Iqtisodiyot | 11:57 / 31.10.2022
56601
13 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning «qarz qopqoni diplomatiyasi». Bu Markaziy Osiyo uchun qanchalik xatarli?

Xitoy infratuzilma investitsiyasi uchun chanqoq bo‘lgan rivojlanayotgan va kambag‘al davlatlarga katta miqdorda kreditlar ajratib keladi. G‘arb mamlakatlari esa rasmiy Pekinni past daromadli davlatlarga bergan kreditlari ortidan ularning strategik aktivlari va tabiiy resurslari ustidan hukmronlik qilishga urinishda ayblaydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ham Xitoyning «qarz qopqoni»ga tushib qolishi mumkinmi?

Foto: Kun.uz

Joriy yil avgust oyida Shveytsariyada Misr va Xitoy vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda Misr hukumati Xitoydan olgan 8 mlrd dollarlik qarzni mamlakat portlari va aeroportlaridagi strategik aktivlarga almashtirish imkoniyatini muhokama qilgan. Shuningdek, Misr delegatsiyasi 10 mlrd dollarlik boshqa muhim aktivlarni ham taklif qilgan.

Jahon bankining iyul oyi boshida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, Misrning tashqi qarzi taxminan 158 milliard dollarni tashkil qiladi. Xuddi shu hisobotda keltirilishicha, rasmiy Qohira bir yil ichida 33 milliard dollarlik tashqi qarz majburiyatini bajarishi kerak.

Xitoy kreditlari haqida gap ketganda ko‘pincha uning atrofida turli mish-mishlar ham tilga olinadi. Boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan farqli ravishda Xitoy beradigan qarz va ularning foiz stavkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘liq oshkor etilmaydi. Qarz oluvchi davlatga turli demokratik islohotlar o‘tkazish, inson huquqlarini ta’minlash kabi shartlarni ham qo‘ymaydi.

O‘z navbatida, Xitoy hukumati keng ko‘lamli investitsiya loyihalaridan g‘arazli maqsadlar ko‘zlanganini inkor etib keladi. G‘arb siyosatchilari va tanqidchilar esa rasmiy Pekinni «qarz qopqoni diplomatiyasi»dan foydalanib, rivojlanayotgan va kambag‘al davlatlardagi strategik aktivlar va tabiiy resurslar ustidan hukmronlik qilishga urinishda ayblaydi.   

Yashirin qarz beruvchi

Parij klubi qarzdor va qarz beruvchi davlat orasidagi muammolarni hal etishga ixtisoslashgan bo‘lsa, London klubi qarzdor davlatlar va ularga qarz beruvchi xususiy shirkatlar (yoki banklar) o‘rtasidagi aloqalarni boshqaradi. Bu klublarga a’zo davlatlar qarzdor davlat qarzi oshib ketadigan taqdirda ma’lum darajada qarz berishni to‘xtatadi va sog‘lomlashtirish choralarini (qarzni kechib yuborish yoki muddatini uzaytirish kabi) ko‘radi.

Xitoy bu klublarga a’zo emas va aynan shu tufayli ham ma’lum bir mamlakatga qarz berayotganida uning boshqa davlatlardan qancha qarzi borligiga qaramaydi va hisoblashmaydi.  

Shuningdek, Xitoy uzoq va qisqa muddatli tijorat kredit oqimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etuvchi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) guruhiga kirmaydi. Shu jihatdan, Xitoyning xalqaro kredit hujjatlari haqida to‘liq ma’lumot olish imkoniyati mavjud emas.

Xavotirli belgilar

AQShdagi Global rivojlanish markazi tadqiqotlariga ko‘ra, Shri-Lanka, Qirg‘iziston, Jibuti, Maldiv orollari, Laos, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Chernogoriya, Angola va Tojikiston kabi mamlakatlar Xitoyning «qarz qopqoni»ga tushishgan. Ushbu qarzdor davlatlar moliyaviy muammolarga duch kelganida, ularning strategik obektlari olib qo‘yilishi mumkinligi istisno qilinmaydi.

Shri-Lanka

Xitoy Shri-Lankaning eng yirik kreditori hisoblanib, mamlakat umumiy tashqi qarzining qariyb 10 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, 2000 yildan 2020 yilgacha rasmiy Pekin Shri-Lankaga 12 milliard dollarga yaqin kredit ajratgan va ularning asosiy qismi infratuzilma loyihalari qurishga sarflangan. Xususan, Hambantota porti ana shunday sarmoyaviy loyihalardan biri hisoblanib, China Merchant Port Holdings Limited kompaniyasiga port aksiyalarining 70 foizi 1,12 milliard dollar evaziga 99 yilga ijaraga berishga majbur qilingan. Hind okeanida joylashgan ushbu mamlakat uchun hashamatli tovarlar va ziravorlar savdosi asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi. Hambantota porti esa tashqi savdo aloqalarda juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xitoyning Shri-Lankadagi iqtisodiy ishtiroki so‘nggi o‘n yil ichida sezilarli darajada o‘sgan va bundan mintaqadagi siyosiy ambitsiyalarini ilgari surish uchun foydalanish ehtimollari mavjud.

Qirg‘iziston

Xitoy Qirg‘izistonning eng katta kreditori hisoblanadi. Bu qo‘shni respublikaning xorijiy kreditlari bo‘yicha majburiyatlarining 45 foizini (1,5 mlrd dollardan ortiq) tashkil etadi. So‘nggi o‘n yil ichida Xitoy Qirg‘izistonga kreditlar berishni oshirdi va bir qator yirik infratuzilma loyihalariga mablag‘ ajratdi.

Xitoy mamlakatdagi energetika loyihalariga qariyb 1 milliard dollar sarmoya kiritgan va Qirg‘izistonni kelajakda Janubiy Osiyo mintaqasiga energiya resurslari yetkazib beruvchiga aylantirish reja qilingan. Bu rasmiy Bishkek «qarz tuzog‘i»ga tushib qolishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

2021 yil mart oyida, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, agar rasmiy Bishkek XXR oldidagi tashqi qarzini to‘lamasa, mamlakatdagi ba’zi muhim obektlar Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkinligini istisno qilmagandi.

Qirg‘iziston rahbari Xitoy nazorati ostiga o‘tishi mumkin bo‘lgan inshootlar sifatida mamlakat shimolidagi eng yirik elektr inshooti – Bishkek issiqlik elektr stansiyasi, Datka-Kemin elektr uzatish liniyasi, shuningdek, respublikaning shimoli va janubidagi birlashtiruvchi yo‘lni aytib o‘tgan.

Mahalliy aholi noroziliklaridan so‘ng Xitoyning One Lead One (HK) Trading Limited kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan qo‘shma korxona Qirg‘izistonda logistika markazi qurishga qaratilgan 280 million dollarlik loyihadan voz kechadi.

Maldiv orollari

Ushbu mamlakatda Xitoy uch yirik sarmoyaviy loyihada ishtirok etmoqda:

  • qiymati 830 million dollarga yaqin turadigan xalqaro aeroportni modernizatsiya qilish; 
  • qiymati qariyb 400 million dollar bo‘lgan turar joy massivi va aeroport yaqinida ko‘prik qurilishi; 
  • asosiy portni ko‘chirish.

Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat tashqi qarzi 2022 yilning 1-choragi yakuniga ko‘ra, 6,39 milliard dollarga yetgan. Bu YaIMning 113 foizini tashkil qiladi. Qayd etilishicha, Maldiv orollari tashqi qarzining 50 foizdan ortig‘i Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu mamlakatda rasmiy Pekin Xitoy, Yaqin Sharq va Yevropa o‘rtasidagi asosiy yuk tashish yo‘liga tutashgan 859 kvadrat kilometrga yaqin eksklyuziv iqtisodiy zonaga da’vo qiladi.

Laos

Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lgan Laosda ham «Bir makon, bir yo‘l»ga oid bir qator infratuzilma loyihalari mavjud. Ulardan eng yirigi 6,7 milliard dollarlik Xitoy-Laos temiryo‘li bo‘lib, qiymati mamlakat yalpi ichki mahsulotining deyarli yarmini tashkil qiladi. XVF mazkur loyiha Laosning qarzlarini to‘lash qobiliyatiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirish bilan ham chiqqan.

AidData Lab ma’lumotlariga ko‘ra, Laosning Xitoydan olgan davlat qarzining umumiy qiymati taxminan 12,2 milliard dollarni tashkil etadi, bu Jahon banki hisob-kitoblaridan ancha yuqori.

Mutaxassislar Pekinning global kengayishi va infratuzilmaga asoslangan tashqi siyosati Laos kabi kambag‘al davlatlarning «qarz tuzog‘i»ga tushib qolish xavfini kuchaytirishini ta’kidlab kelishadi.

Pokiston

Pokiston «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining asosiy loyihasi bo‘lgan Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorida (CPEC) ishtirok etmoqda. CPECʼning umumiy qiymati 62 mlrd dollarga baholangan bo‘lib, uning 80 foizini Xitoy moliyalashtiradi. Xitoy tomonidan taklif qilingan nisbatan yuqori foiz stavkali kreditlar esa Pokistonning qarzdorlik xavfini oshiradi.

Tojikiston

Bir necha yildan beri xitoylik tarixchilar Tojikiston hududining ayrim qismlari Xitoyga tegishli ekanini iddao qilib kelishadi. 2011 yil Tojikiston katta miqdordagi imtiyozli shartlardagi kreditlar evaziga Xitoyga Tog‘li Badaxshondan 1,1 ming kv km tabiiy boyliklarga boy hududni berib yuboradi. Bu mamlakat hududining 0,8 foizini tashkil qilgan.

2022 yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikiston umumiy tashqi qarzi 3,3 milliard dollarni tashkil etib, uning 1,98 milliard dollari Xitoy Eksimbankidan jalb qilingan.

Tojikistonda deyarli barcha oltin (84 foiz) tojik-xitoy qo‘shma korxonalarida qazib olinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Tojikistondagi oltin konlarining yarmidan ko‘prog‘i Xitoy kompaniyalarga tegishli. Jumladan, Yuqori Qumarig oltin koni Xitoy kompaniyalariga o‘zlashtirish uchun berilgan.

Bundan tashqari, Xitoy Eksimbanki va Mo‘g‘uliston hukumati o‘rtasida yirik avtomobil yo‘li va gidroelektrstansiyasi qurilishini moliyalashtirish bo‘yicha taxminiy qiymati 1 milliard dollarni tashkil qiluvchi shartnoma imzolangan

Shuningdek, Xitoy Chernogoriyaning Bar shahrini Serbiya bilan bog‘laydigan magistral yo‘l qurilishining 85 foizini ham moliyalashtiradi. Loyihaning taxminiy qiymati 1,1 milliard dollarni tashkil qiladi.

Xitoydan katta miqdorda qarzi bor mamlakatlardan yana biri Jibuti hisoblanadi. Xitoy tomoni bilan hamkorlikda amalga oshirilgan 3,5 milliard dollarlik Jibuti xalqaro erkin savdo zonasi loyihasi va boshqa bir qancha loyihalar ortidan mamlakat tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 50 foizdan 85 foizgacha oshgan. Buning ortidan esa o‘zining harbiy bazalaridan birini yiliga atigi 20 million dollarga Xitoyga ijaraga berishga majbur bo‘ladi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ham qarz qopqoniga tushishi mumkinmi?

Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan yaqin savdo-iqtisodiy aloqalarni, jumladan, imtiyozli kreditlar berishni davom ettirmoqda.

Yuqorida keltirib o‘tilganidek, Xitoyning Qirg‘iziston va Tojikiston tashqi qarzidagi ulushi 2020 yilda mos ravishda 45 va 52 foizni tashkil etgan. Bu ularning yalpi ichki mahsulotining 20 foizdan ortiq ekvivalentiga to‘g‘ri keladi.

Markaziy Osiyo respublikalari davlat qarzining 2027 yilgacha YaIMga nisbatan shakllanish prognozi

2011 yilda Xitoy Taraqqiyot banki tomonidan Turkmanistondagi loyihalar uchun 8,1 milliard dollar kredit ajratilgani haqida ma’lumot berilgan. Turkmaniston tomoni ushbu qarzlar to‘liq to‘langanini xabar qilgan, ammo shartnomalardagi maxfiylik tufayli bu pullar qanday ko‘rinishda qaytarilgani ochiqlanmagan. Ba’zi manbalarda keltirilishicha, Xitoy tomonidan qurilgan infratuzilmalar Turkmaniston uchun ancha qimmatga tushgan va uning evaziga Xitoyga tekin yoki imtiyozli ko‘rinishda gaz yetkazib berilayotgan bo‘lishi mumkin. Xitoy turkman gazi uchun qancha miqdorda pul to‘layotganini bilish imkonsiz, bu raqamlar «tijorat siri» sifatida ommaga ma’lum qilinmaydi.

Qozog‘istonning tashqi qarzi mintaqaning boshqa mamlakatlariga nisbatan sezilarli darajada ko‘p. 2022 yilning 1 iyun holatiga bu ko‘rsatkich 164,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Ammo umumiy jalb qilingan tashqi qarzda Xitoyning ulushi 6,5-7 foizni tashkil etadi. 2021 yilning may oyida Qozog‘iston qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilib, mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi yerlarini xorijliklar va xorijiy kompaniyalarga sotish taqiqlandi. Bu o‘zgarish mamlakatda Xitoyga qarshi norozilik kayfiyati kuchaygani bilan ham izohlanadi.

O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bergan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning umumiy davlat qarzi 25,9 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 23,2 mlrd dollari – davlat tashqi qarzidir.

Joriy yilning 1 yanvar holatiga, O‘zbekiston davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi quyidagicha:

Ko‘rishimiz mumkinki, Xitoy Eksimbanki va Xitoy davlat taraqqiyot banki O‘zbekistonning asosiy kreditorlari qatoriga kiradi. Ushbu moliyaviy tashkilotlardan olingan qarz mablag‘lari O‘zbekiston umumiy davlat tashqi qarzining 17,7 foizini tashkil qilgan. Fitch Rating xalqaro reyting agentligi o‘zining oxirgi hisobotida O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bahosini BB- (barqaror kutilma) darajada tasdiqlagan. O‘zbekiston uchun xatarli holat sifatida, Qirg‘iziston va Tojikistonning Xitoyga nisbatan qarz qaramligi oshib borayotganini keltirish mumkin. Ushbu mamlakatlarda qurilgan va qurilayotgan ko‘plab strategik obektlar O‘zbekiston hayotiy manfaatlari uchun ham juda muhim ahamiyat kasb etadi.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid