Jahon | 11:04 / 16.01.2023
6908
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Eron bahorda Rossiyadan Su-35 qiruvchi samolyotlarini oladi

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Tehron Moskvadan mudofaa tizimlari, raketalar va vertolyotlar buyurtma qilgan. Agentlikning xabar berishicha, Su-35 qiruvchi samolyotlari 21 mart kuniga yaqin yetib kelishi kerak.

Foto: defencenews

Tehron 21 mart kuni arafasida Rossiyadan bir nechta Su-35 ko‘p maqsadli yuqori manyovrli qiruvchi samolyotlarini oladi. Bu haqda 15 yanvar, yakshanba kuni Eronning Tasnim agentligi xabar berdi. Unda Eron Majlisining (bir palatali parlament) Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi a’zosi Shaxriyor Haydariyning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan. «Biz Rossiyaga mudofaa tizimlari, raketalar va vertolyotlar uchun buyurtmalar yubordik va bu qurollarning aksariyati tez orada mamlakatga kiradi», dedi Haydariy.

Eron harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, brigada generali Hamid Vohidiy 2022 yil sentabrida Moskvadan Su-35 sotib olish masalasi kun tartibida ekanini ta’kidlagan edi.

2022 yil 24 dekabr kuni Isroilning i24news telekanali Moskva va Tehron o‘rtasidagi harbiy kelishuvlarni kuzatuvchi razvedka manbalariga tayanib, Rossiya tez orada Eronga qiruvchi samolyotlar eskadrilyasini yetkazib berishini xabar qildi.

Katta ehtimol bilan, gap dastlab Misr uchun mo‘ljallangan 24 ta Su-35 qiruvchisi haqida ketgan, deb xabar berdi telekanal. Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, eronlik uchuvchilar allaqachon ushbu samolyotlarda mashg‘ulotlar olib borgan. Bundan tashqari, Tehron Moskvadan havo hujumidan mudofaa tizimlarini olishi kerak edi, deya ta’kidladi telekanal.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Eron, o‘z navbatida, Rossiyaga yetkazib berilgan 1700 ta drondan tashqari yana 300 ta Shahed-136 kamikadze dronlarining partiyasini yuborishi kerak edi. Moskva Ukrainaga zarba berish uchun Eron qurolidan foydalanganini rad etyapti. Tehron Rossiyaga uchuvchisiz uchoqlar yuborganini tan oldi, lekin bu Ukrainaga bostirib kirishdan oldin hamda kichik partiyada bo‘lganini bildirdi.

Isroilning "Mossad" razvedkasi direktori David Barnea avvalroq Eron Rossiyaga zamonaviy qurol yetkazib berishni ko‘paytirishni rejalashtirayotganini aytgan edi.

2022 yil dekabrida Amerikaning NBC telekanali Oq uydagi manbalariga tayanib, Rossiya Tehronning Ukrainadagi urush uchun qurol-yarog‘ yetkazib berishi evaziga Eronga «misli ko‘rilmagan darajada» harbiy va texnik yordam berayotgani haqida xabar bergandi. NBC manbalari, xususan, qiruvchi samolyotlarning Tehronga topshirilishi mumkinligi haqida gapirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid