«Fuqarolik uchun o‘l, migrant»: xorijliklar Rossiya armiyasiga qanday jalb etilmoqda?
Yaqinda Moskvadagi jamoat transportlarida RF Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolab, qurolli kuchlar safida xizmat o‘tashga chorlovchi e’lonlar paydo bo‘ldi. Garchi bu amaliyotdan tezgina voz kechilgan bo‘lsa-da, urush olib borayotgan Rossiya armiyasiga xorijliklar faol tarzda jalb qilinmoqda.
«Novaya gazeta – Yevropa» bu nechog‘lik qonuniy ekani va Rossiyada qancha xorijlik askarlikka qabul qilinganiga bag‘ishlangan maqola e’lon qildi.
Qiynoq ostidagi shartnoma
Xorijliklarga RF qurolli kuchlarida xizmat qilishga chorlov hali urush boshlanmasdan avval yangray boshlagandi. 20 fevralda o‘zini migrantlar himoyachisi deb atovchi bloger Bahrom Ismoilov YouTube’dagi kanalida migrantlarni Rossiya armiyasiga yozilishga chorlab, rolik joylashtiradi. Rolikda yarim yillik xizmat uchun ularning barchasiga RF fuqaroligi va’da qilingan (ayni paytda rolik o‘chirib yuborilgan).
«Urush boshlanganidan so‘ng Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Ozarboyjon, Armaniston va boshqa davlatlar fuqarolarining RF qurolli kuchlari safiga kirish uchun faol targ‘ib qilinayotgani borasida qo‘ng‘iroqlar oqimi ko‘paydi, — degan «Novaya gazeta – Yevropa»ga huquqbon va migrantlar masalalari bo‘yicha yurist Valentina Chupik. — Bu ish rasmiy hokimiyat organlari bilan har qanday kontaktga urinish asnosida sodir bo‘lgan. Menga murojaat qilganlarning soni 300 dan oshadi.
Eng birinchi rozi bo‘lganlar juda tez fursatda o‘zlarini Ukrainada ko‘rishgan. Odamlarni o‘lib ketishga yuborishayotgani kundek ravshan edi.
Biz hamkasblarimiz bilan bunday yollashga qarshi turish bo‘yicha axborot kampaniyasini boshladik. Murojaat qilganlarning katta qismini bu yo‘ldan qaytarishga muvaffaq bo‘ldik. O‘sha paytda armiyaga yozilganlarning soni qancha bo‘lganini esa aniqlashning imkoni yo‘q».
Tez orada Valentina Chupikka go‘yoki Rossiyani Markaziy Osiyodagi ittifoqchilari bilan urushtirib qo‘yish yo‘lidagi qo‘poruvchilik faoliyati uchun tahdidlar bo‘la boshladi. Valentinaga «butilkaga o‘tqazish», «shvabraga o‘tqazish», turli vahshiy usullar bilan o‘ldirishni va’da qila boshlashdi. Bunday tahdidlar kuniga yuzlab kela boshlagan.
Yozda RF Mudofaa vazirligi shartnoma imzolaganlar jangovar harakatlarda qatnashish uchun emas, turli yordamchi ishlarga jalb qilish uchun yig‘ilayotganini ma’lum qildi. Rossiyaga pul ishlash uchun kelgan ko‘plab migrantlar avvaliga gap nimadaligini farqlay olishmagan. Chupik bunday takliflarga butun bir jamoa bo‘lib rozi bo‘lganlarni yo‘ldan qaytarishga uringan.
Sentyabr oyida Valentina kurer bo‘lib ishlagan Qirg‘iziston fuqarosi kechmishidan voqif bo‘lgan. U Moskva markaziga buyurtma bo‘yicha velosipedlar yetkazib berish bilan shug‘ullangan. Uni politsiya to‘xtatgan va maxsus avtobusga kuzatib qo‘ygan. U yerda uni rosa tepkilashgan. Ikki qovurg‘asi va o‘mrov suyagini sindirishgan. Bu ishlar nima uchun qilinayotganini u tushungan va shartnoma imzolashdan bosh tortgan.
Shunda elektroshoker bilan uning jinsiy a’zolarini kuydirishgan. U barcha shartlarga rozi bo‘lgan. Shartnoma imzolangach, uni ko‘chaga tashlab ketishgan.
«Biz yigitni zudlik bilan qutqarish kerak, degan qarorga keldik, — deb hikoya qiladi Chupik. — Unga pul yig‘ib berib, Qirg‘izistonga qaytarib yubordik. Oradan bir necha kun o‘tib, menga Ma’rufjon ismli o‘zbekistonlik fuqaro murojaat qildi. U «Saxarovo» ko‘p funksiyali migratsiya markazida mehnat faoliyati uchun patent rasmiylashtirgan. Darchalarda imzolash uchun 40 tacha varaqdan iborat hujjatlar to‘plami tutqazilgan. Ularni tezda imzolash kerak, chunki ortingizda ulkan navbat qarab turibdi, bittalab tanishib chiqishga esa vaqt yo‘q.
U hamma joyga o‘z imzosini chekkach, uning pasportiga qandaydir stikerni yopishtirib, «endi boraver», degandek qilib qo‘yib yuborishgan. Ma’rufjonni ko‘chada patrul to‘xtatganida, politsiyachilar stikerni ko‘rib u armiyaga yozilgani, demak tez orada uni o‘ldirishlari, deportatsiya bilan uni garang qilish befoyda ekanini aytishgan».
Urush uchun patent
Tez orada Mudofaa vazirligi bilan shartnoma blankalarini tiqishtirish «Saxarovo» migratsiya markazi uchun kundalik amaliyotga aylanib ulgurgani oydinlashdi. O‘z o‘g‘li bilan patent olishga borgan bir ayol umumiy qog‘ozlar to‘plami ichidan o‘sha shartnomani topgan. Aniqlanishicha, hujjat juda kichik shriftda, ikkita varaqqa chop etilgan. Ehtiyotkor ona janjal ko‘tarib, shartnomani yirtib tashlagach, darchaning narigi yog‘idagi qiz hech kim bu shartnomani majburiy tarzda imzolatmayotganini aytgan. Mudofaa vazirligi bilan shunday shartnomalarni payqamasdan imzolab yuborganlar qancha ekani noma’lum. «Saxarovo»dan har kuni yuzlab, gohida minglab migrantlar o‘tadi.
Oktyabr oyida ishlash uchun patent olmoqchi bo‘lgan xorijliklarni alohida kabinetga olib kirishgan, u yerda fuqarolik kiyimidagi, lekin harbiy ko‘rinishdagi odam shartnoma imzolashga ko‘ndirish uchun qattiq ruhiy bosim o‘tkazgan. Parallel ravishda migrantlarni ko‘chalarda, do‘kondan chiqayotgan chog‘da ushlab olib, shartnoma imzolashga majburlashlar ham bo‘lgan.
O‘zbekiston fuqarolaridan iborat guruhni politsiya tayanch punktiga olib borib, qo‘llarini boshlari uzra panjaraga kishanlab qo‘yib, tun bo‘yi saqlab turishgan. Suv berishmagan, hojatxonaga chiqarishmagan, yaqinlari bilan qo‘ng‘iroqlashishga izn berishmagan.
Migrantlar bu ish o‘z mamlakatlarida harbiy xizmatga yollanish moddasi ostiga tushishi va og‘ir jinoyat hisoblanishini aytib, rad etishgan. Lekin alaloqibat ularda shartnoma imzolashdan boshqa iloj qolmagan.
«Yaxshiyamki volontyorlar ularni uyiga jo‘natish uchun pul yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi, deb tushuntiradi Chupik. — Xorijdan kelganlarga narkotik modda tashlab, voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuzda ayblab yoki maxsus qamoqxonada ochlikdan sillasi quriguncha saqlash bilan tahdid qilingan holatlar ko‘p».
«Kelgindi qoraketlar»
Rossiyada firma direktori bo‘lib ishlovchi, vaqtinchalik yashash guvohnomasiga ega va Rossiya fuqarosiga uylangan Ozarboyjon fuqarosi migratsiya xizmatiga Rossiyada yashash huquqini beruvchi guvohnoma rasmiylashtirish uchun kelgan. Unga ham harbiy xizmat uchun shartnoma tiqishtirishgan. Tortishuvlardan so‘ng u bo‘lim boshlig‘iga murojaat qilgan, bo‘lim boshlig‘i bo‘lgan ayol xorij fuqarosini «kelgindi qoraket» deb haqoratlagan. «Biz ruslar, sizlar uchun urushda jon beryapmiz», degan. Buni eshitgan ozarboyjonlik Rossiyadagi biznesini yopib, vataniga qaytib ketgan.
Tojikiston fuqarosi Baxtiyor Jo‘rayevni qurilish maydonidan ushlab ketib, ko‘rgazma maydoni pavilonlaridan biriga olib borishgan.
«U yerda odam juda ko‘p edi, — deb hikoya qiladi Baxtiyor, — hammaning qo‘liga chaqiruv qog‘ozi tutqizilgan edi. Men bilan uzoq tortishishdi, qo‘llarimni sindirishlarini aytishdi. Men olishni istamagan qog‘ozni tutqazishdi. Hech narsa qilishning iloji yo‘q edi. Yaxshiyamki, politsiyachilar voyenkomatga narsalarimni yig‘ishtirib kelish uchun uyimga ruxsat berishdi. Men Belarusga qochib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim. Hozir yana Moskvaga qaytib keldim, safarbarlikning keyingi to‘lqinida meni ham ushlab olib ketishlaridan qo‘rqib yuribman».
Armiya yoki qamoqxona
Yollovchilar Rossiya qonunchiligini buzgan migrantlarini ham tinch qo‘ymayapti.
«Stavropol o‘lkasida Vaqtinchalik saqlash markaziga deportatsiya qilinishga tayyorlanayotgan migrantlarni yollashga urinish bo‘lgan, — degan «Novaya Gazeta – Yevropa»ga «Rus sidyashchaya» xayriya fondi xodimi Ruslan Vaxapov. — U yerda yarim yilga Rossiya armiyasiga yozilishga rozi bo‘lgan Tojikiston fuqarolariga darhol fuqarolikni rasmiylashtirib, RF pasporti berishni taklif qilishgan. O‘z-o‘zidan tushunarliki, ularni tirik qolish ehtimoli juda kam bo‘lgan urushning eng qaynoq nuqtasiga jo‘natmoqchi bo‘lishgan. Biz Tojikiston qonunlari bo‘yicha yollanish 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadigan og‘ir jinoyat ekanini aytib, ularni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Bunday markazlar butun Rossiya bo‘ylab juda ko‘p, u joylarda to‘pemi bo‘lishga mahkum bo‘lgan qancha migrantlarni yig‘ishgani noma’lum».
Oktyabr oyida Valentina Chupikka butun Rossiyadan — Kaliningrad, Tyumen, Tomsk, Yakutsk, Saratov, Krasnodar, Sochi, Samara, Anadir va boshqa ko‘plab shaharlardan Rossiyada turli shartli muddatlarga hukm qilingan migrantlar murojaat qilishgan. Bu insonlar organdagi inspektorlari oldida tizimli ravishda qayddan o‘tib borishlari kerak. Rossiya huquq-tartibot organlari agar inson xizmat qilishdan bosh torsa shartli jazo muddati haqiqiysiga almashtirilishi bilan po‘pisa qilishgan. Chupik bunday tahdidlar amalga oshirilgan holatlar ham bo‘lganini aytadi. Huquqbonning so‘zlariga ko‘ra, xorijliklarga ba’zida politsiyachiga hujum qilganlik to‘g‘risida soxtalashtirilgan ishlar ham taqdim etilmoqda.
Rossiya sudi tomonidan shartli muddatga «kesilgan» Qirg‘iziston fuqarosi o‘z mamlakati elchixonasidan hech qanday muammo bo‘lmasligi to‘g‘risida kafolat olgach, Lefortovodagi harbiy komissariatlardan biriga borgan. U yerda uni kaltaklab, shartnoma imzolashga majburlashgan. Yaxshiyamki, uni qo‘llovchi guruh ortidan borib, uni ichkaridan — harbiylar changalidan yulib olib chiqishga va vataniga jo‘natib yuborishga muvaffaq bo‘lishgan.
Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash jazoni ijro etish joylarida bo‘lib turgan xorijliklarga ham taklif etilmoqda. Rad qilingan taqdirda, ular kaltaklangan va hattoki jinsiy tajovuz bilan qo‘rqitilgan. Chupik butun Rossiyadagi koloniyalardan bunday murojaatlarning butun bir to‘lqinini qabul qilgan. U yerda og‘ir kasal bo‘lgan xorijlik mahbuslarni armiyaga yollashmoqda.
Yaqinda o‘g‘li Vladimir oblasti Melexovo posyolkasidagi mashhur IK-6da o‘tirgan O‘zbekiston fuqarosining onasi «Rus sidyashchaya» fondi bilan bog‘langan. Bu mahbusni majburlab «yig‘in»ga — «Vagner» guruhida jang qilishga rozilik berganlar otryadiga o‘tkazishgan. Onasi bilan suhbatda o‘zbek yigiti avvaldan kelishilgan kodli so‘zni ishlatib, falokatga yo‘liqqanini bildirgan va «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga yollash haqida aytib bergan.
«Biz prokuraturaga va tergov qo‘mitasiga murojaat qildik, O‘zbekiston elchixonasi bilan bog‘lanib, bu insonni olib qoldik, — deydi Ruslan Vaxapov, — IK-6dan frontga uzoq muddatga qamalgan tojiklar ham ketishgan. Ulardan birining akasiga u yerdagi xizmatdoshlari Ukraina raqamidan qo‘ng‘iroq qilib, akasi g‘oyib bo‘lganini aytishgan. Hozir bedarak ketgan odam qidirilmoqda. Ukasi «Vagner» ofisiga kelgan, uning qo‘liga 168 ming rubl — bedarak ketgan insonning maoshi berilgan. Bunday voqealar juda ko‘p».
Ruslan Vaxapovning so‘zlariga ko‘ra, bugun Rossiyadagi ozodlikdan mahrum etish joylarida juda ko‘p xorijliklar bor. Ko‘plab zonalarda ularni boshqa mahkumlar qatori «Vagner»ga yozilishga majburlashmoqda, bu yo‘lda ularning yashash sharoiti ham maksimal og‘irlashtirilmoqda. Qiynoq, kaltak va jinsiy tajovuzdan mahkumlar frontga qochishga tayyor. Yollangan migrantlarning aniq sonini aytish imkonsiz.
Vaxapovga ko‘ra, rossiyalik bo‘lmagan yollanganlar soni minglab miqdorda o‘lchanadi. Gap faqat sobiq sovet davlatlari emas, uzoq xorijdan kelganlar haqida ham bormoqda. «Vagner» XHKda Afrikadan kelgan yigit halok bo‘lgani haqida ham xabarlar chiqdi.
«Bu insonlarda o‘zini himoya qilish uchun mablag‘ va vositalar yo‘q, — deb tushuntiradi Vaxapov, — Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar o‘z qarindoshlari orqali kamida huquqbonlarga bog‘lana olishadi. Koloniyalardan Ukrainaga jo‘natilayotgan migrantlarga juda ko‘p holatlarda yordam berish imkonsiz. Buning uchun Jazoni ijro etish federal xizmati to‘liq isloh qilinishi kerak».
Qamchi va shirin kulcha
1998 yilning 28 martida prezident Boris Yelsin «Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni imzolagan. Ularga ko‘ra, me’yoriy hujjatga armiyaga xorijiy davlat fuqarolarini jalb qilish imkonini beruvchi modda qo‘shilgan. Shundan buyon Rossiya qurolli kuchlari safida migrantlar xizmat qilishi mumkin.
«So‘nggi yangiliklardan biri — «Fuqarolik to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar, unga ko‘ra shartnoma bo‘yicha bir yil harbiy xizmat qilganlarga fuqarolik berish muddati qisqartiriladi, — deydi Valentina Chupik. — Biroq hujjatda hech qanday kafolat berilmagan. Agar insonda bu statusni rasmiylashtirish uchun yetarli asoslar bo‘lmasa, hattoki xizmat qilib ham fuqarolikni ololmaydi. Menda hatto shunday misollar ham bor!»
Yangi qonunni zo‘rma-zo‘raki shirin kulcha deb qabul qilgan taqdirimizda ham, qamchi — prezident Putin huzuridagi inson huquqlari kengashi tomonidan tayyorlangan. Kengash a’zosi g‘oyani o‘z telegram kanalida shunday ifodalagan:
«RF prezidenti tomonidan e’lon qilingan qisman harbiy safarbarlik doirasida Markaziy Osiyo davlatlari: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan kelib chiqqan, Rossiya fuqaroligini olganiga 10 yildan kam bo‘lgan yangi fuqarolar uchun bir yil ichida majburiy harbiy xizmatni o‘tash borasida taklif tayyorlamoqdamiz. Harbiy majburiyatni o‘tashdan bo‘yin tovlash harbiy xizmatga majbur insonning o‘zi ham, oila a’zolari ham Rossiya fuqaroligini yo‘qotishiga olib kelishi kerak.
Bu tashabbus amalga oshirilishi yuqorida sanab o‘tilgan davlatlar hukumatlari tomonidan ularning fuqarolari Maxsus harbiy operatsiyada ishtirok etishi vatanida jinoiy javobgarlik keltirib chiqarishi bilan bog‘liq rasmiy taqiq joriy etilganiga qarshi o‘rinli javob bo‘la oladi».
Sobiq SSSRning deyarli barcha davlatlarida xorijiy qurolli kuchlarga yollanish uchun jinoiy javobgarlik bor. Rossiya armiyasida xizmat qilish mahalliy qonunlarning shu moddasiga to‘liq tushadi. Lekin shunga qaramasdan, Rossiya qurolli kuchlariga yollash O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston hududlarida ham davom etmoqda. Bu mamlakatlarda Rossiya uchun mehnat kadrlarini to‘plash bo‘yicha firmalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu kompaniya orqali RF armiyasida xizmat o‘tashga odamlar to‘plangan. Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi bekatlarda «Vagner» kompaniyasiga odam to‘planayotgani haqida e’lonlar yopishtirilgan.
«Beshinchi oktyabr kuni menga katta qurilish jamoasi vakillari qo‘ng‘iroq qilishdi, ularni aldov yo‘li bilan qurilish konstruksiyalarini buzib berish uchun shartnoma imzolashga majbur qilishgan, — deya hikoya qiladi Valentina Chupik. — Ishlar Moskva oblastida olib borilishini va’da qilib, mingdan ortiq o‘zbek va tojiklarni oynalari yopilgan 20 ta avtobusga 52 kishidan o‘tqazib, «Donetsk Xalq Respublikasi»ga jo‘natishgan. Faqat yo‘ldagina ular borayotgan manzillari Mariupol shahri ekanini sezib qolishgan. Ular yon-atroflarida vayron bo‘lgan uylar ko‘paya boshlaganidan shubhaga tushishgan. Ular Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishgan va ularni kuzatib borgan nazoratchilarning gap-so‘zlaridan, Donbassda ular darhol qurolli qo‘shinlarga biriktirilgan. Shundan buyon ular haqida boshqa biror xabar yo‘q. Mingdan ortiq inson dom-daraksiz ketdi».
Aftidan, Rossiya armiyasi va «Vagner» XHKga allaqachon o‘n minglab migrantlar xizmatga olib borilgan. Aldangan va kuch bilan yollangan insonlar qanday jang qilayotgani hozircha ma’lum emas. Lekin Belgoroddagi harbiy poligonda Tojikistonning ikki fuqarosi pulemyot va avtomatdan qurolsiz polkdoshlariga qarata o‘q uzishgani hammaning yodida. Rasman ko‘ngilli safarbar qilingan deb hisoblanuvchi 23 yoshli Mehrob Rahmonov va 24 yoshli Ehson Aminzod 15 oktyabr kuni 11 kishini o‘ldirgan va 15 kishini yarador qilgan. Bugun bunaqa holatlar urushning old chizig‘ida qancha sodir bo‘layotganini aniq aytib bo‘lmaydi.
Mavzuga oid
19:02
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
17:00 / 09.11.2024