O‘zbekiston | 13:08 / 26.12.2022
88133
2 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan To‘ra Bobolov Surxondaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi.

To‘ra Bobolov / Foto: Kun.uz

Hujjatda u boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ketgani aytilgan.

Toshkent shahar prokurori lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimov Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
 
To‘ra Bobolov 2019 yildan beri hozirgi vaqtga qadar Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. 

U 2017-2019 yillarda Surxondaryo viloyati hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

Ulug‘bek Qosimov

O‘z navbatida, Ulug‘bek Qosimov 2021 yil fevral oyida Toshkent shahrining prokurori etib tayinlangandi.

Ulug‘bek Qosimov 1983 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 2005 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi ish faoliyatini 2005 yilda Denov tuman prokuraturasida boshlab, Surxondaryo viloyat prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda, 2011 yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, Qumqo‘rg‘on tuman prokurori, Surxondaryo viloyati Muzrabot va Denov tumanlarida hokim bo‘lib ishlagan.

U 2018 yilning noyabridan Surxondaryo viloyati prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan, 2019 yil sentabrida Farg‘ona viloyatiga prokuror bo‘lgandi. 

Mavzuga oid