Jahon | 08:14 / 05.12.2022
7127
9 daqiqa o‘qiladi

SIPRI: Qurol bozori pandemiya oqibatlarini yengib o‘tmoqda

2021 yilda global qurol savdosi pandemiyadan oldingiga qaraganda sekinroq o‘sishda davom etdi. Qurol kompaniyalari yuqori inflatsiya va ta’minot zanjiri uzilishiga duch keldi, deb yozadi DW.

Foto: NJAGO

5 dekabr, dushanba kuni e’lon qilingan Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) yillik hisobotiga ko‘ra, dunyoning eng yirik 100 ta qurol va harbiy xizmat kompaniyalarining umumiy savdosi 2021 yilda 1,9 foizga o‘sib, 592 milliard dollarni tashkil etdi. 2021 yilda o‘sish bir yil oldingiga nisbatan yuqori (1,1 foiz) bo‘ldi, ammo COVID-19 pandemiyasigacha bo‘lgan to‘rt yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past (3,7 foiz).

Umumiy raqamlar sezilarli mintaqaviy farqlarni yashiradi. Shunday qilib, Shimoliy Amerika kompaniyalari tomonidan AQSh va Kanadadan qurol sotish 0,8 foizga (2,3 milliard dollar) kamaydi. Shu bilan birga, dunyoning boshqa mintaqalarida keskin sakrash kuzatildi, eng yuqori ko‘rsatkichlar Yaqin Sharq (+6,5 foiz) va Osiyo va Okeaniyada (+5,8 foiz yoki 7,4 mlrd dollar) qayd etildi.

Hisobotda aytilishicha, 2021 yilda qurol kompaniyalari bir qator muammolarga duch keldi, bu qisman ularning ba’zilari tomonidan sotuvlari qisqarishiga olib keldi. Bunga asosan inflatsiya, shuningdek, kovid pandemiyasiga qarshi kurashish uchun ko‘plab mamlakatlarda o‘rnatilgan cheklovchi choralar tufayli ta’minot zanjiridagi uzilishlar va ishchi kuchi yetishmasligi sabab bo‘ldi. Xususan, Italiyaning Leonardo shirkati butun dunyo bo‘ylab 11 000 kompaniyadan komponentlarni oladi, Norvegiya Kongsberg kompaniyasi esa 8 500 ga yaqin yetkazib beruvchiga ega.

2022 yilgi prognozida SIPRI yirik qurol kompaniyalari uchun mavjud yetkazib berish zanjiri muammolari Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzi bilan bog‘liq yangi muammolarga duch kelganligini ta’kidlaydi. Rossiya harbiy texnika ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan alyuminiy, mis, po‘lat, titan kabi xomashyoni eksport qiladi. G‘arb davlatlari tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi, jumladan, YeIning rus po‘latini import qilishni taqiqlashi va G‘arb davlatlarining Rossiya bilan iqtisodiy aloqalarining keskin qisqarishi tufayli qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar boshqa yetkazib beruvchilardan xomashyo sotib olishni boshladilar.

2021 yilda sotuvlar 0,9 foizga qisqarganiga qaramay, AQSh qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalari hali ham dunyoda hukmronlik qilmoqda. 100 ta eng yirik qurol ishlab chiqaruvchilardan 40 tasi AQShda joylashgan bo‘lib, global savdoning 51 foizini (299 milliard dollar) tashkil etadi. 2018 yildan beri Amerika kompaniyalari 100 talikda reytingning birinchi besh pog‘onasini egallab turibdi. Unga yana bir bor o‘tgan yili 60,3 milliard dollar daromad olgan Lockheed Martin yetakchilik qildi. Raytheon Technologies (2-o‘rin) savdo hajmini 9,1 foizga oshirgan birinchi beshlikdagi yagona kompaniya bo‘ldi. SIPRI qayd etishicha, Lockheed Martin, Boeing (3-o‘rin) va General Dynamics (5-o‘rin) tomonidan pasayishlar asosan inflatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan, chunki ularning qurol-yarog‘ savdosi nominal ko‘rinishda oshgan.

Xitoy 2021 yilda dunyodagi ikkinchi yirik qurol ishlab chiqaruvchi edi. Sakkizta kompaniya kuchli 100talikka, to‘rttasi esa kuchli o‘ntalikka kirdi. Ularning umumiy savdosi 109 milliard dollarga yetdi, bu 2020 yilga nisbatan 6,3 foizga ko‘p. «2010 yillarning o‘rtalaridan boshlab Xitoy harbiy sanoatida konsolidatsiya to‘lqini kuzatildi», dedi SIPRI'ning Harbiy xarajatlar va qurol-yarog‘ ishlab chiqarish dasturi tadqiqotchisi Xiao Liang. Qurol savdosining o‘sishi Xitoyning harbiy modernizatsiyasi ko‘lamini va uning barcha toifadagi asosiy qurollarni ishlab chiqarishda o‘zini o‘zi ta’minlash maqsadini aks ettiradi, deyiladi hisobotda.

2021 yilda 100 ta eng yirik qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ro‘yxatiga Yevropadan 27 ta kompaniya kirdi. Ularning umumiy savdosi 2020 yilga nisbatan 4,2 foizga oshib, 123 milliard dollarga yetdi. SIPRI taxmin qilganidek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Yevropada qurolga talab ortib borayotgani sababli, 2022 yilda savdolar o‘sishda davom etishi mumkin. Buyuk Britaniya Yevropada yetakchilik qiladi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda uchinchi davlatdir. Buyuk Britaniyaning 8 ta yirik ishlab chiqaruvchisi 40,4 milliard dollarga qurol sotgan, bu 2020 yilga nisbatan 2,7 foizga kam. Bundan tashqari, besh fransuz kompaniyasi yil davomida 28,8 milliard dollar (+15 foiz), Italiyaning ikkita kompaniyasi 16,9 milliard yevro (+15 foiz) olgan.

Germaniyada to‘rtta kompaniya - Rheinmetall, ThyssenKrupp, Hensoldt va Diehl dunyodagi eng yaxshi 100 ta qurol ishlab chiqaruvchisi qatoriga kiradi va ularning umumiy savdosi 9,3 milliard dollarni tashkil etadi. Yevropa kompaniyalari orasida birinchi yuztalikka Ukraina ("UkrOboronProm"), Polsha (PGZ), Norvegiya (Kongsberg) va Navantia (Navantia) shirkatlari ham kirdi.

Top-100ga uchta transevropa kompaniyasi ham kiradi. Ular orasida eng yuqori ko‘rsatkichlar 10,9 milliard dollarga (-15 foiz) qurol sotgan Airbus konserni tomonidan qayd etilgan. «Harbiy aerokosmik sanoatiga ixtisoslashgan ko‘pchilik Yevropa kompaniyalari 2021 yil uchun yo‘qotishlar haqida xabar berishdi, ular ta’minot zanjiridagi uzilishlar bilan bog‘liq», deydi SIPRI qurol sarfi va ishlab chiqarish dasturi tadqiqotchisi Lorenzo Skarazato. Shu bilan birga, havo mudofaa tizimlari va raketalarni ishlab chiqaruvchi MBDA pandemiya tufayli kechiktirilgan yetkazib berish amalga oshirilganligi sababli savdo hajmini 15 foizga - 5 milliard dollarga oshirdi.

Ro‘yxatda 44-o‘rinda Fransiyaning Nexter va Germaniyaning Krauss-Maffei Wegmann (KMW) birlashishi natijasida tashkil etilgan KNDS kompaniyasi qayd etildi. 2021 yilda u 3 milliard dollar ishlab oldi, bu KMW va Nexter'ning 2020 yildagi daromadidan 9,7 foizga ko‘p. KNDS'ning yaratilishi Yevropa kontekstida qurol-yarog‘ sanoati konsolidatsiyasining namunasidir, deb ta’kidlaydi SIPRI o‘z hisobotida.

2021 yilda oltita rus kompaniyasining qurol savdosi 0,4 foizga oshib, 17,8 milliard yevroga yetdi. 2021 yilgi reytingda Rossiyadan qurol ishlab chiqaruvchilar soni uchga - oltitagacha kamaydi, chunki "Almaz-Antey", "Konsern Radioelektronnyx texnologiy" (KRET) va "Roselektronika" xoldingi haqida ma’lumotlar yo‘q.

Rossiyaning uchta kompaniyasi - "Ob’yedinennaya aviastroitelnaya korporatsiya" (OAK -12 foiz), "Ob’yedinennaya dvigatelestroitelnaya korporatsiya" (-3,3 foiz) va "Vertolety Rossii" (-4,5 foiz) - savdolari pasaydi, qolgan uchtasi - "Ob’yedinennaya sudostroitelnaya korporatsiya" (+4,7 foiz), "Korporatsii Takticheskoye raketnoye voorujyeniye (KTRV)" (+18 foiz) va "Uralvagonzavod"niki (+4,1 foiz) - oshdi. Hisobot mualliflarining fikricha, KTRV ko‘rsatkichi qisman Hindistonga eksportning o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, OAKning harbiy mahsulotlar umumiy savdodagi ulushi 2020 yildagi 82 foizdan 2021 yildagi 70 foizga, 4,5 milliard dollargacha kamaydi. Katta ehtimol bilan, bu o‘zgarish 2016 yilda Rossiya hukumati harbiy-sanoat kompleksiga fuqarolik mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berganligi bilan bog‘liq.

Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi harbiy harakatlarni qo‘llab-quvvatlash zarurati tufayli bu tendensiyani o‘zgartirishi mumkin, deydi SIPRI ekspertlari. Shunga qaramay, Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalar uning qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalariga ham ta’sir qiladi. Misol uchun, "Almaz-Antey" 2022 yil mart oyida ma’lum qurol eksporti uchun to‘lovlarni ololmasligini bildirdi. Rossiya kompaniyalarida yarimo‘tkazgichlardan foydalanish imkoniyati cheklangan.

2021 yil uchun eng yaxshi 100 talikdagi barcha Rossiya kompaniyalari, "Korporatsii Takticheskoye raketnoye voorujyeniye" va "Ob’yedinennaya sudostroitelnaya korporatsiya"sidan tashqari, ko‘plab harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga egalik qiluvchi "Rostex" xoldingi tarkibiga kiradi. SIPRI reytingi to‘g‘ridan to‘g‘ri operatsion faoliyatni amalga oshirmaydigan xoldinglarni o‘z ichiga olmaydi va shuning uchun unda "Rostex" yo‘q. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, "Rostex" tomonidan 2020 yildan 2021 yilgacha qurol savdosi 13 foizga kamayib, 15,5 milliard dollarni tashkil etdi, deyiladi hisobotda.

Mavzuga oid