O‘zbekiston | 19:42 / 07.12.2022
38528
13 daqiqa o‘qiladi

Hukumat energiya inqirozidan qanday chiqmoqchi? Vazir bilan suhbat

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda elektr va gaz tanqisligi, yechimlar, xorijiy shartnomalar, gaz ittifoqi va boshqa masalalardagi savollarga javob berdi.

– Bir sovuq tushib, qor yog‘ishi bilan energetika tizimida juda katta muammo yuzaga keldi. Gaz bosimi tushib ketdi, elektrda uzilishlar, gaz quyish shoxobchalaridagi holatni ko‘ryapmiz. Birinchi qor yoqqandayoq nega bunchalik katta muammolar kelib chiqdi?

– Bu muammolar birinchi qor tushganda sodir bo‘lmadi. Ob-havo soviy boshlagan noyabr oyidayoq muayyan cheklovlar kiritib, muayyan tabiiy gaz iste’molchilarini cheklashga majbur bo‘ldik. Issiqxonalarni gazdan uzish ham ana shu cheklovlar bilan bog‘liq edi. Bunga birinchi navbatda o‘zimizning ishni to‘g‘ri tashkil etmaganligimiz sabab bo‘lsa, ikkinchidan talab va taklif orasidagi katta tafovut sabab deb o‘ylayman.

Aholi sonining, iste’mol darajasining, qolaversa, tadbirkorlik sub’yektlarining ortib borishi natijasida iste’mol so‘nggi yillarda keskin oshdi, bunga yarasha oxirgi besh yilda juda katta yangi generatsiyalar qurildi, modernizatsiya qilinyapti...

– Aholi sonining o‘sishi, tadbirkorlik sub’yektlarining ortishi natijasida iste’molga bo‘lgan talab oshishi va ishni to‘g‘ri tashkil qilmaganimiz deyapsiz, nega to‘g‘ri qilmadingiz? Nega shunday bo‘lishini bilib turib, ishlarni to‘g‘ri tashkil qilmadingiz? Har yili bu muammo qaytalanishi ma’lum edi-ku.

– Yetarli tayyorgarlik bo‘lmasligiga sabab moliyalashtirishdagi tafovutlarga borib taqaladi. Bu birinchisi bo‘lsa, ikkinchisi hamma yerda ham ishlarning sifatli tashkil qilinmagani – joylarga borib o‘rganilganda bajarildi deb turib, ishni bajarmagan yoki ko‘zbo‘yamachilik bo‘lgan. Eng asosiy sabab esa ishlab chiqarayotgan tabiiy gaz va elektr energiyasi iste’moldagi talab darajasini to‘liq qoplay olmayotganidadir. Buning uchun nima qilindi deysiz, buning uchun hozirgi kunda elektr energiyani import qilyapmiz.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov

– Ko‘zbo‘yamachiliklar, noto‘g‘ri ishlar deyapsiz. Bugungi muammolarni keltirib chiqargan odamlarning ism-familiyalarini ayta olasizmi?

– Bu bo‘yicha Bosh prokuratura bilan ishchi guruh tuzgan holda o‘rganishlar olib boryapmiz. Albatta, sustkashlikka va ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yganlar, albatta, jazolanadi. Lekin hozirgi kunda aybdorlarni izlashdan ko‘ra, yuzaga kelgan muammolarni qanday bartaraf etish bilan shug‘ullanish zarur deb o‘ylayman.

– Tabiiy gaz ham xalqning boyligi. Nega O‘zbekistonda chet el korxonalari bilan tuzilgan shartnomalar jamoatchilikka e’lon qilinmaydi. Buni barcha bilishi kerak emasmi?

– Qaysi shartnoma, nimasi ochiqlanmadi?

Bir narsani aytmoqchimanki, har qanday shartnoma, har qanday investitsiya loyihasi tegishli vazirlik-idoralar tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi, hisob-kitob qilinadi va bunda milliy manfaatlar ko‘rib chiqilganidagina qandaydir xulosa qilib, amalga oshiriladi.

– “Boston Consulting Group” xalqaro tashkiloti tomonidan O‘zbekistonda gaz qazib olishni bugungi holati va kelajagi borasida o‘tkazilgan o‘rganish natijasi bo‘yicha tayyorlangan hisobotlar nega e’lon qilinmadi? U yerda qanday ma’lumot va tavsiyalar berilgan?

– “Boston Consulting Group” kompaniyasi hisobotlarini o‘zimiz audit sifatida tavsiyaviy tarzda tayyorlatganmiz. Bu hujjatlarning ochiqlanmasligining sababi shartnomada shunday belgilangani uchundir. Bu xususiy tashkilot. Bugungi kunda qaysi tarmoqda qandaydir ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa, albatta bu kompaniyalarning tavsiyasi inobatga olingan. Lekin qaysi chet el korxonasi bo‘lishidan qat’i nazar ularning hisobotlari ilova qilingan holda mutaxassislar ishtirokida o‘rganib chiqiladi.

– Bugungi kunda Gazlida mavjud yer osti gaz zaxirasi kimlarga, nima maqsadda va qancha muddatga ijaraga berilgan?

– Bizda ikkita gaz saqlash ombori bor. Birinchisi Andijonning Xo‘jaobod tumanida va Gazlida. Ularning ikkisi ham “O‘ztransgaz” balansida. Hozirgi kunda ikkita gaz omboridan kuniga 20 mln kubometr atrofida yozda haydalgan gazni ajratib olyapmiz.

Gazlidagi gaz konini oladigan bo‘lsak, bu yerdan 60 yil davomida foydalanib kelingan. Ammo hozirgi vaqtda murakkab geologik tuzilmali qatlamlarni inobatga olgan holda Rossiyaning “Forus” kompaniyasi bilan birga qo‘shma korxona tuzilgan. Hozirda bu korxona burg‘ilash ishlarini olib bormoqda va oldin olib bo‘lmagan qatlamlardan gaz ajratib olmoqda.

– 2017 yilda 2021 yilga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida gaz ishlab chiqarish hajmini 5 barobarga oshirish bo‘yicha dastur tuzilgan edi. Qancha pullar ham sarflandi. Ammo nega shu paytga qadar bu to‘g‘rida biror hisobot berilmadi?

– Bu bo‘yicha har yili hisobotlarda ko‘rsatib o‘tiladi. Bir narsani aytish kerakki, agar gaz qazib chiqarish yo‘lga qo‘yilmaganda va ishlab chiqarish oshib bormaganda gaz ishlab chiqarish dinamikasi tushib ketgan bo‘lar edi. Agar dastur ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan vaqtda pullar sarflanib, gaz hajmi oshirilmaganda uning hajmi bugungi kunda 52 mlrd kub emas, balki 45 mlrd kubni tashkil etgan bo‘lar edi. To‘g‘ri, gaz hajmi u qadar oshib ketmagan bo‘lsa ham, keskin tushib ketishning oldi olinib, jarayon me’yorlashtirildi.

– Gaz bosimi pasayib, turli muammolar yuzaga kelish fonida iqtisodchilar GTL zavodi samarasizligi, uning faoliyatini to‘xtatish zarurligini ta’kidlashmoqda. Nima uchun zavod faoliyati haligacha to‘xtatilmayapti?

– GTL zavodining texnik-iqtisodiy asosnomasi bor, xalqaro moliyaviy institutlar kredit ajratgan. Masalan, xuddi shunday loyiha Qatarda qilingan va 5-6 yilda o‘zini oqlagan. Hozir Qatardagi eng yetakchi zavodlardan biri, barcha iqtisodiy samarasini ko‘rishingiz mumkin. Bunday zavodlar Nigeriya va Janubiy Afrikada ham qurilyapti.

Samarasiga kelsak, tabiiy gazni sintez qilib dizel yoqilg‘isi va aviakerosin olinyapti. Agar shu hajmlar bo‘lmaganida biz bu ikkala mahsulot hajmlarini import qilishga majbur bo‘lardik. Narxini, hammasini ko‘rsatib berishim mumkin.

Hozirgi kunda taqchillik sabab GTL zavodi faoliyatini to‘la quvvatining 30 foiziga tushirganmiz. Navoiyazot, Chirchiq, Farg‘onadagi yirik zavodlarni to‘xtatgan bo‘lsak, GTL zavodini ham minimal ishlash darajasigacha tushirganmiz.

– Bugungi og‘ir ahvoldan qanday chiqiladi? Eshitishimiz bo‘yicha, bu borada Rossiya bilan kelishuv ustida ishlanyapti, lekin qator ekspertlar Rossiyadan gaz olish siyosiy xato ekanini ta’kidlashmoqda. Bilib turib ham, bu xavfli yo‘lga kiramizmi?

– Biz milliy manfaatlarimizni hech qachon xavf ostiga qo‘ymaymiz. Agarda siz aytayotgan choraga yo‘l qo‘yadigan bo‘lsak ham, faqatgina tijoriy oldi-sotdi shartnomalari orqali amalga oshiramiz. Buning evaziga biror siyosiy shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

Agar gazni chegaramizgacha olib kelib, bizga ma’qul narxda bersa, olamiz, bo‘lmasa yo‘q. Boshqa choralarni ko‘ramiz.

Bir narsani to‘g‘ri tushuninglar, bizda gaz tafovuti faqatgina sovuq qishki mavsumda bo‘ladi xolos. Qolgan paytlar to‘liq ta’minlaymiz. Shuning uchun qolgan choralarni ko‘ramiz, qo‘shimcha investitsiya kiritamiz, energiya tejamkorlikka olib boramiz, gazdan tashqari muqobil energiya – ko‘mirda ishlay oladigan tarmoqlarni maksimal ravishda ko‘mirga o‘tkazamiz, alternativ energetikani intensiv rivojlantiramiz. Shu kabi choralar ko‘riladi.

– Yetishmayotgan gaz nima uchun Turkmanistondan import qilinmaydi?

– Biz hozirgi kunda import qilayotgan gazimizni Turkmanistondan olyapmiz. Buni oshirish bo‘yicha ular bilan ham muzokaralar olib borilgan. Ma’lum kelishuvlarga erishilgan, lekin mana ko‘rib turganingizdek, to‘liq hozirgi kundagi ehtiyojni qondirmayapti. Turkmanistonning ham qazib chiqarish hajmlari bo‘yicha o‘zining majburiyatlari bor.

Aytyapman-ku, agar chegaramizgacha olib kelib, bizga to‘g‘ri keladigan narxda, kerakli hajmda gaz bersa, olamiz, bo‘lmasa gazga qandaydir bir qaramligimiz yoki o‘lib qolib bo‘lsa ham uni olamiz degan ehtiyojimiz yo‘q. To‘g‘ri kelsa, Rossiyadan bo‘ladimi, Turkmanistondan bo‘ladimi, qaysi biri manfaatliroq, iqtisodiy samaraliroq bo‘lsa, shu bo‘yicha ishlaymiz. Bo‘lmasa, alternativ variantlarni rivojlantiramiz.

– Agar Rossiyadan gaz import qilinsa, bu Putin taklif qilayotgan gaz ittifoqi doirasida bo‘ladimi?

– Yo‘q. Agarda gaz olib keladigan bo‘lsak, bizning Rossiya bilan umumiy chegaramiz yo‘q, ya’ni Qozog‘iston hududidan tranzit qilishimiz kerak, demak shu gazni bizga yetkazib berishi uchun Qozog‘iston bilan tegishli muzokaralarni olib borishimiz kerak. Texnik tarafdan shunday. Lekin qandaydir bir ittifoq doirasida emas.

Har qanday transchegaraviy gaz quvurlaridan foydalanish, albatta, o‘sha davlatlarning ishini o‘zaro muvofiqlashtirishi degani. Masalan, Turkmanistondan Xitoygacha gaz quvuri O‘zbekistondan ham o‘tgan, bu yerda muvofiqlashtiruvchi qo‘mita bor. Qo‘mita Turkmanistondan boshlab, O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlaridan o‘tib, Xitoyga borgungacha gaz quvurlaridan foydalanilishini muvofiqlashtiradi. Qanday ishlaydi, rejimi qanday bo‘ladi, hajmlar...

– Putin taklif qilayotgan ittifoq bundan nimasi bilan farq qiladi?

– Bu ittifoq emas. Bu gaz quvurlari tizimini ishlatish degani.

– O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqi tuzish bo‘yicha taklif bo‘ldi-ku?

– Bizga hozirgi kungacha bunaqa taklif kelib tushmagan. Bu borada hozir sizga aytib o‘tganimdek yo‘nalishda muzokaralar olib boryapmiz.

– O‘zbekiston ichidagi gaz qazib olish bilan shug‘ullanadiganlar bilan gaplashganimizda, ular ichki potensial yuqori ekani, o‘zimizda gaz qazib olish hajmini oshirish orqali ham bu muammoni qaysidir jihatdan hal etish mumkinligini, ammo ularga yetarli sharoit bo‘lmayotganini ham aytishdi. Bunga qanaqa fikr bildirasiz?

– Aytib o‘tganimdek, biz barcha yo‘nalishlarda harakat qilamiz. Birinchidan, o‘z resurslarimizdan maksimal darajada foydalanamiz, ya’ni georazvedka va qazib chiqarishni oshirish. Ikkinchidan, muqobil energetikaga o‘tish.

Buni qaysi kompaniya aytyapti... O‘ylaymanki, sarflanayotgan har bir pul qayerda ko‘proq samara berishi, qayerda ishlash kerakligini bilsak kerak? Hozirgi kunda eng ko‘p ishlayotgan hududimiz – Ustyurt.

Mavjud konlarimizdagi zaxiralarning foydalanib bo‘linganlik darajasi 85 foiz. Bu degani 15 foiz qolgan. Uni siquv-kompressor stansiyasi, qandaydir qo‘shimcha choralar bilan olish kerak. Avvallari biz 1,5 mingdan 3,5 ming metrgacha chuqurlikda burg‘ilash ishlarini olib borgan bo‘lsak, hozir 6-7 ming metrga ketyapmiz. Chuqurlashdi degani bu qo‘shimcha xarajat, yangi va og‘ir juda murakkab texnologiyalar zarur degani. Ya’ni sezilarli darajada investitsiya mablag‘ini talab qiladi.

Bu potensialni biz to‘liq baholagan holda biz qayerda ishlaymiz, qanday ishlaymiz, rejalashtirganmiz. Nafaqat o‘zimiz, mana hozirgi kunda konkurslar e’lon qilindi, xorijiy hamkorlar chaqirildi, qatnashinglar deyildi. Hammaga bu yo‘nalishda ochiq, shaffofmiz. Kelishsin, ishlashsin. Kanada kompaniyasi kelyapti, turk kompaniyalari, xitoy kompaniyalari ishlamoqchi. Bemalol.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzuga oid