O‘zbekiston | 15:14 / 15.11.2022
7835
2 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistga qo‘pollik qilgan hokimlik matbuot kotibiga ogohlantirish berildi

Jurnalist Aziza Qurbonova va Toshkent shahar Uchtepa tumani matbuot kotibi o‘rtasidagi tortishuvga tuman hokimligi tomonidan munosabat bildirildi.

Foto: Facebook / To‘rayev To‘ra

Uchtepa tuman hokimligi bildirgan munosabatda aytilishicha, jurnalist Aziza Qurbonovaning Uchtepa tumanida gaz bosimi pastligi haqidagi postida hokimlik rasmiy sahifasidan javob izoh yozgan tuman hokimligi axborot xizmati rahbari To‘rabek To‘rayev bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, tuman hokimligining Tashkiliy kadrlar guruhi tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, hokimlik rasmiy sahifasi orqali To‘rabek To‘rayevning his-hayajonga berilib yozgan fikrlari tanqid qilingan.

“Tuman hokimligi matbuot kotibining sohaga qo‘shgan hissasi va tumandagi bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni tezkorlik bilan yoritishi, shuningdek bir necha respublika va halqaro tanlovlarda e’tirof etilganligi, qolaversa bunday e’tirozli holatlarga muqaddam yo‘l qo‘yilmaganligi hamda ko‘p yillik tajribasi inobatga olinib, tuman hokimi tomonidan unga ogohlantirish berilganligini ma’lum qilamiz. Matbuot kotibining bundan keyingi faoliyatida tuman hokimligi nomidan bildirayotgan fikrlarida jurnalistika etikasiga rioya etishi tushuntirildi”, – deyiladi hokimlik rasmiy munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, jurnalist Aziza Qurbonova Facebookʼdagi sahifasida o‘zi yashaydigan mahallada gaz bosimi juda pasayib ketgani haqida post qo‘yib, unga jamoatchilik e’tiborini qaratgandi. Uchtepa tumani hokimligi axborot xizmati rahbari To‘rabek To‘rayevning postga qo‘pollik bilan izoh yozgani faollar tanqidiga sabab bo‘lgandi.

Mavzuga oid