Jamiyat | 20:09 / 14.10.2022
53487
3 daqiqa o‘qiladi

Chirchiqda harbiylar ikkita bankomatdan pul o‘g‘irlashga uringani aniqlandi

Chirchiqda noma’lum shaxslar bankomatlardan pul o‘g‘irlashga urinishdi. 3 nafar harbiy xizmatchi bu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan bo‘lib, ulardan biri qamoqqa olingan.

Voqea 15 sentabr kuni Chirchiq shahar 9-kichik nohiya hududida ro‘y bergan. Harbiylar Kapitalbank’ka tegishli ikkita bankomatni buzishga uringan. O‘g‘rilikka urinish 20 sentabr kuni aniqlangan.

“KAPITALBANK” boshqarma boshlig‘i Denis Koxayev Kun.uz’ga bankning Mirzo Ulug‘bek filiali rahbari sodir etilgan jinoyat bo‘yicha 24 sentabr kuni Chirchiq shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilganini ma’lum qildi.

Denis Koxayev, “KAPITALBANK” boshqarma boshlig‘i Foto: Kun.uz

“Bankimizning Chirchiq shahrida joylashgan bankomatlarida noma’lum shaxslar tomonidan buzishga urinish qayd etildi. Agar zarar haqida gapiradigan bo‘lsam, bankomatlar old qismining ba’zi joylariga shikast yetkazilgan. Lekin ularning ichidagi naqd ko‘rinishdagi pullarni olishni uddalay olmaganlar”, deydi u.

Ro‘y bergan voqea yuzasidan Chirchiq shahar ichki ishlar bo‘limi tomonidan jinoyat ishi ochilgan. Aniqlanishicha, ushbu jinoyat 3 nafar harbiy xizmatchi tomonidan sodir etilgan, bugunga kelib ularning shaxsi aniqlangan.

“KAPITALBANK” bankomati Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Kun.uz so‘roviga javoban holat bo‘yicha 26 sentabr kuni Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),169-moddasi (O‘g‘rilik) 2-qismi «v» bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi 27 sentabr kuni Chirchiq shahar prokuraturasi ish yurituviga qabul qilingan.

“Olib borilgan tergov harakatlari davomida ushbu jinoyat shartnoma asosidagi 3 nafar harbiy xizmat oddiy askarlari tomonidan sodir etilganligi aniqlangan. Jinoyat ishi tergovi davomida 3 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb qilinib, 1 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Chirchiq harbiy prokuraturasi tomonidan hozir dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda”, deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotda. Ma’lum qilinishicha, ushbu jinoyatga qo‘l urgan shaxslar IIV Qorovul qo‘shinlari xizmatchilari bo‘lgan.

Mavzuga oid