O‘zbekiston | 15:50 / 26.12.2022
19403
3 daqiqa o‘qiladi

«Qaysi vazirlikdan qancha odam qisqartirilishi hozircha ma’lum emas» – Otabek Hasanov 

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov davlat xizmatchilarining soni qay tartibda qisqartirilishi bo‘yicha ma’lumot berdi. «35 foizgacha qisqarish degani bu – 118 ming kishidan 30 mingtani ayirib tashlash degani emas, qaysidir vazirlikda 10 foiz, qaysidir birida 30 foiz qisqarish bo‘ladi», dedi u.

Foto: KUN.UZ / Otabek Hasanov

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov Xalqaro press-klub sessiyasida davlat tashkilotlarida amalga oshirilishi kutilayotgan xodimlarning qisqartirilishi bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi.

«Ma’muriy islohotning asosiy g‘oyasi, xalqqa samarali natija berish. Bundan keyin, kim foyda keltirsa, u ishini davom ettirib ketaveradi, foyda keltirmayotgan ish o‘rinlari esa qisqarib ketaveradi. Maqsad shu.

Bizga savol bilan murojaat qilishyapti, men boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelyapman, boshqa joyga yana tanlovdan o‘tib ishga joylashamanmi deb. Yo‘q. Agar yangi joydagi teng lavozimga davlat xizmatchisi tavsiya qilinayotgan bo‘lsa, bu rotatsiya shaklida bo‘ladi va u tanlovdan o‘tmaydi. Shuning uchun, biz vacancy.argos.uz portalida vaqtinchalik tanlovlarni e’lon qilishni 15-20 yanvarga qadar to‘xtatdik. Tegishli tashkilotlar bilan shtatlarni qayta ko‘rib chiqqanimizdan so‘ng, qayerda ochiq joy qolgan bo‘lsa, keyin tanlovlarni e’lon qilamiz. Odamlarni ikki marta ovora qilmasligimiz kerak. Lavozimi teng joyga va lavozimidan pastga ishga o‘tayotganlar uchun tanlov bo‘lmaydi.

Adliya vazirligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi 1 oy muddatda qaysi vazirlikda, qaysi lavozimlar majburiy bo‘lishini belgilab beradi. Qolganlari bo‘yicha vazirlikning o‘ziga vakolat berilmoqda.

Oldin yangi vazir kelsa, ko‘pchilikni ishdan bo‘shatvorib, o‘zining jamoasini tuzardi. Endi unday bo‘lmaydi. Qonunda davlat xizmatchisiga kafolatlar berib qo‘yilgan.

Hozirda ichki tanlov va tashqi tanlov e’lon qilyapmiz. Tanlovdan kim o‘tsa, o‘sha ishga kiradi. Bu jarayonlarning adolatli bo‘lishiga esa, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va boshqa tashkilotlar javob beradi. Yangi strukturaning bo‘sh qolgan joylariga ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida bo‘ladi.

Bugungi kunda 61ta tashkilot va 208 ta hokimiyat tizimida 118 ming kishi mehnat faoliyatini amalga oshiradi, ularning o‘rtacha 55-60 foizi respublika darajasidagi tashkilotlarda ishlaydi. Lekin 35 foizgacha qisqarish degani bu 118 ming kishidan 30 mingtani ayirib qo‘yish emas, qaysidir vazirlikda 10 foiz, qayerdadir 30 foiz qisqarish bo‘ladi. Masalan, Moliya vazirligida 30 foizlik qisqartirishni amalga oshirsak, bu qaysidir islohotlarni amalga oshirishga xalaqit berib qolishi mumkin. Lekin boshqa bir vazirlikda 40 foizgacha qisqartirish imkoniyati mavjud bo‘lishi mumkin. 118 ming kishi son jihatdan aniq qisqaradi, ammo qaysi vazirlikdan qancha odam qisqartirilishi hozircha ma’lum emas, buni tahlillar asosida, keyinroq e’lon qilamiz», dedi Otabek Hasanov.

Mavzuga oid