O‘zbekiston | 14:41 / 28.10.2022
20711
5 daqiqa o‘qiladi

Transport vaziri tramvay haqidagi savolga javob berdi

Poytaxt bosh rejasi mualliflari shaharga tramvayni qaytarmoqchi emas. Ilhom Mahkamov esa Toshkentda tramvay bo‘lmasligi haqida hali qaror qabul qilinmaganini aytdi.

Foto: plov.press

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz muxbirining Toshkentdagi tirbandliklar va shaharga tramvayni qaytarish haqidagi savollariga javob berdi.

“Bugungi kundagi tirbandliklarga ahamiyat bersak, Toshkent shahrining o‘zida tirbandliklar 9-10 ballgacha chiqib ketmoqda. Lekin Navoiy, Farg‘ona yo‘li ko‘chalarining rekonstruksiyasidan kelib chiqsak, Sebzor chorrahalarini inobatga olsak, u yerda tirbandlik bo‘lgani bilan, avtomobillar bir joyda turib qolgani yo‘q. Ular to‘xtovsiz yurish rejimida.

Mana shu ko‘chalar rekonstruksiyasi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasini ishlab chiqayotgan loyiha ofisi hamda xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda loyihalashtirilgan edi.

Endigi maqsadimiz – shahar hokimi bilan birga Toshkent shahrining barcha chorraha va ko‘chalarini aynan shu loyiha asosida tashkil qilishdir”, – dedi vazir.

Xo‘sh, bu rejalar orasida Toshkentga tramvayni qaytarish ham ko‘zda tutilmoqdami?

“Prezidentimizga Toshkent shahri bosh rejasining dastlabki ko‘rinishi taqdim etildi. Ayni vaqt uning ustida ishlash, so‘nggi bosqich va tasdiqlash jarayonlarigacha olib borish ketmoqda.

Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimiyati qoshida loyiha ofisi tashkil topgan edi. Poytaxtning bosh rejasi mana shu ofis bilan birga mukammal ravishda ishlab chiqilgan. Toshkentda tramvay bo‘lmaydi degan qaror hali qabul qilingan emas. 2030-2040 yilgacha metropolitenni rivojlantirish, tramvay yo‘nalishlarimiz qayerda bo‘lishi – umuman bu kabi masalalar xalqaro konsultantlar, loyiha ofisi bilan birga mazkur bosh reja oxiriga yetkazilib, tasdiqlangungacha bo‘lgan vaqtgacha birgalikda ishlanadi.

Bitta narsani aytishim lozim, bosh reja, tramvay qo‘yish, metropolitenni rivojlantirish masalalari alohida ketayotgani yo‘q. Bularning barchasi uyg‘un holda bitta jamoa bilan birga ishlab chiqilmoqda”, – dedi Ilhom Mahkamov Turkiy davlatlar tashkiloti transport vazirlari majlisi doirasida Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentga tramvayni qaytarish niyati borligi haqida shu yil fevral oyida prezident Shavkat Mirziyoyev aytgan edi.

Iyul oyida Tbilisi shahri merining Toshkentga tashrifi vaqtida gruzin shoiri Shota Rustaveli nomiga atab qo‘yilgan ko‘chada tramvay harakatini tiklash rejasi borligi aytilgandi.

O‘sha oyda shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev shahar kengashidagi chiqishida ham tramvay haqida gapirib, Toshkent shahrida zamonaviy ovozsiz tramvayni ishga tushirish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini avgust oyida ishlab chiqish reja qilinganini aytgandi.

Jo‘rayevga ko‘ra, tramvaylar Chilonzor buyum bozoridan Shimoliy vokzal orqali TTZ mavzesigacha borishiga oid ehtimoliy marshrut muhokamada ekanini bildirib, shahar uchun ortiqcha shovqinsiz harakatlanadigan tramvaylar sotib olinishini ta’kidlagandi.

18 oktyabr kuni Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi prezidentga taqdim etildi. Loyihadan tramvayni qaytarishga oid rejalar o‘rin olmagan.

Loyiha mualliflari “narxi qimmatligi bois” tramvay tarmog‘ini emas, balki yuqori tezlikda harakatlanuvchi avtobus uchun ajratilgan yo‘laklar qurishni taklif qilishgan.

Jamoat transport turlarini rivojlantirish qiymati yuzasidan Toshkent shahrining bosh rejasi mualliflarining hisob-kitoblari

Hisob-kitoblarda 1 dona tramvayning narxi 2,5 mln yevro, 1 km tramvay yo‘lining narxi esa 12 mln yevro deb olingan. Lekin, iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, oxirgi marta Chexiyadan sotib olingan Vario LF tramvaylarining har biri kafolatli muddati bilan 1 million dollardan tushgan edi.

“Agar har bir km tramvay yo‘li 12 mln yevrodan tushsa, demak, 2008-2016 yillarda bir necha milliard dollar havoga sovurilgan ekan-da.

Rasmiylarning o‘zaro uzviy bo‘lmagan munosabatlaridan shunday xulosaga kelsa bo‘ladiki, Toshkentga tramvayni qaytarish bo‘yicha xohishlar samimiy emas”, deya xulosa qilgan iqtisodchi.

Mavzuga oid