O‘zbekiston | 19:01 / 17.01.2023
21425
4 daqiqa o‘qiladi

“Sobiq vazirning so‘zlari noto‘g‘ri” - yapon kompaniyasi rahbari

Kun.uz sobiq mehnat vaziri Nozim Husanov bilan Janubiy Koreyaga ishga yuborish sohasida yashirin korrupsiya gullayotgani hamda korrupsion sxema Yaponiya yo‘nalishida ham tatbiq etilayotgani haqida suhbat uyushtirgandi. Yaponiyadagi JIC kompaniyasi rahbari Atsuo Tedzuka Kun.uz'ga maktub yo‘llab, Nozim Husanovning ayrim so‘zlarini inkor etdi.

Kun.uz oldinroq tashqi migratsiya muammolariga doir surishtiruv e’lon qilgandi. Unda talabgorlarni Janubiy Koreyaga yuborish sohasida joylarda yashirin korrupsiya gullayotgani hamda korrupsion sxema Yaponiyaga ishga borish yo‘nalishida ham tatbiq etilayotgani haqida so‘z yuritilgan edi.

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng o‘sha paytdagi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, hozirgi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Nozim Husanov bilan suhbat uyushtirildi. Sobiq vazir suhbatda nega yapon tashkiloti (JIC) bilan o‘rnatilgan kelishuvga muvofiq hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yilmayotgani haqidagi savolga “yapon tashkiloti barcha o‘zbekistonliklardan pul olmoqchi ekan, biz bunga rozi bo‘lmadik” ma’nosida javob bergandi.

Tahririyat elektron manziliga JIC kompaniyasi rahbaridan maktub keldi. Maktubda sobiq vazirning iddaolariga raddiya berilgan.

Shundan so‘ng JIC rahbari Atsuo Tedzuka bilan aloqaga chiqildi hamda holatni batafsilroq tushuntirib berish so‘raldi. U Kun.uz'ga quyidagilarni gapirib berdi:

“Sobiq vazir Husanov janoblari Yaponiyaga kelganda moliyaviy masalalar haqida umuman gap borgani yo‘q. Biz tomondan “faqat biz orqali ishlaysizlar” degan gap ham bo‘lgani yo‘q, zotan markaz ish beruvchilar tomonidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Biz o‘zbeklardan pul olish naryoqda tursin, aksincha, markazimizni yuritish uchun belgilangan, ish beruvchi kompaniyalar tomonidan ajratiladigan mukofot mablag‘larining bir qismini Agentlikka yo‘naltirishni taklif qildik. Sobiq vazirning sizga bergan javobi va bizga bergan tushuntirishi tamomila farqli.

Bu ijtimoiy loyiha bo‘lib, unda ishchi fuqarolardan pul olinmasligi, aksincha faoliyatimiz Yaponiyadagi HR federatsiyasi va korporatsiyalari tomonidan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan. Va bunda Yaponiya ish beruvchilari tomonidan, hali aytganimdek, Tashqi mehnat migratsiyasiga ham xizmat haqqi to‘lanishi ko‘zda tutilgan va bu shartnomada ochiq-oydin ko‘rsatilgan.

Yaponiya mehnat bozorida O‘zbekiston segmentini yaratish uchun bizga hukumatingiz tomonidan hamkorlik yoki ko‘mak bo‘ladimi, yo‘qmi, baribir boshlagan ishimizni Yapon tili va kasbiy malaka markazi, Nippon akademiyasi, xususiy sektordagi hamkorlar bilan davom etib, o‘zbek ishchilarini Yaponiyada ishga joylashtirish uchun ko‘maklashaveramiz. Va bu loyihadan har ikki mamlakat xalqi manfaatdordir.

Vazir bilan bo‘lgan uchrashuvdan keyin shartnomani Tashqi mehnat migratsiyasiga jo‘natganmiz, ammo hali ham javob kelmadi. Kelmasa ham kerak endi. Avgust oyi boshida vazirlikdan “loyihamizni amalga oshirish uchun O‘zbekiston rahbari tomonidan topshiriq tushdi” mazmundagi xabar olgandik. Shundan keyin markaz nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etilgan edi. Ish faqat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining bu tashkilotga a’zo bo‘lishi masalasida to‘xtab turibdi.

Biz taklif etgan va O‘zbekiston davlat rahbari tomonidan ma’qullangan va aynan “JICHOLDING” bilan hamkorlikda tuzilishi topshirilgan o‘zbek ishchilarini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston mehnat segmentini Yaponiya mehnat bozorida targ‘ib qilish uchun tuzilgan markazni boshqalar, ya’ni bir o‘zbek fuqarosi bilan tuzilganligi haqida eshitganimizdan so‘ng taajjubga tushdik”.

Atsuo Tedzukaning ta’kidlashicha, ular mazkur loyihaga o‘xshagan markazlar ko‘payishi tarafdori. Aynan shu markazlar yapon kompaniyalariga o‘zbek ishchilari haqida ko‘proq ma’lumotlar beradi. Lekin yaponlar uchun shaffof, adolatli, mukammal va korrupsion mexanizmdan holi shart sharoit yaratilishi muhim.

 

Mavzuga oid