Jahon | 08:14 / 25.11.2022
8511
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya xorijliklarga fuqarolik berishni soddalashtirmoqchi

Germaniya hukumati, xususan, fuqarolikni olishning minimal muddatini sakkiz yildan besh yilgacha qisqartirmoqchi. 67 yoshdan oshgan odamlar uchun tilni yetarli darajada bilish talabini olib tashlash ko‘zda tutilgan.

Foto: EN

Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer Germaniya fuqaroligini olishni xohlovchi xorijliklarga qo‘yiladigan talablarni sezilarli darajada qisqartirmoqchi. Bu haqda 24 noyabr, payshanba kuni Bild gazetasi federal va hududiy ichki ishlar vazirliklari ishtirokidagi konferensiya bayonnomalariga tayanib ma’lum qildi.

Xususan, ushbu hujjatga ko‘ra, agar ota-onasidan kamida bittasi Germaniyada qonuniy ravishda kamida besh yil yashagan bo‘lsa, bu yerda tug‘ilgan bolalarga avtomatik ravishda Germaniya fuqaroligini berish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, rasmiylar fuqarolikka qabul qilish orqali fuqarolikni olishning minimal muddatini sakkiz yildan besh yilgacha qisqartirmoqchi. Maxsus holatlarda, deb yozadi Bild, uch yildan keyin ham fuqarolikka qabul qilish mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, Bild nashrining yozishicha, boshqa davlat fuqaroligidan chiqish haqidagi amaldagi talabni bekor qilish rejalashtirilmoqda.

Nensi Fezer, shuningdek, 67 yoshdan oshgan odamlar uchun tilni yetarli darajada bilish talabini bekor qilmoqchi. Buning o‘rniga, kelajakda «og‘zaki muloqot qilish qobiliyati» yetarli bo‘ladi. Ushbu guruhdagi chet elliklar uchun Germaniya tarixi va siyosiy tuzilishini bilish bo‘yicha majburiy test ham bekor qilinadi. Ayni paytda, Bild ta’kidlashicha, Fezerning tashabbusi bo‘yicha idoraviy ovoz berish hali yakunlangani yo‘q.

Mavzuga oid