O‘zbekiston | 18:47 / 01.11.2022
15684
4 daqiqa o‘qiladi

“Bor-yo‘g‘i uch foiz maktablarimizda qurol bor” – deputat Iqbol Mirzo

Deputat sobiq ittifoq hududida bo‘layotgan voqealar, qisman mobilizatsiya e’lon qilingach minglab odamlar vatanini tashlab ketayotgan fonida respublikadagi maktablarda yoshlarning harbiy tayyorgarligi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratgan.

Foto: Videodan kadr

1 noyabr kuni o‘tkazilgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shu jumladan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanini o‘qitishda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga Xalq ta’lim vaziri Baxtiyor Saidovning javobi muhokama qilindi.

Quyi palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Solihov parlament so‘roviga protsedura talablariga zid ravishda vazirning o‘zi emas, balki uning o‘rinbosari javob berganini tanqid qildi. Solihovga ko‘ra parlament so‘roviga qo‘yilgan savollarga XTV tomonidan to‘liq javob berilmagan. Faqatgina deputatlarning talabidan so‘ng xalq ta’limi vaziri tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilgan.

Yalpi majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi, muqaddam Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashiga rahbarlik qilgan deputat Iqbol Mirzo respublikadagi 3 foiz maktablardagina chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanida qurollardan foydalanib dars o‘tilishi, qolgan 97 foiz maktab o‘quvchilari bundan mosuvo ekanini ta’kidladi.

“Vatanning mudofaasi maktabdagi tarbiya bilan bog‘liq bo‘ladi. Maktablarimizda 5-6 yil oldingi sharoitlar juda yomon edi. Lekin hali ham juda keskin yaxshilangani yo‘q. Ayniqsa mutaxassis o‘qituvchilar yetishmasdi. O‘qituvchilarga oylik masalasida muammolar bor edi. Harbiy xizmatdan bo‘shagan yuqori toifali ofitserlarni dars jarayoniga jalb qilish juda ham to‘g‘ri yechim bo‘ldi. Chunki harbiy tajribasi bor odamlarning bevosita o‘quvchilar bilan muloqotlari, darslari boshqacharoq ta’sir ko‘rsatadi.

Bor-yo‘g‘i uch foiz maktablarimizda [o‘quv-mashg‘ulotlarida foydalaniladigan] qurollar bor. Mana shu sharoitda qo‘liga qurol ushlab ko‘rmagan bolada qanday qilib bu tuyg‘u paydo bo‘ladi. Biz o‘qigan paytlarda hamma maktablarda kamida o‘ntadan AKM avtomatlari bo‘lardi va buni qo‘limizda ushlab, zavqini tuyganmiz.

To‘g‘ri, keyingi paytlarda ba’zi bir mulohazalar bilan bu qurollar yig‘ishtirib olindi. Lekin mana shu masalada hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Hatto ba’zi bir maktablarimizda haligacha harbiy saf maydonlari ham yo‘q. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsam, bu masalaga jiddiy qarab, nazoratini yo‘lga qo‘yish kerak. Temur bobomizning: “Agar tinchlikni istasang, urushga tayyor tur” degan mashhur gaplari bor. Sobiq sho‘ro hududida bo‘layotgan voqealar, qisman mobilizatsiya e’lon qilingach vatanini tashlab ketayotgan yuz minglab odamlar, yigitlar bugungi masalaning jiddiy ekanini ko‘rsatyapti”, deya ta’kidlagan deputat.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 868-sonli qarorida maktablarda maxsus harbiy vatanparvarlik xonalari tashkil etilishi, 90 turdagi o‘quv ko‘rgazmali harbiy qurol va aslahalar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgandi.

Avvalroq Nurafshonda ichki ishlar mansabdorlari qismlarga ajratilgan o‘qotar qurolni yig‘a olmagani aks etgan videolar tarqalgandi.

Mavzuga oid