O‘zbekiston | 15:43 / 11.10.2022
23771
3 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz – O‘zbekistondagi eng ommabop milliy sayt - Hostinger

Google, YouTube va Facebook'ni inobatga olmaganda, Kun.uz – o‘zbekistonliklar eng ko‘p foydalanadigan sayt. Hostinger servisi olib borgan o‘rganishlarda shunday xulosaga kelingan. Tahlilchilarning e’tibor qaratishicha, O‘zbekiston – o‘z mintaqasida milliy domendagi sayti eng ommabop bo‘lgan kam sonli davlatlardan biri.

Hostinger servisi dunyo mamlakatlarida odamlar eng ko‘p qaysi saytlardan foydalanishi haqida hisobot e’lon qildi.

Bunda reytingning yuqori o‘rinlarida bo‘lishi deyarli aniqligi sabab Google qidiruv tizimi, YouTube videohostingi va Facebook ijtimoiy tarmog‘i hisobga olinmagan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, yuqoridagi uchta tarmoqni inobatga olmaganda, Kun.uz – O‘zbekistonda eng ko‘p kiriladigan sayt hisoblanadi.

Loyiha mualliflari Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasidagi faqat ikkita davlat – Isroil va O‘zbekistondagina birinchi raqamli saytlar milliy domenda ekaniga e’tibor qaratgan.

“O‘zbekistonning mashhur yangiliklar manbasi Kun.uz – mamlakatda eng ko‘p tashrif buyuriladigan sayt hisoblanadi. Nashr mahalliy mavzularga ijobiy yondashish bo‘yicha hukumatning bosimiga qaramay, o‘zining haqqoniyligi bilan e’tibor qozongan”, – deya yozgan tadqiqot mualliflari.

Qayd etilishicha, o‘zbekistonliklar bank-moliyasiga oid saytlardan eng ko‘p Bank.uz'ni kuzatib boradi.

Ma’lum bo‘lishicha, Mail.ru – Qozog‘iston va Tojikistondagi eng ommabop sayt. Qirg‘iziston va Afg‘onistonda esa eng ko‘p Wikipedia onlayn ensiklopediyasidan foydalaniladi.

Rossiya aholisi “Vkontakte” ijtimoiy tarmog‘idan, AQShda esa Amazon onlayn do‘konidan ko‘p foydalaniladi. Britaniyaliklar esa BBC saytiga eng ko‘p kirishadi.

Hostinger ommaviy axborot vositalari bo‘yicha alohida infografika ham tayyorlagan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda Kun.uz, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda Rossiyaning “RIA Novosti”, Tojikistonda Rossiyaning “Gazeta.ru” saytlari eng ommabop axborot tarqatuvchi onlayn nashrlar hisoblanadi.

BBC – dunyoning 12 ta davlatida asosiy yangiliklar sayti ekani ham ma’lum bo‘ldi. Yana bir xulosaga ko‘ra, qidiruv tizimlari, ijtimoiy tarmoqlar va YouTube'ni inobatga olmaganda, dunyo bo‘yicha eng ommabop sayt – Wikipedia bo‘lib, onlayn ensiklopediya 43 ta mamlakatda birinchi o‘rinni olgan.

Ma’lumot uchun, Hostinger – Litvada joylashgan, xalqaro miqyosda xosting xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayder bo‘lib, dunyoning 7 ta davlatida data-markazlariga ega. Servis tahlilchilari yuqoridagi hisobotlarni onlayn marketing bilan shug‘ullanuvchi SEMRUSH xalqaro bazasi ma’lumotlaridan kelib chiqib tayyorlashgan. Aniqlangan ma’lumotlar AQShning “PCMag” jurnali saytida ham e’lon qilindi.

Mavzuga oid