Jamiyat | 15:51 / 07.12.2022
19148
8 daqiqa o‘qiladi

Raqamli dunyo bolalari: ularni ekran kasal qilib qo‘yishi mumkinmi? 

Internet foydalanuvchilarining har uchinchisi – bolalar. Ular turli manbalardan, filtrlangan va filtrlanmagan axborotlarni iste’mol qilishadi. Oqibatda esa bolalarning nutqida, o‘qishida, do‘stlar orttirishida muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Internet asrida voyaga yetayotgan bolalar hali go‘dakligidan atrofdagilarning turli gadjetlardan foydalanayotganini ko‘rib ulg‘ayishmoqda.

Tabiiyki, salgina ulg‘ayishgach ularni qiziqtiradigan eng asosiy o‘yinchoq ham mana shu gadjetlar bo‘ladi. Yaqin qarindoshimning bir yoshga to‘lgan qizalog‘i televizordan multfilm qo‘yib berishsa, ko‘rishni xohlamasdan xarxasha qilib, telefondan qo‘yib berishini talab qiladi. “Hozirgi bolalar tug‘ilgandanoq telefonni tushunib tug‘ilishadi” degan gaplar ham quloqqa chalinadi. Lekin hali aqlini tanimagan bolaning virtuallikka real narsalardan ham ko‘proq qiziqishi normalmi?

Foto: Shutterstock

2 yoshdan so‘ng ruxsat

“Bolalar 2 yoshdan oshganlaridan so‘ng ularga ekran vaqti belgilab, telivizor, You Tubeʼdan videolar qo‘yib berish mumkin. Bundan oldinroq ekranga o‘rgatish bolaning nutqi va psixologik rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Bunda bolaning tili kech chiqishi mumkin, u o‘zining “o‘zi ekanligini” anglashi qiyin bo‘ladi. Ekrandagi suhbatdosh undan javob berishni talab qilmaydi. Shu sabab bolalar “raqamli autizm” kasalligiga chalinib qolishi ham mumkin. Bu – odamlar bilan aralashish, nutq va o‘zini his qilishda muammolar bilan namoyon bo‘ladi”, deydi psixolog Rozaliya Gabdulhaqova.

Xorijiy nashrlar bolaga kamida18 oylik (1,5 yosh) bo‘lmaguncha video ko‘rishga ruxsat bermaslik lozimligini yozishadi. Yo‘qsa, bolada xotira, til chiqishi va keyinchalik o‘qishni o‘rganishida muammolar bo‘lishi mumkin. Lekin hozir 2 yoshgacha ham bolani virtual olamdan uzoq tutish oson emas.

Raqamli autizm

Bu atama, ayniqsa, pandemiyadan keyin ko‘p ishlatila boshlandi. Raqamli autizm 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ekran oldida ko‘p vaqt sarflashi sabab ularda autizmga o‘xshash alomatlar yuzaga kela boshlashi bilan namoyon bo‘ladi. Autist bolalarga tashqi dunyoga befarqlik, o‘zi bilan o‘zi gaplashish, ijtimoiylasha olmaslik, hislarni ajrata olmaslik kabi holatlar xos.

Foto: Shutterstock

Bolani kuniga 2 soatdan ko‘p ekran oldida qoldirish me’yordan ortiq hisoblanadi. Agar shunday qilinsa, uning rivojlanishida xavflar paydo bo‘lishi mumkin: kognitiv qobiliyatida sustkashlik, sotsial hayotga moslashishda qiyinchiliklar, nutqda muammolar. 

Bolalarning bola qahramonlari

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining har uchinchisi – bolalar. Ular internet orqali o‘yin o‘ynashadi, video ko‘rishadi va shu orqali turli ko‘rinishlarda axborot iste’mol qilishadi.

Bolalar yaxshi ko‘radigan platformalardan biri, shubhasiz, You Tube. Bu platforma 0 yoshdan boshlab bolalar uchun mo‘ljallangan turli multfilmlar, qo‘shiqlar va ko‘rsatuvlar bilan to‘la. You Tubeʼga bir kunda taxminan 700 ming soatlik video yuklanadi va istalgan odam o‘zi kontent yaratishi mumkin. Videolarni doimiy ravishda filtrlash imkoni esa juda oz. Bu esa bolalar o‘zlariga zararli videolarni ko‘rmasligi kafolatlanmaganini bildiradi.

 You Tubeʼda bolakaylar uchun ko‘rsatuvlar tayyorlaydigan bola yutuberlar ham ko‘p. Masalan, “Rayanning dunyosi” vlogining 33,8 mln, “Nastya kabi” vlogining 102 mln obunachisi bor. Bu blogdagi videolar millionlab marta ko‘rilgan va ularni aynan bolalar ko‘rishadi. Turli mavzularda sahnalashtirilgan ko‘rsatuvlar bir qarashda rang-barang va zararsiz. Ammo ular diqqat bilan ko‘rib chiqilsa, bolaning vaqtini ekranda o‘tkazishdan tashqari boshqa zararlarini ham ko‘rasiz. Bu – ongostiga ta’sir qiladigan qo‘rqinchli yoki mumkin bo‘lmagan odatlarni qilish mumkinligini ko‘rsatadigan sahnalar.

“Nastya kabi” vlogidan bir nechta videolarni ko‘rib chiqamiz.

Vlogdagi “Zararli jodugar tarixi” videosi yarim millionga yaqin ko‘rilgan. Unda jodugarga oid qo‘rqinchli sahnalar bor.

Helloun haqidagi mana bu videodagi tasvirlar esa hatto katta odamni ham seskantirib yuboradi.

To‘g‘ri, vlogdagi videolar ko‘ngilochar va bolalarga turli mavzularda (masalan, ovqatlanishdan oldin qo‘lni yuvish kerakligi, sanashni o‘rganish, to‘fondan qanday himoyalanish kabi) ma’lumotlar beradi, lekin oradagi shunday qora tasvirlar bola ruhiyatiga ta’sir qilmay qolmaydi. 

Oqibat

Qo‘rquv uyg‘otuvchi videolarni tomosha qilish miyaning kichik miqdorda dopomin qabul qilishiga sabab bo‘ladi. Dopomin tanani rag‘batlantiruvchi funksiyani bajaradi va biror harakatni qayta-qayta bajarishga xohish uyg‘otadi. Bu harakat ular videoda ko‘rgan xavfli vaziyatni takrorlab ko‘rish istagi bo‘lishi ham mumkin.

Foto: Shutterstock

“Hayoti You Tubeʼdan iborat bo‘lib qolgani uchun odamlar bilan muloqot qila olmay qolgan, xuddi qisqa videolar kabi mavzudan mavzuga sakrab o‘tib ketadigan, virtual dunyoga tushib qolishni orzu qiladigan bolalar ham qabulimga kelishadi. Ular bilan birinchi navbatda kun tartibi tuzib olib, ekran oldida o‘tadigan vaqtini boshqa mashg‘ulotlarni bajarishga almashtiramiz. Bunda bolaning yoshiga ham ko‘p narsa bog‘liq. Agar bolaning yoshi kichik bo‘lsa, u bilan ishlashda ota-onasi yordamidan foydalaniladi”, deydi psixolog Rozaliya Gabdulhaqova.

Bolani qanday band qilish mumkin?

Rozaliya Gabdulhaqova fikriga ko‘ra, kichik yoshdagi bolani video qo‘yib chalg‘itish – muammoni hal qilmasdan uni vaqtincha tinchitish degani.

“Bolakay biror vaziyatni qabul qilolmagani uchun yoki nimadandir norozi bo‘lgani uchun yig‘laydi. Ona esa buni tushunib muammoni hal qilish o‘rniga uni telefon bilan chalg‘itib turadi xolos. Bolaning yoshiga qarab uning xarxashasi ham har xil bo‘ladi. Masalan, 3 yoshli bola xohishlarini yaxshi tushuna olmaganidan yoki talab qilishni o‘rganayotgani uchun injiqlanishi mumkin. Undan kichik yoshdagi bola esa qo‘liga telefon berishlariga o‘rgangan bo‘lsa yana shuni talab qilayotgan bo‘ladi. Sababi bolalarga bir xillik ko‘proq yoqadi va u video ko‘rib xotirjam bo‘lishga o‘rgangan bo‘lsa, yana shuni talab qiladi.

Ona bolaning yoshidan kelib chiqib, u uchun ekran oldida o‘tirish o‘rniga yangi mashg‘ulot o‘ylab topishi kerak. Shuningdek, xarxashaning aniq sabablarini o‘rganib, hal qilishga harakat qilish kerak”, deydi psixolog. 

Reallik darajasidagi virtuallik

Virtuallik hayotga ko‘chayotgan davrda bolalarni unday cheklash juda qiyin. Masalan, hozir Metavers deb nomlangan 3D formatdagi dunyo yaratilgan, unda hamma o‘zining avatarini yasab olishi mumkin. Bu avatar siz bo‘lib harakatlanishi va odamlar bilan tanishib, do‘stlar orttirishi, o‘yinlar o‘ynashi va hatto sayr qilishi ham mumkin.

Foto: Shutterstock

Bunday sharoitda bolalarni gadjetlardan cheklash emas, ularni qarovsiz qoldirmagan holda axborot iste’moliga o‘rgatib borishdan to‘g‘rirog‘i bo‘lmasa kerak. Bunda ko‘p narsa ota-onaning sabriga bog‘liq bo‘lib qoladi.

Mavzuga oid