Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada Aleksey Arestovich iste’foga chiqarildi
U Rossiya bosqinidan keyin Ukraina hukumatining asosiy spikerlaridan biri edi.
Ukraina prezidenti devoni (UPD) shtatdan tashqari maslahatchi Aleksey Arestovichni o‘z arizasiga ko‘ra iste’foga chiqardi. Bu haqda Ukraina prezidenti matbuot kotibi Sergey Nikiforov ma’lum qildi.
17 yanvar kuni Arestovich o‘zining Telegram-kanalida iste’foga chiqishini e’lon qilib, «madaniyatli xulq-atvor namunasini ko‘rsatmoqchi» ekanini ta’kidladi. «Jiddiy xato, demak, iste’fo», deb yozdi u va iste’fo so‘rab yozgan arizasini ilova qildi.
14 yanvar kuni Dniprodagi ko‘plab qurbonlarga olib kelgan ko‘p qavatli turar joy binosiga raketa hujumidan so‘ng Arestovich huquqshunos Mark Feygin bilan suhbatda X-22 raketasi Ukraina havo mudofaasi kuchlari tomonidan urib tushirilganini, shundan so‘ng uning bo‘laklari bino ustiga qulaganini aytdi.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari uning so‘zlarini rad etib, Ukraina qurolli kuchlarida X-22 raketasini urib tushirish uchun hali imkoniyat yo‘qligini ma’lum qildi.
Arestovichning bayonoti Ukrainada salbiy reaksiyaga sabab bo‘ldi. Oliy Rada deputatlari uni ishdan bo‘shatish talabi bilan imzo to‘plashni boshladi. Dnipro meri Ukraina xavfsizlik xizmatidan Arestovichni tekshirishni so‘radi va uni «og‘zi axlatga to‘la» va «xudbin mol» deb atadi. Keyinroq Arestovich xato qilganini tan olib, kechirim so‘radi.
Aleksey Arestovich 1975 yilda Gruziyada tug‘ilgan, keyin uning oilasi Ukrainaga ko‘chib o‘tgan. 1990-yillarda u aktyor bo‘lgan, reklama roliklarida, filmlarda, teleseriallarda o‘ynagan. 1994 yildan 2005 yilgacha Razvedka Bosh boshqarmasida xizmat qilgan.
Siyosiy karerasini 2005 yilda «Bratstvo» partiyasida boshlaydi. O‘sha paytda Ukrainadagi «jigarrang» inqilobga qarshi chiqqan edi. 2009 yilda Odessa shahar kengashining Primorskiy tumani ma’muriyati boshlig‘i o‘rinbosari bo‘ladi. 2018 yilda u Kramatorskdagi 872-mexanizatsiyalashgan brigadada razvedkachi bo‘lib xizmat qilgan va dushman hududiga 33 ta jangovar chiqish qilganini aytadi.
2020 yilda Arestovich UPD rahbari Andrey Yermakning milliy xavfsizlik va mudofaa sohasidagi strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha shtatdan tashqari maslahatchisi etib tayinlandi. 2022 yil boshida Arestovich siyosatni tark etish istagini e’lon qildi, ammo Rossiya bosqini boshlanishi bilan amalda hokimiyatning rasmiy spikeri bo‘ldi.
U ukrainaliklarni vahima qilmaslikka chaqirgan videolari bilan yodda qolgandi. Vaqt o‘tishi bilan UPD maslahatchisining bayonotlari ijtimoiy tarmoqlarda tanqid qilina boshladi. X-22 raketasi e’lon qilinishidan bir necha kun oldin Arestovich «yetarli jihozlangan piyodalar tayanch punkti» «Vagner» brigadasini bir yil ushlab turishi mumkinligi» haqida gapirdi. Bu Ukraina harbiylari g‘azabiga sabab bo‘ldi. Maslahatchi frontdagi xabarlar haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmasdan, ochiq manbalardagi axborotni ijodiy tafakkur qilishda ayblandi.
Mavzuga oid
13:11 / 28.05.2025
NYT: Rossiya Zaporijjya AESni o‘z energotizimiga ulashni rejalashtirmoqda
11:58 / 28.05.2025
Yevroittifoq 150 mlrd yevrolik SAFE mudofaa fondini tuzdi
20:37 / 27.05.2025
Kellog: Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 million kishidan oshdi
20:17 / 27.05.2025