Jahon | 13:33 / 11.10.2022
9957
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga YuKOS ishi bo‘yicha 2,63 mlrd dollar to‘lash majburiyati yuklandi

Sud qaroriga ko‘ra, Moskva YuKOS guruhining sobiq tuzilmasi - Yukos Capital Sarl’ga pul o‘tkazishi kerak. Rossiya ushbu ish bo‘yicha sudning vakolatiga e’tiroz bildirgan, ammo sud apellyatsiyani rad etgan.

Foto: Sergey Karpuxin / Reuters

Shveytsariya federal sudi Rossiyaning shikoyatini rad etdi va unga YuKOS guruhining sobiq tuzilmasi - Yukos Capital Sarl’ga 2,63 milliard dollar to‘lash majburiyatini yukladi, deb xabar berdi AFP axborot agentligi 10 oktyabr, dushanba kuni kechqurun. 

O‘tgan yilning iyul oyida Haagadagi doimiy arbitraj sudi shafeligidagi xalqaro arbitraj Yukos Capital’ga foizlar va sud xarajatlarini hisobga olgan holda 5 milliard dollar miqdorida tovon to‘lash haqida qaror chiqargan edi. Biroq, avgust oyida Rossiya kompaniyani sud qarorini oshkor qilishda va shuning uchun sud jarayonining maxfiyligini buzganlikda aybladi. Shveytsariya Federal sudi bu dalilni inobatga olmadi va Moskvaning da’vosini rad etdi. 

Sud jarayonlari 2013 yilda Yukos Capital tashabbusi bilan boshlangan. Kompaniya Rossiyadan 13 milliard dollar tovon talab qilgan. Bunga YuKOSning Rossiya hukumati qarorlari bilan bankrot bo‘lishi va tugatilishi sabab bo‘lgan. Shu sababli kompaniya Yukos Capital tomonidan olingan kreditlarni to‘lay olmadi. Qarz oluvchilar YuKOS korxonalari - «Yuganskneftegaz» va «Samaraneftegaz» edi. Biroq, Rossiya rasmiylariga ko‘ra, bu pullar mablag‘larni olib chiqish va soliqlardan qochish uchun noqonuniy sxemalarda ishlatilgan.  

YuKOS ishi bo‘yicha sud jarayonlari nafaqat Yevropada bo‘lib o‘tdi. 2022 yil 14 aprelda AQShning Kolumbiya poytaxt okrugi federal sudi Rossiyaning tugatilayotgan kompaniya sobiq aksiyadorlari YuKOSdan 50 milliard dollar undirishga urinayotgan ishni to‘xtatib turish haqidagi iltimosini qondirishdan bosh tortdi. 

YuKOS neft konserni 2000-yillar boshida uning sobiq egasi Mixail Xodorkovskiy hibsga olinib, «Rosneft» konserni aktivlarning katta qismini shubhali kimoshdi savdosida sotib olganidan so‘ng o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Xodorkovskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisiga aylandi va afv qilinib, xorijga chiqishga ruxsat berilgunga qadar o‘n yil qamoqda o‘tirdi. 

Mavzuga oid