O‘zbekiston | 23:41 / 11.01.2023
7089
2 daqiqa o‘qiladi

Zargarlik buyumlarini O‘zbekistondan olib chiqish bo‘yicha yengillik berildi 

Endi qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan olib chiqish mumkin. 

Foto: Getty Images

Jismoniy shaxslar qiymati 100 mln so‘mgacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, 100 mln so‘m va undan ortiq bo‘lganlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishlari mumkin. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi xabar berdi. 

Avvalgi tartib bo‘yicha qiymati 5 ming dollargacha bo‘lgan tayyor zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan O‘zbekistondan olib chiqish mumkin edi. 

Prezidentning 2022 yil 23 dekabrdagi PQ-452-son qarorida belgilangan tartibga ko‘ra, zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar zargarlik buyumlarini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirgan holda, ma’lumotlarni Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga tijorat maqsadlarida olib chiqishi mumkin. 

Bundan tashqari, 2023 yil 1 fevraldan boshlab, affinaj korxonalari va zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchilar: 

- qimmatbaho metallarni va tarkibida qimmatbaho metallar mavjud bo‘lgan xomashyoni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirishda; 

- bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan qimmatbaho metallarni va tarkibida qimmatbaho metallari mavjud bo‘lgan xomashyoni qayta ishlash mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududidan tashqariga olib chiqishda maxsus turdagi tovarlarni eksport va import qilish uchun litsenziya olish majburiyatidan ozod etildi. 

2026 yil 1 yanvarga qadar marvarid, olmos, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga import bojxona bojlari 0 foiz etib belgilandi. 

Mavzuga oid