Jahon | 21:05 / 29.12.2022
10563
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti qasrida bolalar reabilitatsiya markazi ochildi 

29 dekabr kuni Bishkekda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevga tegishli bo‘lgan uyda «Kelechek» nogiron bolalar reabilitatsiya markazi ochildi. 

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Tantanali tadbirda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ishtirok etdi. 

«Hozirda respublikada 200 mingdan ortiq nogiron fuqarolar istiqomat qiladi, ularning 36 mingga yaqini bolalardir. Imkoniyati cheklangan bolalar sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va sportga muhtoj. Shuning uchun biz imkoniyatlar yaratishimiz kerak. Bugun ochilgan reabilitatsiya markazi yosh bemorlarning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklash uchun mo‘ljallangan», dedi davlat rahbari. 

Markaz 100 nafar bolaga mo‘ljallangan. Kelgusida bunday markazlar boshqa shaharlarda ham barpo etilishi rejalashtirilgan. 

Qurmanbek Bakiyev 2005-2010 yillarda Qirg‘iziston prezidenti bo‘lgan. 2010 yilgi inqilob paytida muxolifat tomonidan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan. Hozirda Belarusda siyosiy emigratsiyada. 

2013 yilda Bakiyev Qirg‘izistonda «xizmat vakolatini suiiste’mol qilish» moddasi bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilib, sirtdan 24 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. 

2014 yilda britaniyalik tadbirkor Shon Deyli hayotiga suiqasd uyushtirganlikda ayblanib, sirtdan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 

2021 yil iyul oyida Bakiyev qidiruvga berilgan. U Qirg‘izistondagi Qumtor oltin koni bilan bog‘liq korrupsiyada ayblanmoqda. 

Mavzuga oid