Jamiyat | 22:00 / 26.11.2022
59196
7 daqiqa o‘qiladi

Kredit sirtmog‘i va boshqa sabablar: O‘zbekistonda organ savdosi ommalashyapti

Inson a’zolari savdosi degan tushuncha yaqin-yaqingacha bizga begona edi. Kun.uz surishtiruvlari bugungi kunda yurtdoshlarimiz orasida ham bu narsa anchagina ommalashib qolganini ko‘rsatmoqda. Turli sabablarga ko‘ra qarzga botgani ortidan tana a’zosini sotmoqchi bo‘layotgan odamlar buni o‘zlari tushib qolgan murakkab vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li deb bilishadi.

Internetdagi turli platformalarda buyragi yoki jigarini sotmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarning e’lonlarini uchratish mumkin. Birgina Telegram messenjerida organini sotish istagida odamlar jamlangan o‘nlab guruhlar bor. Biz ana shunday insonlarning ayrimlari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik. Ularning iltimoslariga ko‘ra, ism-familiyalari sir saqlanmoqda.

Organini sotish istagidagilar a’zo bo‘lgan Telegram-guruhlari / Foto: Kun.uz

Operatsiya xorijda bo‘larkan...

Mamlakatimizda inson organini ko‘chirib o‘tkazish biznes turiga aylanib qolmasligi uchun ham qonunchiligimizda bir qator cheklovlar o‘rnatilgan. Jumladan, O‘zbekistonda inson a’zolari va to‘qimalarining oldi-sotdisi taqiqlangan, bunday harakatni sodir etganlar, shuningdek, insonni donorlikka majburlaganlar javobgarlikka tortiladi.

Shu sababli ham suhbatdoshlarimizga aloqaga chiqqan xaridorlar jarrohlik amaliyoti boshqa davlatda o‘tkazilishi, u yerga borish xarajatlarini to‘liq ko‘tarishlarini ma’lum qilishgan. Biroq bu jarayonda aldanib qolish ehtimoli yuqori.

— 1,2 mln so‘m oylik olaman. Oilamizning kam-ko‘stini butlash, ro‘zg‘orga yordam bo‘lsin deb bu ishni boshlagandim. Qarz berib turgan qo‘shnim menga pulni foizga berganini aytmagandi. Soddaligimizdan foydalandimi, bilmayman, juda qiyin holatga tushirib qo‘ydi. Foizlar “tug‘ib” qarzimiz ko‘payib ketdi. Uni qaytarish uchun bir necha marta kredit oldik. Na qarzdan qutuldik, na kreditlardan. Bugungi kunda jami qarzimiz 100 million so‘mdan oshiqroq.

Erim bu vaziyatga tushib qolganimizda meni ayblaydi. Alamini ichkilikdan oladi. Orada o‘z joniga qasd qilmoqchi ham bo‘ldi. Shu sababli organimni sotishga qaror qildim. Xatomni to‘g‘rilash, oilamni saqlab qolish uchun.

Abituriyentligimda bu holga duch keldim. Mardikor bozorida. Ko‘ngling jiz etadi-yu, ishonchsizlik ortga tortadi. Chunki Hindistonga o‘zimiz bilan biron kishini olib borishga ruxsat berishmas ekan. Barcha xarajatlarni to‘lash bilan birga, operatsiyadan 6 oy o‘tgach ham o‘z uyida parvarishlar ekan. Rosti, qo‘rqarkan odam.

Organini sotish istagidagilarning internetdagi e’lonlari / Foto: Kun.uz

— Kuyovimizning nomiga kredit olganmiz. Vaqtida to‘lay olmaganimiz uchun singlimning oilasi bilan ham ko‘p mojarolarga borib qoldik. Keyin e’lon berishga majbur bo‘ldim. 4 oy ichida 20 dan ortiq taklif bo‘ldi. Ayrimlar Tojikistonga olib bormoqchi bo‘lishdi. O‘zim borishga qo‘rqdim. Toshkentda esa qilishmas ekan...

— Yoshim 25 da. Bir nafar farzandim bor. Qarzlarimdan qutulish uchun bir buyragimni berishga tayyorman. Undan keyingi jarayonlar haqida o‘ylayotganim yo‘q. U yog‘iga Alloh qancha umr bergan bo‘lsa, shuni yashashga tayyorman.

— Donor bilan pulini kelishgach, vositachilar sizni Tojikistonga olib ketisharkan va u yerda yashirincha operatsiya qilib, buyragingizning bittasini yoki jigaringizning bir qismini olisharkan. Ularga operatsiyaga o‘z xohishingiz bilan rozi bo‘lganingiz haqida tilxat berasiz, boshqa hech qanday hujjat talab qilinmaydi, deyishdi.

Turkiyada ham bu amaliyotga ruxsat yo‘q ekan. Faqat qarindoshlarga mumkin ekan. Shuning uchun sizni qarindosh ko‘rsatib, hujjat qilishar ekan va sizning qarindoshlaringiz nomidan operatsiyaga rozilik berganlik to‘g‘risidagi tilxat ham soxtalashtirilar ekan. Menga ham shu ma’qul kelib turibdi. Oila a’zolarimga aytganim yo‘q. Faqatgina bir o‘rtog‘im xabardor. Unga ham operatsiyadan oldin pulni olishi uchun aytganman. Bu yog‘i tavakkal endi...

Organ sotib boyib ketish – illyuziya

Internet olamida organ savdosi ortidan mo‘may daromadga ega bo‘lish mumkinligi haqida illyuziya shakllantirilgan. Qidiruv tizimlari orqali turli tillarda mavzuga oid ma’lumot qidirib ko‘rilsa, inson a’zolari uchun jaraq-jaraq pullar va’da qilingan yuzlab infografikalar, ko‘rgazmali materiallar chiqib keladi.

Dunyo qorabozorida inson a’zolari narxlari / Foto: Fortune.com

Ularda qayd etilishicha, qorabozorlarda o‘pka 150 mingdan 300 ming dollargacha, yurak 130 ming dollardan 290 ming dollargacha, jigar 100 ming dollardan 150 ming dollargacha, buyrak 50 ming dollardan 120 ming dollargacha narxlanadi. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Afsuski, yo‘q.

Turli davlatlarda bu narxlar turlicha, aytish joizki, organini sotganlarga to‘lanadigan pullar juda oz bo‘lib, asosiy foyda o‘rtadagi dallollarga nasib etadi.

Biroq murakkab vaziyatga tushib qolib, undan chiqish ilinjida organini sotishga qaror qilganlar aksar hollarda buni bilishmaydi. Natijada ular yo aldov qurboni bo‘lib, operatsiyadan keyin yanada qiyin sinovlarga ro‘baro‘ kelishadi, yoki xorijda nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketishadi.

Xorijda bitta a’zosini sotishga kelishib, operatsiya stoliga yotgan bemorlardan bir emas, bir nechta a’zosi olib qo‘yilgan holatlar ham bor.

Bir necha oy davom etgan kuzatishlarimiz O‘zbekistonda buyrak donorligi uchun o‘rtacha 5-7 ming, jigar donorligi uchun esa 4-8 ming dollar taklif etilayotganini ko‘rsatdi. Lekin shunda ham xaridordan ko‘ra a’zosini sotmoqchi bo‘layotganlar anchagina ko‘p.

Organidan mahrum bo‘lgan odamlar Foto: Thenewsbeans.com

Dunyoning aksar davlatlarida organ savdosi odam savdosiga tenglashtirilgan va unga qarshi kurash olib borilishiga qaramay, jahon miqyosida transplantatsiyaga juda katta ehtiyoj borligi, navbatlarning kattaligi, bemorlar o‘zlariga kerak bo‘lgan organni yillab kutishga majburligi ortidan inson organi olib-sotiladigan qorabozorlar hamon gullab-yashnamoqda. Uzoq vaqt kuta olmaydigan bemorlar ko‘p holatlarda qonunlarni chetlab o‘tib muammosiga yechimni qorabozorlardan izlaydi.

Shu o‘rinda intervyuga rozi bo‘lgan yurtdoshlarimiz hali organini sotib ulgurmagani, ularni bu yo‘ldan qaytarish imkoni borligi, hammamiz birlashib yordam qo‘lini cho‘zsak, ularni bu chohdan qutqarib qolish mumkinligini eslatib o‘tmoqchimiz. Savobtalab insonlar biz bilan bog‘lansa, ularga suhbatdoshlarimiz haqidagi zarur ma’lumotlarni taqdim etamiz.

So‘zimiz so‘ngida turli sabablarga ko‘ra muammolar girdobida qolgan, organini sotib, bu qiyinchiliklardan qutulishni xomxayol qilayotganlarga bu yo‘lning oxiri voy ekanini yana bir marta eslatib o‘tamiz.

Ko‘rsatuvni to‘liq Kun.uz'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Jamshid Niyozov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov 

Mavzuga oid