Jamiyat | 09:41
5484
7 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘rniga “dom”, 167 jabrlanuvchi. Toshkentda “novostroykachi”larga nisbatan yirik sud ishi boshlandi

Uchtepa tumanida qurilishi boshlangan 8 qavatli uy xaridorlariga berilgan va’daga ko‘ra 2022 yilning dekabrida foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan. Ammo bunday bo‘lmadi. 2024 yilning sentabr oyida kompaniya ta’sischisi qamoqqa olingan. Kun.uz'ga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya ayrim holatlarda bir xonadonni ikki kishiga sotgan. Jabrlanuvchilar pullarning katta qismini ta’sischining qo‘liga naqd ko‘rinishda topshirgan. Ayni paytda ushbu quruvchi 167 kishini aldagan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

14 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida “Real lion houses” ta’sischisi va uning vakillariga nisbatan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Real lion houses” odamlarga Uchtepa tumanida qurilayotgan 8 qavatli obektni taklif etgan. Sud ishida ma’lum bo‘lishicha, jabrlanuvchilarning aksariyati xonadonlarga to‘lovning 70-80 foizini 2020-2021 yillarda amalga oshirgan. Ularning orasida 100 foiz to‘lov qilganlar ham bor. Jabrlanuvchilar uy uchun to‘lovlarning katta qismini ta’sischining qo‘liga naqd ko‘rinishida bergan. Quruvchi firma mas’ullari bitta xonadonni 2 kishiga ham sotgan.

Men 2021 yilda qurilish boshlanganini eshitib, ular xizmat qilayotgan idoraga borib gaplashganman. Keyin yashab turgan uyimni sotib shu uyga 17 ming AQSh dollari pul tikdim. Naqd to‘laganim uchun menga ozgina skidka qilib bergan. Endi qarangki, mening uyim 2 nafar odamga sotilgan ekan”, – deydi jabrlanuvchi.

Uning sudda ko‘rsatma berishicha, “Real lion houses” ta’sischisi 1 yilda uyni bitiramiz deb va’da bergan.

“Shundan kelib chiqqan holda, men qizimnikiga ko‘chib o‘tdim, 5 yil bo‘lyaptiki, hanuz qizimnikida yashab turibman. Bu uyni har doim surishtirganimda, “opa, o‘sha yerdagi sharoitlarni ko‘ring, bundan keyin qurilishga o‘sha yerdagi mahalla yo‘l qo‘ymayapti” degan fikrlar bo‘ldi. Mayli deb ularniyam tushundim. Mening boquvchim yo‘q, 1-guruh nogironiman. Ko‘zim shartnoma tuzgan payti ko‘rardi. Mana, bir yildirki ko‘rmay qoldim”, – deydi Yulduzxon Mamazoyitova.

Sudlanuvchilar Mamazoyitovaning so‘zlarini tasdiqladi. Shuningdek, ular xonadon 2 kishiga berilganini Mamazoyitova investor bo‘lib kirgan edi deb izohlab, uy berilishini aytdi.

Tergov organi kompaniya ta’sischisi va uning vakillariga firibgarlik hamda yana bir nechta moddalar bo‘yicha ayblov e’lon qilgan. Ayrim jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalari quyidagicha:

2021 yil birinchilardan bo‘lib, joyni ko‘rib 2 ta 1 xonali uyga to‘lov qilganman. Ikkalasiniyam bankka to‘laganman. Bittasini 100 foiz, bittasini 70 foiz to‘laganman. 5 yildan beri sarson bo‘lib yuribmiz, qachon borsam 3 oyda bitadi, 4 oyda bitadi deb yuradi”.

2021 yil 15 sentabrda shartnoma qilingan, bosh to‘lovga Infinbankdan 238 mln pul to‘laganman. Keyin 2 yil davomida 100 foiz to‘lab bo‘ldim”.

2021 yil 16 sentabrda shartnoma qilganmiz, keyin 240 mlnga 1 xonali kvartira olganmiz. Shu payti atrofi o‘ralgan, kotlovan qazilmagan joylarga pullar to‘laganmiz. Naqdi 68 mln to‘laganmiz. Qolganini 24 oyga bo‘lib, bank orqali to‘laganmiz. Jami 228 mln to‘laganman”.

2021 yil 18 sentabr kuni 43,8 kvadratlik uyga shartnoma qilingan. 16 500 AQSh dollarini so‘mga konvertatsiya qilib, naqd qo‘llariga berganman. Menga ma’lumotnoma berishgan. Keyin qolgan 57 mln 530 mingni bo‘lib to‘lashga ruxsat berishgan, shundan 21 mlnini bankka to‘laganman, qolganini naqd to‘laganman”.

Sudlanuvchilar yuqoridagi barcha holatlarda odamlardan pul mablag‘ini olganlarini bildirdi.

Jabrlanuvchilardan biri Uchtepadagi obektdan 9 ta xonadon sotib olgan va unga 2 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘ini to‘lagan. Yana bir jabrlanuvchi esa unga sotilgan xonadon boshqa kishiga ham sotilganini, u esa xonadonda ta’mirlash ishlarini boshlaganini aytdi. Sud raisi Tolibjon Obidov naqd olingan pullar qayerga ishlatilganini so‘radi. Kompaniya ta’sischisi bunga javoban, yollanma ishchilarga pul to‘langanini aytdi. Bundan tashqari, u o‘z vaqtida uy topshirilmaganini, TJM boshqa uylar ichida joylashgani, 1 kunda 5-6 soat ishlaganini vaj qilib ko‘rsatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil dekabrida bitishi kerak bo‘lgan uy qurilishi aholining e’tirozlari sabab sekin kechgan. Oradan bir yil o‘tib, ya’ni 2024 yilning sentabrida ta’sischi qamoqqa olingan. Sud zalida bir jabrlanuvchi so‘z olib, ta’sischiga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanganidan keyin uning qonuniy vakili odamlardan katta pul olganini gapirdi. Xususan, boshqa bir jabrlanuvchi tergovdan keyin ta’sischining o‘rinbosariga 95 mln so‘m pul berganini aytdi. Jabrlanuvchilardan biriga ko‘ra, kompaniya Uchtepadagi obektning yer maydonini noqonuniy o‘zlashtirgan: dastlab u yerda maktab qurilishi aytilgan. TJMning 4-5 qavati ko‘tarilgandan so‘ng uy sifatida qonuniylashtirib olingan. Sudlanuvchining advokatiga ko‘ra, ta’sischining Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida ham obektlari bor, ularda Uchtepadagi kabi jabrlanuvchilar ko‘p emas.

23-kvartaldagi ish bo‘yicha sud tergovi boshlangan. Undan keyin Chilonzor tumani Nurxon mahallasidagi TJM va Yakkasaroydagi obekt bo‘yicha jabrlanuvchilarni so‘roq qilamiz”, - deydi advokat Azamat Karimov.

Ushbu holat yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi izoh berdi. Unga ko‘ra, obektning loyihasi aslida xususiy maktab binosi uchun chiqqan. Amalda ko‘p qavatli uy qurib yuborilgan. Bu jarayonga qadar bir necha marotaba qurilish mas’ullariga yozma ko‘rsatmalar hamda taqdimnomalar chiqarilgan shunga qaramasdan qurilish ishlari davom etgan. So‘ngra, inspeksiya mazkur holat bo‘yicha sudga davo arizalari kiritgan va u qanoatlantirilgan. Fuqarolar bilan “Real lion houses” nomi ostida shartnoma qilingan bo‘lsa-da, uning nomi “New world star”ga o‘zgargan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2024 yil 11 martdagi hal qiluv qarorida ham “New world star” MChJga tegishli xususiy maktab binosi sifatida ro‘yxatga olingan, lekin o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘p qavatli turar joy majmuasini demontaj qilish majburiyati yuklatilgan. Ammo qaror ijrosi ta’minlanmagan.

Sud 21 mayga qadar tanaffus e’lon qildi.

Mavzuga oid