamlakat harbiylari yoki maxsus xizmatlari ishtirok etgani haqida ochiq bayonot bermadi. Avvalroq, ular Qrim ko‘prigini zarbalar uchun qonuniy nishon sifatida ko‘rishini bir necha bor ta’kidlagan edi.

Xususan, avgust oyida Mixaylo Podolyak Ukraina hukumati Qrim ko‘prigini qonuniy harbiy nishon deb bilishi, chunki bu yarimoroldagi Rossiya armiyasi ta’minoti uchun asosiy yo‘l hisoblanishini aytgandi. Ukraina qurolli kuchlari general-mayori Dmitro Marchenko iyun oyida zarba berish uchun texnik imkoniyatga ega bo‘lishi bilan Qrim ko‘prigi ukrain harbiylari uchun «birinchi raqamli nishonga aylanishi»ni aytgandi. 

Qayd etish kerakki, aprel oyida «Moskva» kreyseri cho‘ktirilishi, avgust oyida esa Qrimdagi harbiy aerodromdagi portlashlar va samolyotlar yo‘q qilinishi uchun ham Ukraina tomoni rasman javobgarlikni zimmasiga olmagandi.

Muhim loyiha

Putin yarimorol annexiasidan keyin qurishga ko‘rsatma bergan Qrim ko‘prigi 2018 yil mayida ochilgandi. Rossiya prezidenti shaxsan ochilish marosimiga kelgan va bu jarayon davlat telekanallarida translatsiya qilingan.

Putin 2019 yil Qrim ko‘prigi orqali temiryo‘l aloqasi yo‘lga qo‘yilishi vaqtida. Foto: GETTY IMAGES

2016 yilda «Kommersant» ko‘prik qurilishi uchun 228 mlrd rubl sarflanganini ma’lum qilgan. «Vedomosti» esa 2017 yil fevralida loyihaning umumiy qiymati 300 mlrd rubldan oshishi haqida yozgandi. 2018 yil mayida ko‘prik bo‘ylab avtomobillar harakati yo‘lga qo‘yilgan, 2019 yil dekabridan poyezdlar qatnovi boshlagan.

Qrim ko‘prigi qurilish loyihasi bosh pudratchisi Arkadiy Rotenbergga tegishli bo‘lgan «Stroygazmontaj» edi. Qurilish subpudratchisi ham Kremlga juda yaqin hisoblangan ushbu biznesmenga aloqador «Mostotrest» bo‘lgan. Rotenbergning aytishicha, Qrim ko‘prigi qurilishi bilan shug‘ullanishni undan shaxsan Vladimir Putinnning o‘zi so‘ragan va bu loyihani «pul topish maqsadida emas», balki «mamlakat rivojiga qo‘shilgan hissa» deb bilishiga ishontirgan.

Hozirda Qrim ko‘prigidan Ukraina janubidagi rus armiyasi ta’minotida ham foydalaniladi.

Ukrain harbiylari bir necha bor ko‘prikni yo‘q qilish kerakligini aytib chiqqandi. Ammo Kiyev o‘zida bu ko‘prikni yakson etishga qodir bo‘lgan qurol yo‘qligini tan olgandi.

Bundan tashqari, ukrain harbiylari bir necha oydan buyon Dnepr daryosi ustidan o‘tgan, Xersonga olib boruvchi Antonov ko‘prigini o‘qqa tutib kelmoqda - bundan maqsad daryoning o‘ng sohiliga joylashtirilgan rus qo‘shinlarini ta’minotdan uzib qo‘yish hisoblanadi. Ko‘prikka o‘nlab raketalar borib tekkan, ammo bu zarbalar Qrim ko‘prigida yonilg‘i to‘ldirilgan sisternalar portlashi va yong‘in chiqishi oqibatida yuzaga keltirgani kabi vayrongarchiliklar keltirmagandi.

Mavzuga oid