Jahon | 18:36 / 19.01.2023
32634
5 daqiqa o‘qiladi

Lavrov Rossiyaning yakkalanishini Holokost bilan solishtirib, Isroilni yana g‘azablantirdi

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainadagi urush natijasida Rossiyaning xalqaro yakkalanib qolishini Holokost paytida Yevropadagi yahudiylarning o‘ldirilishi bilan taqqosladi. Shundan so‘ng, u yana antisemitizmda ayblandi. May oyida Lavrov Hitler yahudiy bo‘lgani haqida gapirgan va isroilliklarni darg‘azab qilgan edi. Shundan keyin Rossiya prezidenti Vladimir Putin Isroildan uzr so‘rashga majbur bo‘lgan edi.

Foto: AFP/GETTY

Sergey Lavrov AQSh tomonidan Ukrainaga harbiy yordam berilishini Hitler (shuningdek, Napoleon) harakatlariga qiyosladi.

«Napoleon deyarli butun Yevropani Rossiya imperiyasiga qarshi safarbar qilgani, Hitler Yevropaning ko‘p davlatlarini qo‘lga olib, ularni qurollantirib, sovet ittifoqiga qarshi tashlaganidek, endi Qo‘shma Shtatlar deyarli barcha yevropaliklarni koalitsiyaga birlashtirdi. Ular Ukraina orqali bizning mamlakatimizga qarshi «Rossiya masalasi»ni uzil-kesil hal qilish uchun urush olib bormoqda», dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri.

«Hitler «yahudiylar masalasi»ni uzil-kesil hal qilmoqchi bo‘lganidek, endi G‘arb siyosatchilarining fikrlarini o‘qisangiz, ular Rossiya strategik mag‘lubiyatga uchrashi kerakligini bir ovozdan aytishmoqda», deya qo‘shimcha qildi Lavrov.

Nemis fashistlari 1941-1945 yillarda «Yahudiylar masalasini yakuniy hal qilish» siyosatini olib borgan va bu Yevropa yahudiylarini qasddan ommaviy o‘ldirishni anglatar edi. Yahudiylar bu jarayonni Holokost deb nomlagan.

Isroil Lavrovni Holokost xotirasini tahqirlashda aybladi. «Hozirgi voqealarni Hitlerning yahudiy xalqini yo‘q qilish bo‘yicha yakuniy qarori bilan har qanday taqqoslash tarixiy haqiqatni buzadi, o‘lganlar va tirik qolganlar xotirasini tahqirlaydi va bu qat’iy rad etilishi kerak», deyiladi Isroil TIV bayonotida.

Yevropa yahudiylari kongressi ham Lavrovning so‘zlarini qoralab, uni uzr so‘rashga chaqirdi.

«Biz vazir Lavrov demokratik davlatlar koalitsiyasining harakatlarini Hitler tomonidan olti million yahudiyning ta’qib qilinishi va o‘ldirilishi bilan sharmandali taqqoslashidan hayratdamiz va dahshatga tushdik», dedi Yevropa yahudiy kongressi prezidenti Ariel Muzikant.

Germaniyaning Isroildagi elchisi Shteffen Zaybert Lavrovning so‘zlarini «hayratga soluvchi» deb atadi. «Bundan olinadigan tarixiy saboq shuki, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy jinoyatlari unutilmaydi va jazosiz qolmaydi», deb Zaybertning so‘zlarini keltiradi Times of Israel.

Fransiyaning Isroildagi elchixonasi Lavrovning so‘zlarini «g‘azabnok qiluvchi va sharmandali» deb atadi. «Yakuniy yechim» insoniyat tarixida mislsiz iz qoldirdi», deyiladi missiya bayonotida.

Avvalroq Vashingtonda ham Lavrovning bayonoti haqoratomuz va ahmoqona deb atalgandi.

«Bizning birinchi munosabatimiz shuki, u nimanidir Holokost bilan solishtirishga qanday jur’at etdi? Har qanday narsani [u bilan taqqoslab bo‘lmaydi], ular boshlagan urush haqida gapirmasa ham bo‘ladi!» Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi brifingda ma’lum qildi.

Kirbining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya 2014 yilda Ukrainaga bostirib kirgani va 2022 yilda keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan keyin rossiyaliklarni jabrdiyda deyish ma’nosiz.

Rossiya TIV hozircha mojaroga izoh bermadi, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu haqda gapirishdan bosh tortdi.

«Axir, bu yerda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida muloqot ketyapti. [Muhokamalarni] shularning doirasida qoldiraylik», dedi Peskov Kremlning bu boradagi pozitsiyasi haqidagi savolga javoban.

2022 yil may oyida Lavrov Italiya televideniyesiga bergan intervyusida yahudiylar va Hitler haqidagi o‘ylamasdan aytgan so‘zlaridan keyin Isroildagi ommaviy axborot vositalari va rasmiylari uni qattiq tanqid qilishgandi.

Axir Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yahudiy bo‘lsa, uni qanday qilib natsizmda ayblash mumkinligi haqidagi savolga javoban rossiyalik vazir Adolf Hitler ham yahudiylardan kelib chiqqanini, bundan tashqari, yahudiylarning o‘zi «ashaddiy antisemit» ekanini aytgan edi.

«Yanglishishim mumkin, lekin Adolf Hitlerda ham yahudiy qoni bor edi. Bu mutlaqo hech narsani anglatmaydi. Dono yahudiy xalqining aytishicha, ashaddiy antisemitlar odatda yahudiylarning o‘zi», dedi u.

Isroil hukumatining o‘sha paytdagi rahbari Naftali Bennet bunga javoban Lavrovni yolg‘onchilikda aybladi. «Bundan maqsad «yahudiylarga qarshi sodir etilgan eng dahshatli jinoyatlarda yahudiylarning o‘zini ayblash va shu orqali dushmanlardan javobgarlikni olib tashlashdir» degandi u.

Oradan bir hafta o‘tmay, Isroil bosh vaziri idorasi Vladimir Putin Lavrovning so‘zlari uchun uzr so‘ragani haqida xabar berdi. Biroq Kreml buni rasman tasdiqlamadi.

Mavzuga oid