O‘zbekiston | 09:58 / 05.11.2022
8400
2 daqiqa o‘qiladi

Ish vaqti rejimi turli xil variantlarini belgilash mexanizmlari joriy etilyapti

Foto: 123RF

Prezident tomonidan “Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi.

Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavoldiyevning yozishicha, ish beruvchi ish haqini kechiktirish uchun javobgarligi (kechiktirilgan har bir kun uchun qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida) nazarda tutilmoqda, xodim pensiya yoshiga yetgani munosabati bilan ish beruvchi tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish asosi chiqarib tashlandi, ishdan bo‘shatish nafaqasini ish beruvchida ishlagan ish stajiga qarab differensiatsiyalashgan miqdori belgilandi.

Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish jarayonida jamoatchilik nazorati mexanizmlari aks ettirildi. Yakka mehnat nizolari komissiyalarda yoki sudda hal etilishi holatlari ko‘rsatilgan, yakka mehnat nizoci mediatorga yuborilishini joriy etish, mehnat arbitraji tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Nizolarni muqobil hal qilish imkoniyatlari kengaytirilib, sudlardagi ish hajmi kamaytirildi. Ayrim toifadagi xodimlar mehnati huquqiy jihatdan tartibga solindi.

Ish beruvchi tomonidan ish vaqti rejimi turli xil variantlarini belgilash mexanizmlari (smenali ish, moslashuvchan ish rejimi, ish kunini qismlarga bo‘lish va boshqalar) joriy etilmoqda. Mikrofirmalar, YaTTda mehnat qonunchiligi soddalashtirilishi, ish beruvchilarga muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari sezilarli darajada kengaytirilishi hamda ish beruvchi tomonidan xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish va ishdan chetlashtirish tartibga solinishi ish beruvchilarga faoliyatlarini olib borish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.

Mavzuga oid