Jahon | 20:15 / 16.12.2022
16749
1 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni balandligi 2 kilometrlik osmono‘par bino qurmoqchi 

Uning qiymati 5 milliard dollarga baholanmoqda. 

Foto: meed.com

Saudiya Arabistoni suveren jamg‘armasi (PIF) poytaxt Ar-Riyoz yaqinida balandligi 2 kilometr bo‘lgan osmono‘par binoni qurishni rejalashtirmoqda. U Dubaydagi (BAA) 828 metrlik Burj Xalifa binosidan ikki barobar baland bo‘ladi. 

Ayni paytda Saudiya Arabistonidagi eng baland bino Makkadagi Abraj al-Bayt ko‘pqavatli binolar majmuasiga kiruvchi soat minorasi bo‘lib, uning balandligi 601 metrni tashkil qiladi. 

Bo‘lg‘usi osmono‘par binoning umumiy maydoni 18 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Loyihaning taxminiy qiymati 5 milliard dollarga teng. 

Mamlakat rasmiylari allaqachon tender e’lon qilgan. Unda ishtirok etishning narxi 1 million dollar bo‘lib, Skidmore, Owings & Merrill, Adrian Smith & Gordon Gill Architecture, Kohn Pedersen Fox va Gensler (AQSh), Killa Design (BAA), shuningdek, Egis (Fransiya) tarkibiga kiruvchi 10Design kompaniyalari ariza topshirgan. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid