O‘zbekiston | 08:48 / 18.11.2022
2178
3 daqiqa o‘qiladi

Geodeziyaga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimi joriy etiladi 

Foto: Pixabay

“Geodeziya va kartografiya faoliyatiga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e’lon qilindi.

Nizom geodeziya va kartografiya faoliyatiga oid huquqbuzarlik xavfini tahlil etish tizimini joriy etish tartibini belgilaydi.

Geodeziya va kartografiya faoliyati davomida qonunchilik buzilish xavf darajasi tahlili quyidagilar asosida amalga oshiriladi:

  • “Lisenziya” axborot tizimi ma’lumotlari;
  • geodeziya va kartografiya faoliyati sub’yektlari tomonidan shakllantirilgan hisobotlar, kartografik materiallar (ma’lumotlar);
  • agentlik axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalaridagi ma’lumotlar;
  • doimiy faoliyat ko‘rsatadigan sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatish stansiyalaridan foydalanayotgan sub’yektlar ma’lumotlari;
  • metrologik tekshiruvdan o‘tkazilgan o‘lchash vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • yagona milliy mehnat tizimida geodeziya va kartografiya faoliyati sub’yektlarida ishlovchi xodimlar ma’lumotlari;
  • soliq tizimi bazalaridan geodeziya va kartografiya faoliyati sub’yektlari hamda ular geodeziya va kartografiya faoliyati yo‘nalishida amalga oshirilgan loyihalari (shartnoma raqami, nomlari) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • o‘tkazilgan tekshiruvlar hamda profilaktika tadbirlari natijasi materiallaridagi ma’lumotlar;
  • yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan murojaatlar;
  • ommaviy axborot vositalaridan yoki boshqa tashqi manbalardan (ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar) olingan ma’lumotlar;
  • qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan va tadbirkorlik sub’yekti odatiy faoliyatiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatmagan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan olinishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.

Xavf darajasi tahlili jarayonida geodeziya va kartografiya faoliyati sub’yektlaridan hujjatlarni va axborotlar talab qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilik hujjatlarida taqdim etilishi belgilangan hollar bundan mustasno.

Xavf darajasi tahlili har bir sub’yekt bo‘yicha agentlik tomonidan bir yilda kamida bir marotaba xavfni tahlil etish tizimi orqali amalga oshiriladi.

Xavfini tahlil qilish va natijalarini baholash dasturiy mahsulotni qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Xavf darajasini baholash xavf mezonlari asosida aniqlanadi va xavf darajasini baholash natijalari yuqoridan kamayish tartibida, quyidagi ballar yig‘indisi ko‘rinishida toifalanadi: 80 ball va undan yuqori ballar – xavfi yuqori; 50 balldan 80 ballgacha – xavfi o‘rta; 1 balldan 50 ballgacha – xavfi past.

Baholash natijalariga muvofiq huquqbuzarlik sodir etish xavfi darajasidan qat’i nazar barcha sub’yektlarda qonunbuzilish holatlarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlari o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid