Prezident energiya resurslaridan foydalanishda isrofga yo‘l qo‘ymaslik zarurati haqida gapirdi
Energiya ta’minoti bo‘yicha ishlar holati ko‘rib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarining barqaror ishlashini ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Ma’lumki, joriy yil 23 sentabrda bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan. Har bir viloyat, tuman va yo‘nalishlar kesimida alohida reja-jadvallar va chora-tadbirlar ishlab chiqilib, manbalari belgilangan.
Yig‘ilishda energetika vaziri va viloyat hokimlari shu borada bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.
Qayd etilganidek, aholini, avvalo, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun IV chorakda 21 milliard kilovatt soat, kelgusi yil boshida qariyb 22 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholiga 10 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi belgilangan.
Davlat rahbari bu jarayonda isrofga yo‘l qo‘ymaslik uchun gaz quduqlaridan iste’molchigacha bo‘lgan tizimni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Tabiiy gaz tarmog‘idan uzoqdagi qishloq va ovullar, ijtimoiy obektlarga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib beriladi. Prezident qaysi hududga yana qo‘shimcha zaxira kerak bo‘lsa, ta’minlab berilishini ta’kidladi.
«Barcha tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada mas’uliyatini ikki karra oshirib, aholini rozi qilishi, hech bir murojaatni e’tiborsiz qoldirmasdan, tezkor hal etishi lozim», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Energetika vazirligiga aholining energiya manbalari bilan ta’minlanganlik holatini real vaqt tartibida muntazam nazorat qilib borish topshirildi. Yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda «koll-markaz»lar va hududiy ishchi guruhlar faoliyati muhim ekani qayd etildi.
Energiya manbalarini iqtisod qilish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Dunyoda energetika sohasida ro‘y berayotgan muammolar mintaqamizga ham ta’sir ko‘rsatayotgani, bunday vaziyatda tejamkorlik dolzarb ekani qayd etildi. Shu bois barcha muassasalarda energiya tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, odamlarning bu borada daxldorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklarining barqarorligini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Kreditlar evaziga ishga tushirilgan loyihalarni to‘liq quvvatga olib chiqib, ularning muddati o‘tgan qarzdorligini kamaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Mavzuga oid
15:52 / 13.11.2024
O‘zbekistonda Global ekologik fond donorlari yig‘ilishi o‘tkazilishi mumkin
15:29 / 13.11.2024
O‘zbekiston prezidenti Chexiya bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
14:37 / 13.11.2024
Shavkat Mirziyoyev Bokuda Ilhom Aliyev bilan uchrashdi
13:50 / 13.11.2024