Sport | 16:11 / 05.12.2022
28364
4 daqiqa o‘qiladi

Osiyoliklar navbatdagi sensatsiyalarga tayyorlanmoqda. Kunning asosiy intrigalari

Yaponlar yana bir sensatsiya ko‘rsata oladimi? Braziliya Koreyaga qarshi o‘yinda qoqilmaydimi?

Foto: Dmitriy Golubovich, «CheMPIONAT»

Bugun Qatardagi jahon chempionati nimchorak finali doirasida yana ikki uchrashuv bo‘lib o‘tadi.

Yaponiya — Xorvatiya (Toshkent vaqti bilan soat 20:00)

Guruh bosqichida shov-shuv ko‘targan jamoa va JCh-2018 finalchisi pley-offning ilk raundida to‘qnash kelmoqda. Katta turnirlarda yaponlarnikidan qiziqarliroq sarguzashtni topish qiyin. Osiyoliklar Kosta-Rikaga yutqazdi (0:1), ammo Ispaniya (2:1) va Germaniyani (2:1) yengib, bundestimni jahon chempionati pley-offidan tashqarida qoldirishdi.

Yaponlar o‘lim guruhidan chiqish bilan cheklanmay, guruhda birinchi o‘rinni egalladi. Bu jamoa Xorvatiya bilan o‘yinda favorit sanalmasa ham, ilojsiz autsayder bo‘lmasligi aniq.

Yaponiya termasi kostarikaliklarga qarshi o‘yinda birinchi raqam ostida harakat qilib, yutqazib qo‘yishdi, ammo to‘psiz harakat qilishga to‘g‘ri kelgan o‘yinlarda maksimum natija chiqara olishdi. Bugungi uchrashuv, katta ehtimol bilan yana raqib jamoaning hududiy ustunligi bilan kechadi, ammo Yaponiya uchinchi bor qarshi hujumlarda muvaffaqiyatga erisha oladimi?

Xorvatlar guruhda katta taassurot qoldira olishmadi, faqat bir o‘yinni kuchli o‘tkazishdi. Zlatko Dalich jamoasi Kanada bilan o‘yinda saviyadagi farqni yaqqol ko‘rsatib qo‘yishdi (4:1), ammo Marokash bilan tengma-teng o‘ynashdi (0:0) Belgiyaga qarshi o‘yinda esa vaziyatlardan foydalana olmadi va bazo‘r durangni saqlab qolishdi (0:0). Yaponiya esa vaziyatlarni ko‘kka sovurishni qanday jazolashini allaqachon namoyish etib bo‘ldi. Pley-offda Xorvatiya o‘zgara oladimi?

Jamoalar jahon chempionatlarida ikki bor to‘qnash kelishgan. 1998 yilda xorvatlar guruhda g‘olib kelishgan (1:0), 2006 yilda esa murosa ko‘chasi tanlangan (0:0). 

Foto: Dmitriy Golubovich, «CheMPIONAT»

Braziliya — Koreya (Toshkent vaqti bilan soat 00:00)

Braziliya ikkinchi turdayoq pley-off masalasini hal qilgandi, ammo so‘nggi turda guruhdagi birinchi o‘yinni boy berib qo‘yishiga bir baxya qoldi — Shveytsariyaga birgina gol yetmadi. Qolaversa shu o‘yinda ikki himoyachi (Aleks Sandro va Aleks Telles) hamda forvard Gabriel Jyezus jarohat olib safdan chiqdi. Undan oldinroq Danilo ham jarohat olgandi, endi qanot himoyasida 40 yoshni qarshilayotgan Dani Alves o‘ynaydi.

Shunga qaramay, Braziliya — yaqqol favorit. Iyun oyida bu jamoalar o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi natijasi (Braziliya foydasiga 5:1) bugungi kunda ham kuchlar nisbatini ifodalaydi. Qolaversa, bugungi o‘yinga Neymar qaytishi aytilmoqda, u «PSJ»dagi jamoadoshlaridan ortda qolmasligi kerak. Qatarda Mbappe allaqachon 5 gol urdi, Messida — 3 gol bor.

Koreya qanday qarshilik ko‘rsatishi mumkin? Jamoada Son Hin Minning o‘rni beqiyos, Portugaliyaning ikkinchi tarkibiga qarshi so‘nggi tur o‘yinida uning himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan to‘pini Hvang Hi Chvan darvozaga joylab, osiyoliklarni pley-offga olib chiqqandi. Koreyaliklar Urugvayni guruhda qoldirib, 1/8 finalga chiqishdi — janubiy amerikaliklar bu raqibni mensimay harakat qilishi yaxshilik keltirmasligi mumkin. 

Koreyaliklarning Kimlardan iborat himoya chizig‘i «Napoli» a’zosi Kim Min Je jarohat olishi tufayli kuchsizlandi, u maydonga tushishga tayyorligini aytayotgan bo‘lsa-da, boldiridagi jarohati bilan brazillarga qarshi o‘ynashi savol ostida.

Braziliya ustidan g‘alaba qozonish uchun Janubiy Koreya tarkibidagi barcha futbolchilar hayot-mamot jangini o‘tkazishi kerak. Buni uddalab bo‘ladimi, bugun guvoh bo‘lamiz?

Chorakfinal

Bu uchrashuvlar g‘oliblari 9 dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00da «Education City» stadionida o‘zaro bahs o‘tkazadi.

Mavzuga oid