Kelajak velosipedlarniki. Bizga musaffo va sog‘lom shaharlar kerak
Elektrobus, tramvay, metro va albatta velosiped – eng ilg‘or jamiyatlar qurayotgan shaharlarning asosiy transportlari. Toshkent shahri bosh rejasi tasdiqlanish arafasida ekan, prioritetlar to‘g‘ri qo‘yilishi shart. Poytaxtimiz velosipedchilar shahriga aylansin, toki 30 yildan keyin avlodlar yana hammasini boshqatdan boshlashga majbur bo‘lmasin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozir dunyo miqyosida faol foydalanilayotgan velosipedlar soni 2 milliarddan oshadi. 2050 yilgacha bu raqam 5 milliarddan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
Eng ko‘p velosiped ishqibozlari Niderlandiyada yashaydi, u yerda aholining 99,1 foizi, ya’ni 16 mln 500 ming nafari shu transportdan foydalanadi. Daniyada esa 80,1 foiz, Germaniyada 75,8 foiz, Shvetsiyada 63,7 foiz aholi velosiped minadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, kuniga 30 daqiqa piyoda yurish yoki 20 daqiqa velosiped haydash o‘lim xavfini kamida 10 foizga kamaytiradi.
Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joylashgan YMCA nomli butunjahon yoshlar tashkiloti tadqiqotlariga ko‘ra, jismoniy faol turmush tarziga ega, ayniqsa, velosport bilan shug‘ullanuvchi odamlar boshqalarga qaraganda 32 foiz sog‘lomroq bo‘ladi.
Velosipedchilar 46 foiz holatda yurak-qon tomir kasalligiga uchramaydi
Velosiped haydash faol jismoniy mashg‘ulot turi sanalgani uchun yurak faoliyati va qon aylanishini yaxshilashga yordam beradi. 2017 yilda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, ishga velosipedda boradigan odamlarda yurak-qon tomir kasalliklarining rivojlanish ehtimoli 46 foizga, aynan shu kasallikdan o‘lish xavfi esa 52 foizga kam bo‘ladi.
Shuningdek, bu tadqiqot natijalaridan ko‘rinishicha, velosipedchilar orasida 2-toifa diabet hamda saraton bilan bog‘liq kasalliklar yuzaga kelishi ehtimoli 30 foizga pastdir.
Qolaversa, bu mashg‘ulot yuqori qon bosimi kasalligi, ya’ni gipertoniyani davolashda ham yordam beradi. Shu kasallik bilan og‘rigan insonlar velosiped haydab, 3 oy davomida qon bosimini 4,3 foizga, 6 oydan keyin esa 11,8 foizga tushirib olishlari mumkin.
Bundan tashqari, haftasiga har kuni 24-35 daqiqa velosiped haydash o‘pkaning jismoniy holatini sezilarli darajada yaxshilaydi. So‘nggi yillardagi pandemiyani hisobga olsak, o‘pkaning sog‘lom bo‘lishi va uni turli kasalliklardan saqlash muhim. Jismoniy faollik, xususan, velosiped haydash immunitetni oshirib, SARS-COV-2 kabi infeksiyalardan himoya qilishi mumkin.
Velosipedda soatiga 300 kaloriya sarflash mumkin
Albatta, ortiqcha vazn bilan kurashish yoki uning doimiy balansini saqlash uchun to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik zarur.
JSSTning 2022 yilgi Yevropa mintaqaviy semizlik hisobotiga ko‘ra, kattalarning deyarli uchdan ikki qismi va har 3 boladan 1 nafari ortiqcha vaznga ega. Afsuski, ayni vaqt bu muammo ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Jismoniy harakatsizlik va semirish 77 foiz holatda yuqumli bo‘lmagan turli kasalliklarni orttirishga, 86 foiz holatda esa o‘limga sabab bo‘lyapti.
Bu muammoga ham velosiped yaxshi yechim bo‘la oladi. Boisi, unda yurish organizmdagi metabolizm (moddalar almashinuvi)ni tezlashtiradi, tanadagi yog‘ni kamaytirib, uning o‘rnini muskul egallashiga xizmat qiladi. Odamlar velosipedda tanasiga qarab soatiga o‘rtacha 300 kaloriya sarflashi mumkin. Agar tezlik oshirilsa, qisqa vaqt ichida yanayam ko‘proq kaloriya ketkazish va yog‘larni tezroq “eritish”ga ham erishiladi.
Jismoniy faollik ruhiy salomatlikka ijobiy ta’sir qiladi
2010 yillarda jismoniy harakat ruhiy salomatlikka qanchalik ijobiy ta’sir qilishi muhokama markazida bo‘lib kelgan. Shunga aniqlik kiritish maqsadida 2011-2015 yillar davomida AQShda 18 va undan kattaroq yoshdagi bir mln nafardan ortiq insonlarning salomatligi haqidagi ma’lumotlar tahlil qilingan. Unga ko‘ra, insonlarning ruhiy holati yoshi, jinsi, oilaviy sharoiti, daromadi va yana bir qator omillarga ham bog‘liq, ammo jismoniy harakati yuqori bo‘lganlar boshqalarga qaraganda ancha xotirjamroq bo‘lishi aytilgan. Demak, umuman olganda, odamlarning ruhiy hayotida ham jismoniy tarbiya ahamiyatli hisoblanadi.
Depressiya va stressdan forig‘ bo‘lishni istaganlarga asosan velosipedda yurish ham tavsiya etiladi. Boisi, toza havoda aylanish, atrofga qarash, tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lish inson ruhini birmuncha tinchlantiradi.
Cho‘ntakka ham foyda
Velosiped avtomobilga qaraganda ancha arzon transport vositasi hisoblanadi. Bugungi kunda velosiped yordamida nafaqat yaqin masofalarga kundalik yumushlarni bajarish uchun, balki uzoq sayohatlarga ham borish mumkin.
2011 yilda Viskonsin universiteti tomonidan g‘arbdagi 11 ta shaharda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, agar odamlar to‘rt oy davomida qisqa (40 km dan kam bo‘lgan) masofalarga ham velosipedda borishsa, yiliga 1 100 ta o‘lim holatining oldi olinib, 7 mlrd 300 mln dollardan ortiq sog‘liqni saqlash xarajatlari tejaladi.
Ayni vaqtda nafaqat velosanoat, balki velosiped bilan bog‘liq kasblar ham rivojlanib bormoqda. Buni birgina Yevropa misolida ham olish mumkin. Boisi, qit’ada bir yarim million nafardan ortiq odam aynan velosipedda yoki shu transport bilan bog‘liq faoliyat turlarida, misol uchun, velokurer, mobil velo kir yuvuvchi, velosipedda mebel tashuvchi bo‘lib ishlaydi. Bu orqali esa fuqarolar o‘zini o‘zi band qilib, daromad topish hamda soliq to‘lab, mamlakat budjetiga ham foyda keltirish imkoniyatiga ega.
Shu sababli Yevropa velosipedchilar federatsiyasi transport uchun ajratiladigan budjet mablag‘larining 10 foizini yo‘l infratuzilmasiga ajratishi kerak, deb hisoblaydi. Boisi, bu bilan sog‘liqni saqlash va yoqilg‘i xarajatlarini tejash, uglerod chiqindilarini kamaytirish, qolaversa, velosanoatda ish o‘rinlarini ko‘paytirish va Yevropaga 205 mlrd dollar iqtisodiy foyda keltirish mumkin.
Toshkent uchinchi dunyo shahriga aylanib qolmasligi shart
Hozirda havo ifloslanishi ham global muammolardan biri bo‘lib turibdi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda butun dunyo aholisining 99 foizi ifloslangan havodan nafas oladi, buning oqibatida esa har yili 7 mln nafar odam hayotni erta tark etadi.
Albatta, bu holat O‘zbekistonni ham cheklab o‘tgan emas. Kuni kecha Toshkent yana dunyo bo‘yicha havosi eng iflos shahar maqomini oldi. “O‘zgidromet”ga ko‘ra, bunda tabiiy sabablar (harorat inversiyasi) bilan birga, antropogen omillar ham ro‘y o‘ynagan: shaharda daraxtlar kesilib, yo‘llardagi tirbandliklar va qurilishlar ko‘payib boryapti.
Ifloslangan havoning salomatlikka ta’siri, insonlar buning uchun sog‘liklari va umrlari bilan to‘lov qilishlari – hammaga ma’lum, allaqachon odamlar o‘z tanasida sezayotgan voqelikka aylanib ulgurdi. Shunday ekan, Toshkentda yashillikni ko‘paytirish, zamonaviy texnologiyalar orqali zavod-fabrikalarning havoni ifloslantirishini kamaytirish kabi choralar qatorida albatta shaharda avtomobillar sonini pasaytirishga ham e’tibor berilishi lozim.
Bu esa birinchi navbatda sifatli jamoat transporti tizimini yaratish (ekologik toza elektrobuslar va tramvaylar hisobiga) va velosipeddan foydalanishni rag‘batlantirish uchun kardinal o‘zgarishlarni taqozo qiladi.
Oxirgi yillarda Toshkentda veloyo‘laklar paydo bo‘la boshlagani yaxshi albatta, lekin qurilayotgan yo‘laklarning sifati juda katta savol ostida. Qolaversa, velosipedchilarning xavfsizligi mutlaqo ta’minlanmagan – shahar markazidagi ayrim joylarni aytmaganda, qolgan joylarda velosipedda yurish bilan odam o‘z hayotini katta xavf ostiga qo‘ygan bo‘ladi.
Toshkent shahar hokimligining Kun.uz'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, hozirgi kunda Toshkentda 165,1 km velosiped yo‘laklari, 182,2 km piyodalar yo‘laklari barpo etilgan. 2022 yilda yana 63 km velosiped yo‘laklari va 120 km piyodalar yo‘laklarini tashkil etish belgilangan.
Shahardagi yap-yangi veloyo‘laklardan nega odamlar foydalanmayotgani, ularni loyihalashtirish va qurishdagi qo‘pol xatolar – alohida katta mavzu. Bu haqda keyingi maqolalarimizda so‘z yuritamiz.
Hozir esa shuni aytishni istardikki, O‘zbekistondagi shaharlarni qurish va rejalashtirishda insonlar hayoti va salomatligi eng birinchi o‘ringa qo‘yilishi kerak. Sog‘lom shahar hayotini esa velosipedlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Dilshoda Shomirzayeva,
jurnalist
Mavzuga oid
17:02 / 22.11.2024
Toshkentda 4 mln dona pirotexnika buyumlari yo‘q qilindi
15:28 / 22.11.2024
Svetoforning qizil chirog‘ida harakatlangan Malibu piyodani urib yuborishiga oz qoldi
21:43 / 21.11.2024
Toshkentda pod’yezdda qoldirilgan velosiped va kolyaskalar PPX tomonidan olib ketilmoqda
19:18 / 21.11.2024