Jamiyat | 20:38 / 02.11.2022
23222
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yangi ta’mirdan chiqqan yo‘l nega cho‘kib ketdi?

Telegram'da poytaxtning Shayxontohur tumanidagi Samarqand darvoza hamda Qoratosh ko‘chalari kesishuvida yo‘l cho‘kkani, harakatlanish uchun xavf tug‘dirayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Kun.uz holatni joyiga borib o‘rgandi.

Shu yerda yashovchilar biz bilan suhbatda ko‘cha yoz faslidan buyon ta’mirlanishi, ammo bu jarayon hech oxiriga yetmayotgani, bundan esa odamlar va haydovchilar aziyat chekayotganini ta’kidladi.

Samarqand darvoza ko‘chasida yo‘l cho‘kkan holati

Ikki oydan beri ta’mirlashyapti. Asfalt qiladi, yana kovlaydi. Keyin cho‘kib ketdi. 20 kundan beri shu holatda turibdi. Asfalt cho‘kkandan keyin ham odamlar kelib, o‘rganishmadi va ishni oxiriga yetkazishmadi. Aslida bu yerda jamoat transportlari to‘xtar edi. Hozir to‘xtamay qo‘yishdi. Ancha joyga yurib boryapmiz. Kechga borib, mashinalar tirbandligi yuzaga keladi”, deydi yaqin joyda yashovchilardan biri.

Yo‘l cho‘kkani oqibatida ko‘chaning faqat bir qatori harakatlanish uchun qoldirilgan bo‘lib, bu harakatlanish tig‘iz bo‘lgan paytlarda tirbandliklarga sabab bo‘lishi shubhasiz.

“Biror falokat yuz berishini kutish kerakmi, shundagina harakat boshlanishi shartmi?” deya fikr bildirdi yo‘lovchilardan biri.

“Yo‘l cho‘kkan. Bekat bo‘lishiga qaramasdan, e’tibor berib tuzatadigan odamning o‘zi yo‘q. Mashinalar esa ko‘p. Menimcha, buni kanalizatsiya o‘tkazgan tashkilot qaytadan to‘g‘rilab qo‘yishi kerak edi. Ikkinchi masala, kanalizatsiya o‘tkazish kerak ekan, nega asfalt yotqizishdan avval qilinmagan? “Samarqand darvoza” ko‘chasida ham xuddi shu ishni qilishyapti.

Asfalt qilib, chiroyli holatga kelganda, boshqatdan kovlab, kanalizatsiya o‘tkazishyapti. Bu ishlar avvaldan rejalashtirilib qilinmaydimi? Xalqning qancha puli ketyapti bu yerda? Kechasi yoshi kattalar o‘tishi mumkin, nogironlar bor, qolaversa, mashinalar bilmasdan o‘tib qoladi. Bu YTH sodir bo‘lishiga chiroyli sharoit tayyorlab qo‘yganday gap.

Buni e’tiborsizlik deb hisoblayman. Mas’ul bo‘lgan shaxslar prezident yaratib berayotgan sharoitlarga teskari ishlarni amalga oshirmoqda”, deydi yo‘lovchilardan yana biri.

Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi mutasaddisi so‘rovimizga javoban Samarqand darvoza ko‘chasidagi yo‘llar ta’miri uchun javobgarlik tashkilot bo‘ynida emasligi, shahardagi ichki yo‘llar ta’miri mahalliy hokimliklar zimmasida ekanini ma’lum qildi. Shayxontohur tumani hokimligidan esa qo‘ng‘iroqlarimizga javob bo‘lmadi.

Biroq yo‘lovchilardan muammo haqida izoh olib turganimizda yo‘lsozlar kelib, yozdan buyon ta’mirlanmay turgan ko‘chani ta’mirlashni boshlab yuborishdi.

Ta’mirlash ishlari boshlangan jarayon

Tez orada yo‘l nima uchun cho‘kkaniga oydinlik kiritildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu hududda kanalizatsiya quvurlari yangilangan. Tabiiyki, ta’mirlash vaqtida yo‘l kovlanib, so‘ng qayta ko‘milgan. Bu ishlar lozim darajada bajarilmagani uchun keyinchalik bu yerda cho‘kma yuzaga kelgan.

Sherzod Usmonov, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi mutaxassisi

“Bu ishlar o‘tgan yili boshlangan va bu yil tugatiladi. Bu cho‘kma hosil bo‘lganiga ikki oycha bo‘lib qoldi. Ikkinchi ta’mirdan so‘ng cho‘kma kuzatilmaydi. Bu jarayonning texnologiyasi shunaqa, birinchi suvoq berilgandan keyin kamida bir yil turishi kerak. Bu orada yog‘ingarchiliklar kuzatiladi. Yangi liniya bo‘lgani sababli cho‘kmalar bo‘lishi tabiiy. Bu tomondagi Zangiota mahallasiga kanalizatsiya tortish uchun ochilgan. Shu paytga qadar u yerda kanalizatsiya bo‘lmagan. O‘ralar bo‘lgan xolos. Aholiga qulaylik yaratish uchun kanalizatsiya dasturiga tushgan. Bugun ko‘rib turganingizdek, cho‘kkan joylarini qayta ta’mirlash ishlari boshlandi. Ertaga asfalt yotqizish ham boshlanadi”, deydi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi vakili Sherzod Usmonov.

Mas’ullardan yuzaga kelgan muammo bo‘yicha izoh olib, ortga qaytarkanmiz, Samarqand darvoza ko‘chasidan Oqtepa maydoniga qarab ketaverishda ham yo‘l qurilishi bilan bog‘liq qator kamchiliklarga ko‘zimiz tushdi. Kun.uz poytaxt yo‘llaridagi muammoli holatlarni o‘rganishda davom etadi.

Mavzuga oid