“Yagona yo‘l sug‘urtali tibbiyotga o‘tish” – professor O‘zbekistonda dorixonalarning ko‘pligi haqida
Ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonlik ayol poytaxtimizdagi dorixonalarni ko‘rib, hayratga tushgani aks etgan video tarqaldi va bu muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kun.uz mavzu yuzasidan kichik ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.
So‘rovda qatnashgan yurtdoshlarimizning fikricha, O‘zbekistonda dorixonalar ko‘pligi xalqimizda tibbiy bilimlarning biroz yetishmasligi, shuning barobarida yildan yilga yangi-yangi kasalliklar paydo bo‘layotgani, bemorlar soni va dorilarga ehtiyoj ham shu sababli ortib borayotgani bilan bog‘liq.
Ayrimlar dorixona sohasi biznesga aylanib ketgani, dorilarning narxi qimmatligi, ayrim shifokorlar dorixonalar bilan kelishuv asosida ishlashi, shu sababli bemorlarga kerak-nokerak dorilarni ham yozib beraverishini ta’kidlab, mutasaddilar ushbu muammoga yetarlicha e’tibor qaratmayotganidan nolishgan.
Ba’zi respondentlar esa atrof-muhit va ekologiya muammolari oqibatida kasalliklar ko‘payib borayotgani, talab bo‘lgani sababli dorixonalarning ham soni o‘sib borayotganini aytishgan.
Shuningdek, dorixonalarning ko‘pligini yaxshi holat deb baholaganlar ham bor. Ularga ko‘ra biror bemorga tezlikda dori kerak bo‘lganda yoxud bittasidan topilmagan dori boshqasidan topilishi sababli dorixonalarning ko‘p bo‘lgani ma’qul.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Zarifboy Ibodullayevning fikricha, qayerda tibbiyot qoloq bo‘lsa, shu yerda farmakologik biznes gurkirab rivojlanadi.
“Bu yerda muammo dorixonalarda emas. Farmakologik kompaniyalarda ham emas. Bu bozor iqtisodiyoti. Gap tibbiyotda.
2-3 kun avval qo‘shni davlat fuqarosining Tibbiyot Akademiyasi yonida dorixonalar ko‘pligidan hayratga tushgani videosini ko‘rdim. 2018 yil Qozog‘iston sug‘urta tibbiyotiga o‘tdi. O‘zim yaqinda ikki oyda to‘rt-besh marta borib, bemorlarni ko‘rib keldim. U yerda sug‘urta tibbiyoti amalda va barcha davlat shifoxonalari eng zarur dorilar bilan ta’minlangan.
Sug‘urta tibbiyoti nima? Kasallik ko‘rsatilgan. Aynan standartda ko‘rsatilgan dorilarni yozish kerak. Ko‘p ham emas, kam ham emas. Agar biz sug‘urta tibbiyotiga o‘tadigan bo‘lsak va tibbiy ta’limni joyiga qo‘ysak hamda psixosomatik tibbiyotni yo‘lga qo‘ysak, o‘z-o‘zidan doriga murojaat qilayotganlar kamayadi va dorixonalar ham qisqaradi. So‘ngra ularga ketayotgan mablag‘ choyxonalarga, kutubxonalarga va boshqa maishiy sohalarga yo‘naltiriladi.
Mana shu uch muammo bartaraf etilsa, uch yil ichida bu muammolar ham yechimini topadi, balki prezident orzu qilganidek, oddiy shifokorning oyligini 1000 dollarga chiqarish uchun pul ham topilar?
Dorilar davlat budjeti hisobidan ham sotib olinyapti. Ana shu sarflanayotgan mlrd pullar yarmiga kamayadi va bu shifokorlarning oyligi uchun sarflanadi.
To‘rtinchi omil, bu reklama. OAVning qaysi sohasini olmang, dorilar reklamasi bisyor. OAVda dori reklamalarini butkul cheklash kerak. Qozog‘iston fuqarosining videosidan uyaldim. Agar u qo‘shni respublikadan emas, deylik, Germaniyadan kelganida uyalmasdim. Chunki ularning darajasiga yetishimizga ancha bor.
Ammo O‘zbekistonda dorixonalar ko‘pligidan hayratga tushayotgan ayol qo‘shnimiz. Yaqin-yaqingacha ular bizdan tibbiyotni o‘rganib yurgan. Ilmiy darajalarni bizda yoqlab yurgan qo‘shni davlat bugun tibbiyotda bizdan ilgarilab ketyapti. Buni tan olish kerak. Shuning uchun bu masalani tibbiyotni isloh qilish orqali yechish mumkin. Sizning borib dorixonalarni yop deyishga haqqingiz yo‘q. Dorixona ochma deyishga ham haqqingiz yo‘q. Tibbiyot qayerda qoloq bo‘lsa, farmakologik biznes o‘sha yurtda gurkirab rivojlanadi”, deydi Zarifboy Ibodullayev.
Mutaxassisga ko‘ra, shifokorlarning bemorlariga ko‘p dori yozib berishini sug‘urtali tibbiyotga o‘tish orqaligina bartaraf etish mumkin.
“Agar sug‘urtali tibbiyot haqida qaror qabul qilinsa, u yerda qaysi kasallikka qanday va necha turdagi dori kerakligi ko‘rsatib berilgan. Barcha tibbiy muassasalarning qo‘lida o‘sha standart turadi. Sug‘urtali tibbiyot dalillarga asoslangan va bu yerda ortiqcha dori kiritilmaydi.
Agar sizga u yerda ko‘rsatilmagan dori yozib berilsa, sudga murojaat qilishga haqqingiz bor. Sug‘urtali tibbiyotning amaldagi sudlari bor. Kuchli-kuchli olimlar uni tekshiradi. Ikkinchidan, standartda yozilgan dorilarni qabul qilgach, bemor tuzaladi. Chunki uni bir shifokor yoki professor ishlab chiqmagan. Butun dunyoda har bir kasallik bo‘yicha ekspertlar guruhi bor. Ular ishlab chiqqan.
Tibbiyot talabalari ham o‘sha standartni o‘qiyveradi va shu bo‘yicha yozaveradi. Natijada ularning tajribasi oshadi, kasalliklar kamayadi, nogironlar soni qisqaradi”, deydi Zarifboy Ibodullayev.
Baxtiyor To‘xtayev suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Abdulatif Umarov.
Mavzuga oid
22:57 / 04.09.2024
Tibbiy sug‘urta doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish va dori berish davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi
07:08 / 30.08.2024
Yuzlab dorixonalarda dorilar narxi asossiz oshirib sotilgani aniqlandi
19:12 / 04.07.2024
Retsepsiz beriladigan dorilar va tibbiy buyumlar uchun narx cheklovi olib tashlanadi
18:56 / 04.07.2024