O‘zbekiston | 00:01 / 18.01.2023
12028
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Mamlakatda odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etiladi. Yangi mexanizm Bosh prokuratura hamda Oliy sud tomonidan taklif etilgan.

16 yanvarda qabul qilingan prezident farmoni bilan Odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi tashkil etiladi. Bu barcha bosqichlardagi sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmni joriy etish maqsadida Bosh prokuratura hamda Oliy sud tomonidan taklif etilgan. Quyidagilar ixtisoslashgan prokurorlar korpusi hisoblanadi:

  • Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmalari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash bo‘yicha tegishli bo‘lim va tarmoqlari;
  • tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tegishli o‘rinbosari va yordamchilari.

Bosh prokurorning sohaviy o‘rinbosariga – Bosh prokuratura, shuningdek, quyi turuvchi prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining, viloyat prokurorining va unga tenglashtirilgan prokurorlarning o‘rinbosarlariga – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, shuningdek, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining faoliyatini nazorat qilib, muvofiqlashtirib borish mas’uliyati yuklatilsin.

Quyidagilar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining asosiy vazifalari etib belgilanmoqda:

  • “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonun hamda protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarda ishlarni ko‘rishda prokuror vakolatini ta’minlash;
  • sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga ko‘maklashish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qo‘llab-quvvatlash;
  • fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishiga erishish;
  • sud amaliyotidan kelib chiqqan holda surishtiruv va tergov organlari xodimlarining amaliy ko‘nikmalari hamda malakasini oshirish ishlariga ko‘maklashish.

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari o‘z vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysunib amalga oshiradi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning sudda ishtiroki bilan bog‘liq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Viloyat va unga tenglashtirilgan prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga tuman (shahar) prokuraturalarining tegishli yo‘nalishlarida, qoida tariqasida, kamida uch yil, Bosh prokuratura Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga esa, qoida tariqasida, kamida besh yil faoliyat yuritgan xodimlar jalb qilinadi.

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari, qoida tariqasida, sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash sohasida uzluksiz uch yil xizmat o‘taganidan so‘ng boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazilishi mumkin.

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini boshqa yo‘nalishlarga o‘tkazish Bosh prokuror sohaviy o‘rinbosarining roziligi asosida amalga oshiriladi.

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatining natijadorligini ta’minlash maqsadida:

  • Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi sudlarda ko‘rilayotgan ishlar bo‘yicha ayblovni (fuqaroviy da’voni) qo‘llab-quvvatlash, o‘zgartirish yoki undan voz kechish, shu jumladan, Jinoyat kodeksi normalarini qo‘llash, jazo turi va me’yorini belgilash masalalari yuzasidan fikrini sudga bayon qilishda mustaqil bo‘lib, qonun talablariga va ishning barcha holatlaridan kelib chiqqan holda o‘z ishonchiga asoslanadi;
  • har bir hududda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari hamda tegishli tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari va boshqa yo‘nalishlarda uzoq yillar faoliyat ko‘rsatgan tajribali xodimlardan iborat Maslahat kengashlari tashkil etiladi;
  • Maslahat kengashlari o‘zaro muhokama asosida o‘ta murakkab toifadagi ishlarning yechimini topish, yosh kadrlarni to‘g‘ri yo‘naltirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish ishlariga ko‘maklashadi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati uchun mas’ul o‘rinbosarlariga tegishincha viloyat, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini hududdagi viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlaridagi ish hajmini inobatga olgan holda ixtisosligi bo‘yicha jalb qilishga ruxsat beriladi.

Farmon bilan bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev zimmasiga bir oy muddatda:

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusini tajribali, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qodir, prokuratura organlarida benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan professional kadrlar orasidan shakllantirish choralarini ko‘rish;

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishni, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari va xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari hamda ularning boshqa yo‘nalishlarga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari tomonidan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatida noxolislikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday ta’sir va aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan mexanizmlarni nazarda tutuvchi ichki tartibni ishlab chiqish va tasdiqlash;

Oliy sud va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari vakolatlarini belgilash va faoliyatini tashkil etish choralarini nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish va belgilangan tartibda kiritish yuklatilgan.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid