Jahon | 09:43 / 26.10.2022
11400
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiya Mikolayivdagi suv ta’minotida diversiya sodir etgan

BBC jurnalistlari sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ijtimoiy tarmoqlardagi fotosuratlarni tahlil qilib, Rossiya Qurolli kuchlari harbiylari Mikolayivdagi suv ta’minotini ataylab ishdan chiqargan degan xulosaga kelishdi. Mutaxassislar buni xalqaro gumanitar huquqning buzilishi, deb hisoblamoqda.

Foto: AP

Rossiya harbiylari Ukraina janubidagi Mikolayivni suv bilan ta’minlaydigan yagona quvurga ataylab zarar yetkazgan. Britaniyaning BBC korporatsiyasi jurnalistlari sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar va ijtimoiy tarmoqlardan olingan fotosuratlarni tahlil qilib, shunday xulosaga kelishdi. Korporatsiya 25 oktyabr, seshanba kuni surishtiruvdan parchalarni e’lon qildi.

Manbaga ko‘ra, quvurning suv yuzasiga chiqqan joyidagi shikastlanishi 12 aprel kuni sodir bo‘lgan, sizib chiqish 8 soatga yaqin davom etgan, 40 million litr suv atrofni bosib ketgan.

BBC 26 aprel kuni Maxar Technologies kompaniyasidan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini qo‘lga kiritdi, ularda Rossiya qo‘shinlari va kamida to‘rtta tank vayron qilingan joy yaqinida joylashgani ko‘rsatilgan. Mikolayiv viloyati davlat ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim jurnalistlarga hudud RF Qurolli kuchlari nazorati ostida ekanligini tasdiqladi. Xerson viloyati harbiy ma’muriyati boshlig‘i lavozimini tark etishga majbur bo‘lgan Dmitriy Butriy, o‘z navbatida, jurnalistlarga Mikolayiv ma’muriyati quvurni ta’mirlash bo‘yicha Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borganini aytdi, ammo okkupatsion kuchlar «obektni ta’mirlash guruhiga ruxsat bermadi».

Mikolayivda BBC tomonidan olingan suratlar quvur boshqa joyda kesilganini, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda unga tutash hudud Rossiya kuchlari nazorati ostida bo‘lganini ko‘rsatadi.

Britaniya armiyasida artilleriyachi sifatida 20 yildan ortiq xizmat qilgan va Iroqda BMT qurol inspektori sifatida uch yil ishlagan Kris Kobb Smit vayronagarchilik tasodifiy snaryad zarbasi natijasida sodir bo‘lgani ehtimolini «juda past» deb atadi. Bundan tashqari, «qasddan bilvosita zarba» sodir bo‘lganligi «ehtimoli juda kam». Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, vayronagarchilik portlovchi moddalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri quvur ostiga yoki uning ustiga, eng zaif joyga ataylab joylashtirish natijasida sodir bo‘lgan. Xavfsizlik bo‘yicha yana bir britaniyalik ekspert Maykl Uilan ham portlovchi moddalardan foydalanish borasida shunday xulosaga kelgan.

Jurnalistlar bilan suhbatlashgan BMT ekspertining ta’kidlashicha, Mikolayivdagi suv quvuri xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq, «tinch aholining omon qolishi uchun zarur bo‘lgan obektlar»ning alohida muhofaza qilinadigan toifasiga kiradi va bu unga qarshi har qanday sabotajni noqonuniy ishga aylantiradi.

Rossiyaning keng miqyosli bosqinidan keyin sodir bo‘lgan gumanitar huquqbuzarliklar to‘g‘risida hisobot berish bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) Moskva mexanizmi missiyasi a’zosi bo‘lgan Jyeneva universiteti xalqaro gumanitar huquq professori Marko Sassoli ham shunday fikrga qo‘shildi. Unga ko‘ra, bu «albatta, xalqaro gumanitar huquqning buzilishidan dalolat beradi». «Tinch aholining yashashi uchun zarur bo‘lgan obektlarni yo‘q qilish taqiqlanadi», — dedi u.

Rossiya Mudofaa vazirligi jurnalistlarning izoh berish so‘roviga javob qaytarmadi.

Mikolayiv hozirda Ukraina nazoratida. U front chizig‘iga yaqin joylashgan va muntazam ravishda o‘qqa tutiladi. Olti oydirki, shahar aholisi muntazam toza ichimlik suvisiz qolmoqda. Jurnalistlar bilan suhbatlashgan guvohlarning aytishicha, odamlar otishmalar tufayli ichimlik suvi uchun navbatda turishdan qo‘rqyapti.

Mavzuga oid