O‘zbekiston | 11:33 / 30.11.2022
66867
2 daqiqa o‘qiladi

Olmazorda profilaktika inspektori o‘ldirib ketildi

Hodisa ichki ishlar xodimi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Qotil voqea joyidan yashiringan.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Toshkentning Olmazor tumanida xizmat vazifasini bajarayotgan IIB xodimi o‘ldirib ketildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

«30 noyabr kuni soat 00.50 larda Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurotov tumandagi G‘alaba mahallasiga tezkor chaqiruv bo‘yicha yetib boradi. Xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida muqaddam sudlangan 30 yashar erkak xodimning hayotiga tajovuz qilib, voqea joyidan yashirinadi», deyiladi xabarda.

N.Bobomurotov olgan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi («Qasddan odam o‘ldirish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Voqea tafsilotlari to‘liq o‘rganilgandan so‘ng jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot beriladi. Ijtimoiy tarmoq faollaridan vaziyatni yoritishda faqat rasmiy manbalardan foydalanishlarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning qo‘shimcha qilishicha, hozirda prokuratura hamda ichki ishlar organlarining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tashkil qilingan bo‘lib, xodimning hayotiga tajovuz qilishda gumonlanayotgan shaxsni qo‘lga olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid