Jahon | 18:51 / 22.12.2022
39039
12 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiyning AQShga safari. Asosiy ma’lumotlar

Ukraina prezidentining urush davridagi ilk xorijiy safariga qat’iy maxfiylik sharoitida tayyorgarlik ko‘rildi. U Vashingtonda Bayden bilan muzokaralar o‘tkazdi, uning Kongressdagi chiqishi olqishlar bilan qarshilandi.

Urush davridagi ilk xorijiy safar

PRESIDENT OF UKRAINE

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon ilk marta mamlakatni tark etdi. 21 dekabr kuni ukrainlar yetakchisi oldindan e’lon qilinmagan rasmiy tashrif bilan Vashingtonga bordi. Politico nashri xabariga ko‘ra, tomonlar bir necha hafta mobaynida tor doiralarda ushbu ehtimoliy tashrif detallarini muhokama qilishgan. CNN manbasi Zelenskiyning atrofidagi kishilardan biriga asoslanib xabar qilishicha, Rossiya tomonidan ukrainlar yetakchisiga suiqasd sodir etilishi xavfi tufayli AQShda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Hujum xavfi tufayli na yuqori martabali amaldorlar va na Ukrainaning AQShdagi elchixonasi xodimlari tashrif grafigidan boxabar bo‘lishgan. 

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, Zelenskiy mahalliy vaqt bilan 21 dekabr kuni tushda «Endryus» aviabazasiga qo‘ngan.

Ukrainlar prezidenti avvaliga poyezd orqali Polshaning Jyeshuv shahriga o‘tgan, u yerdan AQSh harbiy havo kuchlari samolyoti orqali Vashingtonga parvoz qilgan. Unga safar davomida AQShning Ukrainadagi yangi elchisi Brijit Brink hamrohlik qildi.

Rasmiy tashrif dasturi avvalida Zelenskiyni Oq uyda prezident Bayden va rafiqasi kutib oldi. Bu kadrlar Amerika televideniyesi jonli efirida namoyish etildi.

Uchrashuvning ochiq qismida Zelenskiy Baydenga Ukrainaga yordam uchun minnatdorchilik bildirdi, shuningdek unga ayni vaqtda frontning eng xavfli uchastkasi bo‘lib turgan Baxmut atrofida jang qilayotgan qismlar tarkibidagi HIMARS batareyasi kapitani berib yuborgan nishonni topshirdi.

«Putin olib borayotgan shafqatsiz, o‘ta shafqatsiz urushdan birgalikda himoyalanishda siz bilan yonma-yon turish men uchun katta sharaf», dedi Bayden bunga javoban.

«Allaqachon 300 kun o‘tganiga, Putin ukrainaliklarning millat sifatida yashash huquqini qo‘pol ravishda poymol qilganiga va Ukraina xalqiga faqat qo‘rqitish uchun hujum qilganiga ishonish qiyin», deya qo‘shimcha qildi Bayden.

AQShning yordami davom etadi

Ikki prezident uchrashuvi ikki soatdan ortiqroq vaqt davom etdi.

Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Volodimir Zelenskiy prezident Bayden Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlarini o‘z ichiga olgan yangi harbiy yordam paketi ajratilishini tasdiqlagani haqida ham gapirdi.

«Men uyga yaxshi xabarlar bilan qaytaman, qariyb 2 milliard dollarlik harbiy yordam paketi ajratiladi, bu paketdan bizning havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz imkoniyatlarini kuchaytiruvchi Patriot tizimlari ham o‘rin olgan», degan Ukraina prezidenti.

Qo‘shma matbuot anjumani vaqtida Bayden AQSh Ukrainani qancha kerak bo‘lsa shuncha qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. U Rossiyaning Ukrainaning aholi yashash manzillari va energetika infratuzilmalarini o‘qqa tutayotgani haqida gapirib, Putin qishdan qurol sifatida foydalanishga urinayotgani, Rossiya «odamlar urush va ochlikdan azob chekishi va bo‘linishi» uchun qishda Ukrainaning infratuzilmalariga zarba berayotganini aytgan.

Bundan tashqari, Bayden Amerikaning Kongressdagi ikki partiyasi ham ukrainlarni qo‘llab-quvvatlashiga ishontirib, Yevropadagi ittifoqchilar, Yaponiya va boshqa davlatlar bilan birgalikda Ukrainaga zarur gumanitar va harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishini, jumladan zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimi hisoblangan Patriot tizimlarini yetkazib berishini bildirgan. 

Shuningdek, Bayden Ukrainaning o‘z erkinligi va mustaqilligi uchun olib borayotgan kurashining butun dunyo uchun ahamiyatini ta’kidlab, ukrain xalqining jasoratiga yuksak baho berdi.

O‘z navbatida, Zelenskiy AQSh va ittifoqchilarga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirib, bu yordamning har bir dollari xayriya emas, balki xalqaro xavfsizlik uchun investitsiya hisoblanishini aytdi. Ukraina prezidenti ukrainlarning o‘z erki va mustaqilligi uchun kurashda qat’iy ekanini ta’kidladi.

Alex Wong / Getty Images

Bayden yevropalik ittifoqchilar yordamiga shubha qilmayapti

AQSh Ukraina ittifoqchilari koalitsiyasi naqadar mustahkam ekani haqidagi savolga javoban Bayden AQSh bu borada muammo ko‘rmayotganini aytdi.

«Biz Ikkinchi jahon urushidan buyon Yevropa davlatiga yirik bosqinga guvoh bo‘lmagandik. [...] Biz o‘rtaga suverenitet g‘oyasi qo‘yilganini to‘g‘ri anglaymiz. Putin NATOni zaiflashtiraman deb o‘ylagandi, ammo u alyansni kuchaytirdi. U NATOga birdamlik olib keldi, Finlandiya va Shvetsiya qo‘shilishiga sababchi bo‘ldi», - degan Bayden.

CNN muxbiri Baydendan AQShdagilar Ukrainaga Patriot komplekslari yetkazib berishi ortidan Rossiya tomonidan eskalatsiya yuzaga keltirilishi ehtimoli haqida qanday fikrda ekanini so‘ragan. Prezident bunday deb o‘ylamasligi, chunki Patriot mudofaa quroli ekanini aytgan.

Ukrainaning «Inter» telekanali muxbiri prezidentlardan ular urushning «adolatli» yakunini qanday ko‘rishlari haqida so‘ragan.

Savolga birinchi bo‘lib javob qaytargan Volodimir Zelenskiy Ukrainaning tinchlik muzokaralaridagi asosiy sharti - hududlar qaytarilishi va yetkazilgan zarar qoplanishi bo‘lishini aytgan.

«Prezident sifatida men uchun adolatli tinchlik - bizning hududlarimiz bo‘yicha murosasizlik va barcha yo‘qotishlarning qoplab berilishidir. Rossiya bizga, Yevropaga va butun sivilizatsiya dunyosiga qarshi qilgan barcha ishi uchun javob berishi kerak. Biz AQShga yakunda tinchlikka olib borishi mumkin bo‘lgan shunday choralar ko‘rishni taklif etdik», degan u.

Bayden Qo‘shma Shtatlar tinchlik shartlari masalasida Ukrainaning pozitsiyasiga qo‘shilishini qo‘shimcha qilgan. «Biz Zelenskiy bilan mutlaqo bir xil fikrdamiz», degan Amerika prezidenti.

Putinga javob qaytarish va natsizm bilan kurash xotirasi

Foto: Ting Shen / Bloomberg / Getty Images

Bayden bilan uchrashuvdan keyin Zelenskiy Kongressda chiqish qildi. O‘zining 20 daqiqalik nutqida prezident Ukrainadagi urush natijasi butun dunyo kelajagi uchun muhim ekanini ta’kidladi.

AQSh Kongressidagi ikki palata vakillari qarshisidagi chiqishida Zelenskiy yana bir bor amerikaliklarga urushdagi yordam uchun minnatdorchilik bildirib, Ukrainaning va butun erkin dunyoning g‘alabasi uchun ukrainlar ham, ittifoqchilar ham bardoshli bo‘lishi talab etilishini ta’kidladi.

Zelenskiy yana bir bor hozirgi urushni va Putin Rossiyasini Ikkinchi jahon urushi va Hitler Germaniyasi bilan qiyosladi.

«Ular bizga qarshi barcha narsani tashladi, xuddi bir vaqtlar shunday tiraniya qilgani kabi ... Erkin dunyoga qarshi o‘zlarida bor narsani tashlashdi. 1944 yil Rojdestvo kunlarida mudofaalangan va Hitler qo‘shinlarini chekintirgan jasur amerikaliklar kabi bahodir ukrain jangchilari ham bu yilgi Rojdestvoda Putin qo‘shinlariga qarshi mardonavor kurashmoqda. Ukraina o‘z pozitsiyalarida dadil turib bermoqda va hech qachon taslim bo‘lmaydi. Biz g‘alaba qozonamiz, chunki biz birdammiz: Ukraina, AQSh va butun erkin dunyo», dedi Zelenskiy.

Bu so‘zlardan keyin kongressmenlar yana bir bor o‘rinlaridan qalqishdi va tik oyoqda Zelenskiyni olqishlashdi.

Zelenskiy ingliz tilida nutq so‘zladi va uning «hech qachon taslim bo‘lmaslik» haqidagi iborasi (will never surrender) Uinston Cherchillning o‘sha mashhur Fulton nutqiga ishoradir.

O‘z chiqishi yakunida Zelenskiy yana bir bor amerikaliklarga minnatdorchilik bildirdi va Baxmutdan olib kelingan ukrain bayrog‘ini tuhfa etdi.

Zelenskiy AQSh Kongressiga Baxmutdagi ukrain askarlari berib yuborgan bayroqni topshirdi

Patriot qanday qurol?

Zelenskiyning tashrifi arafasida AQSh Ukrainaga yangi harbiy yordam paketi haqida e’lon qildi, bu yordam Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini ham o‘z ichiga oladi.

AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken chorshanba kuni bu paket haqida batafsil ma’lumot berdi. Uning ayrim jihatlari oldinroq matbuotga chiqib ketgandi, ammo bu ma’lumotlar to‘liq holda ilk bor e’lon qilindi:

  • Paket 1,85 mlrd dollar qiymatga ega bo‘lib, u Ukraina qurolli kuchlari uchun ilk bor Patriot tizimlari yetkazib berishni ko‘zda tutadi;
  • Chorshanba kuni Davlat departamenti bu paket doirasida bir milliard dollar mablag‘ havo hujumidan mudofaa vositalari, shuningdek yuqori aniqlikdagi zarba berish vositalari hamda o‘q-dorilar uchun ajratilishini ma’lum qildi.
  • Paketning ikkinchi qismi - 850 mln dollar mablag‘, mudofaa vazirligining Ukrainaga yordam dasturi doirasida ajratilgan.
  • Endilikda AQShdan Ukrainaga yetkazilgan harbiy yordamining umumiy miqdori Jo Bayden ma’muriyati boshqaruvi davridagi misli ko‘rilmagan darajadagi 21,9 mlrd dollarga yetdi.
  • AQSh butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq hamkorlar bilan Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududidan olib chiqilguniga qadar ushbu mamlakatga istalgan yordamni ko‘rsatish ustida ishlashda davom etadi.

Patriot - ukrainlarga ittifoqchilar tomonidan berilayotgan eng kuchli va zamonaviy havo hujumidan mudofaa kompleksi hisoblanadi. Rossiyaning Ukrainadagi muhim infratuzilmalarga zarba berishda davom etayotgani tufayli Kiyev bunday ilg‘or tizimga katta ehtiyoj sezmoqda. CNN telekanalining Pentagondagi manbasiga ko‘ra, Ukrain harbiylari Patriot komplekslarida ishlashni o‘rganishi uchun bir necha oy talab etiladi.

Bu hujum quroli emas, mudofaa qurolidir. U 80 kilometr masofadan turib 20 kilometrgacha bo‘lgan balandlikdagi nishonni yo‘q qila oladi. Patriot tovush tezligida uchuvchi raketalarni ham aniqlab, yo‘q qilishi mumkin. Tizim bir vaqtning o‘zida 125 ta nishonni kuzatib, bir vaqtda ularning 6 tasiga zarba bera oladi. Uning radarlari juda kuchli ekani bilan ajralib turadi.

Patriot’ning asosiy xususiyatlaridan biri oddiy raketalar va samolyotlardan tashqari tovush tezligida uchuvchi ballistik raketalarni ham yo‘q qila olishidadir. Rossiyaning aynan shunday turdagi raketalari Ukrainaga urush boshidan buyon eng katta muammo bo‘lib kelmoqda. Ballistik raketalar oddiy raketalar kabi yer ustidan uchib bormaydi. U katta balandlikka ko‘tarilib vertikal tarzda nishonga uriladi. Ularni oddiy zenit komplekslari tuta olmaydi, Patriot’ning asosiy ustunligi ularni ura olishidadir.

Oxirgi markadagi PATRIOT PAC-3 raketa komplekslari Rossiyaning asosiy qurollari bo‘lmish «Iskander», «Kinjal» va «Tsirkon» raketalarini yo‘q qila oladi.

Patriot’ni ishlab chiqarish ustida 1980-yillarda ish boshlangan. Undan ilk marta 1990-yillardagi Fors ko‘rfazida bo‘lgan urushlarda foydalanishgan. Tizimning yana bir ustunligi tezda jangovar tayyor holatga kelishidadir. Patriot yuqorida aytilganidek, bir necha nishonga bir vaqtning o‘zida zarba bera oladi, kam xato qiladi, uni chalg‘itish qiyin. Oxirgi takomillashtirilgan variantdagi Patriot tizimlari nishonga olingan raketani aniq cho‘tlab yo‘q qila oladi.

Mavzuga oid