Jahon | 14:01 / 12.01.2023
4491
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaning Soledar egallangani haqidagi bayonotini rad etdi

Rossiya kuchlarining Soledar to‘liq egallab olingani haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb xabar berdi Ukraina Qurolli kuchlarining Sharqiy guruhi vakili Sergey Cherevatiy «Suspilne» telekanaliga bergan intervyusida. 

Foto: IMAGO

«Rossiyaliklar Soledar ularning nazorati ostida ekanini aytishyapti, bu haqiqat emas. Tafsilotlar Bosh shtab xulosasida, kuting», - deb ma’lum qildi u.

O‘z navbatida, Ukraina Qurolli kuchlarining Strategik aloqa boshqarmasi Yevgeniy Prigojinning «Vagner» XHKning rossiyalik yollanma askarlari Soledar butun hududini nazorat qilayotgani haqidagi bayonotini yolg‘on ma’lumot va psixologik operatsiya deb atadi. 

«Aftidan, Prigojinning joylashuvi haqidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va u Soledar konlarida ham emas. Prigojinning piarchi xodimlaridan yolg‘on ma’lumot va psixologik operatsiya elementi mahbuslar orasidagi aql bovar qilmas yo‘qotishlarni qandaydir tarzda oqlash uchun ichki auditoriyaga qaratilgan», - deb hisoblaydi Ukraina Qurolli kuchlari.

Bundan oldin «Vagner» XHK asoschisi, rossiyalik tadbirkor Yevgeniy Prigojin Soledarning butun hududi egallab olinganini e’lon qilgandi. 

«Shahar markazida vaziyat o‘ta keskin shakllangan, u yerda janglar ketmoqda. Asirga olinganlar soni ertaga ma’lum qilinadi», - dedi u «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi «Konkord» kompaniyasi sahifasida. 

Prigojinning alohida ta’kidlashicha, Soledarga hujumda «Vagner» XHKdan tashqari boshqa hech qanday bo‘linma qatnashmagan. 

RIA «Novosti»ning xabar berishicha, rossiyalik yollanma askarlar Soledardagi tuz konlarini egallab olgan. Agentlik ixtiyorida tegishli fotosuratlar mavjud, ularda Yevgeniy Prigojinning o‘zi ham bor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid