Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan rahbarlaridan biri halok bo‘ldi
Xerson oblastining Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati rossiyalik harbiy blogerlar va OAVning Kirill Stremousovning o‘limi haqidagi xabarini tasdiqladi.
Stremousovning halokati haqidagi xabarni dastlab rossiyaparast blogerlar, keyin davlat nashrlari tarqatdi. Bu xabarlarda u yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgani aytildi.
Keyin esa Xerson oblastining annexia qilingan qismiga Rossiya tomonidan tayinlangan rahbar Vladimir Saldo ham uning o‘limini tasdiqladi: «U Xerson oblasti hududida, avtomobilida harakatlanayotib, YTHga uchrashi oqibatida vafot etdi».
Kun avvalida harbiy blogerlar Xersondagi ma’muriy binolardan Rossiya bayroqlari olib qo‘yilayotganiga e’tibor qaratishgandi. Joriy haftada Xerson oblastining istilo ostidagi hukumati tinch aholi vakillari Dnepr sohiliga evakuatsiya qilinishi (ukrain rasmiylari buni majburiy deportatsiya deb baholagan) yakunlangani haqida xabar bergandi. Rossiya tomonidan tayinlangan mulozimlar ham ukrainlar qarshi hujumi boshlanishi arafasida Dneprning chap sohiliga ko‘chib o‘tgandi.
Stremousov kim edi?
Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga qadar Stremousov taniqli faollardan bo‘lgan, deputatlik va Xerson merligi uchun nomzodini qo‘ygan, shuningdek, pandemiya davrida vaksinatsiyaga qarshilik harakati yetakchilaridan bo‘lgan. 2019 yilda uni Xersondagi gazetalardan birining tahririyatiga ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va travmatik qurol bilan uyushtirilgan hujumda ishtirok etishda gumon qilishgandi.
Xerson urushning ilk kunlaridayoq rossiyalik harbiylar tomonidan bosib olindi.
2022 yilning 16 martida, Xerson oblasti Rossiya nazoratiga o‘tganidan bir necha hafta o‘tib, internetda Xerson oblasti kengashidagi yig‘ilish videosi paydo bo‘ldi, unda bir necha kishi «tinchlik va tartib uchun najot qo‘mitasi» tuzilganini e’lon qiladi.
Bu qo‘mita boshqaruvini egallagan Stremousov «region Rossiya bilan savdo-iqtisodiy hamda ijtimoiy-madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yishni istashi»ni ma’lum qiladi.
27 aprel kuni RIA Novosti Xerson oblastida yangi ma’muriyat shakllantirilgani, shu jumladan Xerson shahrining ham yangi ma’muriyati tuzilganini xabar qildi. Oblast ma’muriyati rahbarligini 65 yoshli Saldo egalladi, u 2002-2012 yillarda Xerson shahri meri bo‘lgan va «Regionlar partiyasi»dan Ukraina Oliy radasi xalq deputati etib saylangan. Saldoning o‘rinbosari etib Stremousov tayinlanadi - amalda aynan u hududning asosiy rahbari bo‘ladi.
Stremousov Xerson oblastida mustaqillik e’lon qilmasdan va «referendum» o‘tkazmasdanoq Rossiya tarkibiga qo‘shishni (Kreml keyinroq boshqacharoq yo‘l tutdi) hamda boshqa shov-shuvli bayonotlarni bergandi.
Chorshanba kuni «Verstka» nashri davlat nashrlariga bir necha rossiyalik siyosatchilar, jumladan Stremousovdan iqtibos keltirishni kamaytirish tavsiya etilgani haqida xabar berdi (go‘yoki Kreml axborot maydonida nazoratni yanada qat’iylashtirmoqchi bo‘lgan).
Ukrainaning qarshi hujumi
So‘nggi kunlarda u doimiy ravishda frontdagi vaziyat haqida hisobot berib turgandi va Rossiya kuchlari Ukraina armiyasining hujumlarini qaytarayotganini aytayotgandi.
Chorshanba kuni tongda Stremousov Ukraina qurolli kuchlari Xersondan shimolda bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalishda, jumladan Xersondan taxminan 50 kilometr masofadagi Snigirevka shahri hududida hujumga o‘tganini ma’lum qildi.
«Raqib ikki yo‘nalishda yo‘qotishlarga uchrab, chekingan bo‘lsa, frontning Snigirevka uchastkasida tongda og‘ir janglar boshlandi. Ushbu aholi yashash punkti hozirda harbiy harakatlar hududida qolmoqda, raqibga aviatsiya, artilleriya va texnika bilan zarba berilmoqda», degandi u telegram-kanalida.
Mavzuga oid
14:54
Kaya Kallas: Ukrainaning YeIga qo‘shilish bo‘yicha aniq yo‘li bor
09:22
Ukrainalik faollar yana Navalnayaning nutqini to‘xtatishga urindi
07:56
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
21:13 / 12.11.2024