Sport | 16:43 / 23.11.2022
15935
9 daqiqa o‘qiladi

Farroshlikdan Messini mag‘lub etishgacha. Erve Renar – Saudiya mo‘jizasining asosiy muallifi

Saudiya Arabistoni milliy jamoasi Qatarda o‘tkazilayotgan jahon chempionatida Messi boshchiligidagi Argentinani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Ularning yutug‘ida bosh murabbiy Erve Renar ulushi juda katta. Fransiyalik mutaxassis farroshlikdan Messini mag‘lub etishgacha bo‘lgan yo‘lni hayratlanarli tarzda bosib o‘tishga erishdi.

Foto: Getty Images

Rossiyada o‘tkazilgan 2018 yilgi jahon chempionatining ochilish o‘yinida Saudiya Arabistoni milliy jamoasi mezbonlarga 0:5 hisobida yutqazdi. Oradan 4 yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, Qatardagi jahon chempionatida saudiyaliklar musobaqaning favoritlaridan biri sifatida sanalayotgan Argentinani 2:1 hisobida mag‘lub etishdi. Endi ushbu g‘alaba Messi va uning sheriklariga qimmatga tushishi mumkin.

Mutaxassislar Saudiyaning ushbu yutug‘ini bosh murabbiy Erve Renar ishi bilan bog‘lamoqda. 2019 yilda jamoani qo‘lga olgan 54 yoshli fransuz hayratlanarli tarzda ish olib bordi. Saralash bosqichidan ishonchli tarzda o‘tib, jahon chempionatini shov-shuvli natija bilan boshladi.

Erve Renar o‘zi kim, qayerda o‘ynagan, qayerlarda ishlagan, qanday natijalarga erishgan. U haqdagi faktlar bilan maqolamizda o‘rtoqlashamiz.

Foto: AP

Farroshlikdan murabbiylikkacha

Erve Renar 1968 yilda Fransiyada tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatida himoyachi bo‘lgan va asosan mamlakatning quyi ligalarida ishtirok etuvchi «Kann», «Stad de Valyuri» va «Draginyan» klublarida o‘ynagan. Hech qanday yutuqlarga erishmagan.

1999 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlab, «Draginyan» klubida bosh murabbiy bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, futboldan tashqarida ham pul topishga harakat qilgan, masalan, oddiy farrosh bo‘lib. Renar gilam tozalagan, derazalarni yuvgan va uylarni chiqindilardan tozalagan. Keyinchalik bu ishini biznesga aylantirib, klining (tozalash) kompaniyasini ochgan.

«Men bu ishimdan uyalmayman», deydi Renar. «Futbolchi bo‘lishdan ko‘ra bu ancha og‘irroq edi. Men kuniga to‘rt-besh soat uxlardim, ba’zan tushlikdan keyin biroz mizg‘ib olardim. Shunday ritmda 8 yil yashadim».

Renarning taqdirini o‘zgartirgan voqea 2001 yilda yuz berdi. Mashhur fransiyalik murabbiy Klod LeRua uni Xitoyga, «Guychjou Jenxe» klubiga yordamchi murabbiy sifatida ishga chorladi. Shundan so‘ng, u bir necha yillar davomida Klod LeRua assistenti bo‘lib ishlagan.

Renarning murabbiylik faoliyatida Angliyaning «Kembrij Yunayted», Fransiyaning «Sherbur», «Lill», «Sosho», Jazoirning USM klublari bor. Biroq, ularning hech birida yutuqlarga erisha olmagan. Uning futboldagi muvaffaqiyatlari faqat milliy jamoalar bilan bog‘liq.

Milliy jamoalarda muvaffaqiyat qozonishi

Mutaxassis milliy jamoalar bilan ishlashni ko‘proq yoqtiradi. Renar turli milliy jamoalar bilan ikkita Afrika Kubogini yutgan yagona murabbiy hisoblanadi (Zambiya bilan 2012 yilda va Kot-d'Ivuar bilan 2015 yilda).

«Bu o‘ziga xos narsa – millat sharafini himoya qilish. Futbolchilar o‘z mamlakati sharafini himoya qilganda doimo ishtiyoq va qalb bilan o‘ynashadi. Shuning uchun milliy jamoalar bilan ishlashni yoqtiraman», deydi Renar.

Foto: Getty Images

2012 yilda Erve Renar Zambiya bilan Afrika Kubogida g‘alaba qozondi. Bu murabbiyning faoliyatidagi ilk yutuq edi.

Zambiya xalqi bilan o‘zbek xalqini futbol bilan bog‘liq fojia birlashtiradi. 1993 yilda Zambiya milliy jamoasi xuddi 1979 yildagi «Paxtakor» jamoasi kabi mudhish aviahalokatda qurbon bo‘lgan edi. Fojia Gabon sohillarida yuz berdi va Zambiya futbolining oltin avlodini olib ketdi. Taqdir taqozosi bilan, oradan 19 yil o‘tgach, aynan Gabonda o‘tkazilgan Afrika Kubogida Zambiya milliy jamoasi g‘alaba qozondi. Erve Renar zambiyalik ishtiyoqli yoshlardan ajoyib jamoa tuzib, finalda Dide Drogba boshchiligidagi Kot-d'Ivuarni mag‘lub etdi. Murabbiyning eslashicha, jamoa finaldan oldin fojia yuz bergan sohilga ham borgan va bu juda ehtirosli bo‘lgan.

Qizig‘i shundaki, Zambiya finalda juda kuchli sanalgan Kot-d'Ivuarni to‘xtatgan bo‘lsa, uch yildan so‘ng Renar aynan ivuarliklar bilan Afrika Kubogini olib ketdi.

U g‘alabalar orasidagi farqni quyidagicha izohladi: «Zambiyada mehnat qilishni istagan yosh futbolchilar ko‘p edi. Ular texnik jihatdan iqtidorli edi, jamoadagi muhit ajoyib edi. Kot-d'Ivuarda ko‘plab zo‘r futbolchilar, yulduzlar bo‘lgan. Bizning munosabatlarimiz yaxshi edi va men ularga ishonardim».

Boshqacha aytganda, Renar yosh, iqtidorli tarkib bilan ham, yulduzli tarkib bilan ham ishlay olishini, natijaga erishishini isbotladi. Bu kamdan-kam murabbiylarning qo‘lidan keladi.

Navqiron murabbiy

Renarning tashqi ko‘rinishi ham hayratga soladi, u 54 yoshda ekaniga ishonish qiyin. U futbolchilar bilan birga sport zalida ishlashdan tortinmaydi.

«Erve haqidagi asosiy xotiralarimdan biri - uning mehnatga bo‘lgan ishtiyoqi», - deydi o‘z faoliyatini «Kembrij»da boshlagan darvozabon Jon Ruddi. «U bizdan nafaqat ishni talab qilardi, balki mashqlar zalida ham o‘rnak bo‘lardi».

Renar murabbiylik faoliyatida to‘g‘ri ovqatlanishga e’tibor qaratgan ilk murabbiylardan biri bo‘lgan. «Kembrij»da o‘ynagan Jyermeyn Paster shunday deydi: «Erve 2004 yildayoq bunga e’tibor berardi. Boshqa murabbiylar bu ishni besh yoki olti yildan so‘ng qilgan. U ovqatlanish va jismoniy tayyorgarlik borasida boshqa darajada ishlar edi. Ovqatlanganda har qanday sousni taqiqlab qo‘ydi, bu futbolchilar tanasidagi yog‘ darajasini pasaytirishga yordam beradi. U hali hech kim e’tibor qilmagan davrlarda ilmiy sport bilan qiziqa boshladi».

Renar o‘z ishida e’tibor qaratadigan asosiy jihat – jamoaviy ruh.

«Tarkibda dunyoning eng yaxshi 11 nafar futbolchisi to‘planishi mumkin, lekin ular birga o‘ynashni istamasa, bu juda og‘ir, muvaffaqiyatsiz bo‘ladi. Jamoaviy ruh – futbolchilarni maydonda birlashtiradigan narsa», deydi Renar.

Saudiya sarguzashti

2019 yilda Renar Saudiya Arabistoni milliy jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlandi. Uning maoshi yiliga 2 million yevroga teng. Uning qo‘l ostida jamoa sezilarli darajada rivojlanib, murakkab saralash bosqichidagi 18 ta o‘yinda atigi 1 marta yutqazib, jahon chempionatiga yo‘l oldi.

Foto: Tribuna.uz

Qanchalik alamli bo‘lmasin, Renar yigitlari saralashda O‘zbekiston milliy jamoasini ikki marta mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lishdi. 2019 yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan bahsda, 1:2 hisobida yutqazayotgan bo‘lishiga qaramay, saudiyaliklar so‘nggi 5 daqiqada 2 ta gol urib, kuchli irodani namoyish etib, g‘alabani ilib ketishgan edi.

Qatardagi jahon chempionatida oldin Renar o‘z jamoasi bilan 35 kunlik yig‘inni o‘tkazdi. U o‘z yigitlarining imkoniyatlarini chamalab, shunday degan edi:

«Saudiyalik muxlislar futbolni yaxshi tushunishadi. Ular biz Argentina yoki hatto Meksika va Polsha kabi kuchli jamoa emasligimizni tushunishadi. Bu jamoalar bizdan kuchliroq. Lekin futbolda bu hech narsani anglatmaydi - psixologiya farq qiladi. Jamoaviy ruh, mamlakat uchun katta ishtiyoq bilan o‘ynash - barchasi o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin».

Renar bu gaplari bilan qanchalik haq bo‘lib chiqqanini Argentinaga qarshi o‘yindagi g‘alabadan keyin anglamoqdamiz.

Foto: Getty Images

Oldinda Saudiyani Meksika va Polshaga qarshi bundan ham qiyinroq o‘yinlar kutmoqda. Renar yigitlari bu sinovlardan qanday o‘tishini vaqt ko‘rsatadi. Kuzatishda davom etamiz.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid