Jamiyat | 15:43 / 21.01.2023
27547
12 daqiqa o‘qiladi

«Topganimiz to‘yga buyursin” - tokaygacha to‘ylar uchun yashaymiz?

Bugun ijtimoiy tarmoqlar qanday vazifani bajarayotgan bo‘lsa, avvallari to‘ylar xuddi shunday vazifani bajargan. Odamlar to‘yga qorin to‘ydirish uchun bormagan, yangi ma’lumot olgan, o‘z hayotida bo‘layotgan yangiliklar bilan bo‘lishgan. 

Urf-odatlar har qanday xalqning hayotida muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, to‘y va ma’rakalarda ular yaqqol ko‘zga tashlanadi. Vaqt o‘tgani sayin urf-odatlarni ham zamonga moslab borish lozimmi yoki ibtidoiy ko‘rinishda qoldirish kerakmi? Etnograf Adhamjon Ashirov bilan shu xususda suhbatlashdik.

— Har bir xalqning urf-odatlari va marosimlari millat qanday ekanini ko‘rsatuvchi etnik pasporti hisoblanadi. O‘zbeklarning marosimlarini katta uch turkumga bo‘lishimiz mumkin: Oilaviy, taqvimiy va diniy marosimlar.

Bu marosimlarning tarixiy o‘zagiga qaraydigan bo‘lsak, jamoaning o‘rni nechog‘lik muhim ekani ko‘zga tashlanadi. Tarozining bir pallasiga marosim ishtirokchilarining fikrini yana bir pallasiga jamoa fikrini qo‘yadigan bo‘lsak, jamoaning fikri tosh bosadi.

Chunki ajdodlarimiz azaldan jamoaviy hayot kechirgan. Aks holda, bu mintaqada hayot kechirish birmuncha og‘ir bo‘lgan. Vaqt o‘tib, turmush sharoiti yaxshilanib borgani sari urf-odatlar ham jamiyat hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni o‘ziga singdirib borgan.

Lekin so‘nggi vaqtlarda paydo bo‘layotgan an’analarning hammasini ham mazmun-mohiyatini bilmaymiz. Ularni odamlarga ko‘r-ko‘rona ergashib amalga oshiramiz.

— Bir millatga tegishli bo‘lsa-da, hududlarga bog‘liq holda urf-odatlarda farq bo‘ladi. Bunda o‘sha muhit, shart-sharoit rol o‘ynaydi, albatta. O‘zbekiston hududida voha va vodiy to‘y marosimlarida qanday tafovutlar bor?

— Urf-odatlar shakllanishida nafaqat xalqlarning qadriyatlari, balki geografik joylashuvi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Misol uchun O‘zbekistonning janubiy qismi— Surxondaryo, Qashqadaryoda ko‘proq to‘y tantanalari, ayniqsa sunnat to‘yi katta e’tibor bilan o‘tkazilishini ko‘rishimiz mumkin. To‘y marosimlarida minglab odamlarni chaqirib uloq, ko‘pkari musobaqalari o‘tkazish keng ommalashgan.

Buxoro yoki Samarqandda azaliy o‘troq xalqlarga xos bo‘lgan an’analar, misol uchun tog‘aning o‘rni, kelin-kuyovning o‘rni, turli vazifalarni bajaruvchi odamlarga ko‘proq e’tibor beradi.

Vodiy tomonlarda esa islom dini bilan bog‘liq diniy an’analarga ko‘proq e’tibor qaratiladi. To‘ylarda islomiy tarzda erkaklar va ayollarni alohida-alohida o‘tkazish bilan bog‘liq o‘ziga xos jihatlarni ko‘rishimiz mumkin.

Bularning negizida millatning o‘tmish tarixi, o‘zbeklarning o‘tmishi bilan bog‘liq turfa xil qarashlar, an’analar aks etgan. Umuman, o‘zbek xalqining tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, to‘rtta diniy-mafkuraviy bosqichlarni bosib o‘tgan.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar qanday vazifani bajarayotgan bo‘lsa, avvalgi davrlarda to‘ylar xuddi shunday vazifani bajargan. Odamlar to‘yga ovqat yeyish — qornini to‘ydirish uchun bormagan, yangi ma’lumot olgan, o‘zining hayotida bo‘layotgan yangiliklar bilan bo‘lishgan.

Bularning ko‘pchiligi o‘zgardi. Qo‘shni xalqlardan, g‘arbdan, sharq mamlakatlaridan yangi odatlar kirib kelmoqda. Ularni targ‘ib qilishdan oldin bizning mental xususiyatlarimizga qanchalik mos yoki mos emasligini anglashimiz kerak.  

Buning uchun millatning o‘tmishi bilan, milliy an’analari bilan bog‘liq xususiyatlarini chuqurroq tushunishimiz kerak.

— Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda farzandli bo‘lgan kuyovning qaynotasi bergan suyunchi pulidan norozi bo‘lib xotiniga bosim o‘tkazgani, «aqiqa qilamiz otang qo‘y olib kelsin», deb turli soliqlar solgani sabab kelin o‘z joniga qasd qilgani to‘g‘risidagi xabar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Aslida shunday urf-odatlarimiz bormi? O‘zbek millatining o‘zligiga qanchalik to‘g‘ri keladi?

— Etnolog-antropolog mutaxassis sifatida o‘zbek urf-odatlarini bir-necha o‘n yillardan beri o‘rganaman. Ko‘p holatlarda urf-odatlarga ko‘r-ko‘rona ergashish millatning genofondiga salbiy ta’sir qilyapti.

Qadimdan yigit kishi deganda mard, jasur odam tushunilgan. Erkaklar safiga qo‘shish uchun bir nechta sinovlardan o‘tkazilgan. Misol uchun nikoh to‘yidan oldin otda choptirib, o‘tin yordirib, kamondan o‘q uzdirib ko‘rishgan. Bu bilan u jamiyatga qanchalik kirishib ketoladi, o‘z o‘rnini topib, bir oilani eplab keta olishi sinovdan o‘tkazilgan.

Afsuski, keyingi yillarda jamiyat hayotida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar bu holatlarning unutilishiga olib keldi. Jamiyatda erkak ayolning, kelin va kuyovning o‘rni almashib qolayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Aql bovar qilmaydigan urf-odatlar o‘ylab topilyapti va amal qilinyapti. Jumladan, aqiqa marosimini olaylik. To‘g‘ri, aqiqa — diniy marosim. Xonadonda yangi farzand tug‘ilganini bildirishga xizmat qiladi. Lekin buni ko‘z-ko‘z qilish yoki kelin tomonning hisobiga o‘tkazish kerak emas.

Yana bir misol, kelin tushirish — oilaga xizmatkor olish, deya qaralmasligi kerak. Bugungi urf-odatlar qayerdan kirib kelyapti, nima ma’noni anglatadi, mutaxassis sifatida men hayron qolaman. Misol uchun, kuyov salomlarni olaylik.

Kuyovlar ham kimlargadir ta’zim qilish orqasidan sovg‘aga ega bo‘lishi. O‘zi nega kelinga salom solish marosimida sovg‘a berilgan? Kelin yangi xonadonga boradi. «Kelin salom» uning yangi uy, odamlar bilan tanishuvi aslida. Kelinni hattoki uyning o‘chog‘i bilan ham tanishtirishgan. Kuyov unday emas-ku?

Vodiy tomonlarda to‘ydan keyin qirq kungacha bajariladigan odat bor ekan. Kuyovning uyiga kelin tomondan uch mahal ovqat keladi. O‘zbek yigitlarining g‘ururi qayerda qoldi? Biz urf-odatlar, ovqat, yeb-ichish uchun yashaydigan millat bo‘lmasligimiz kerak.

Kim qancha osh tarqatgani, qanday sovg‘a-salomlar olgani bilan faxrlanadigan xalq bo‘lmasligimiz kerak. «Qiz berganga qirq yil tegma» degan maqollarni unutaylik endi. Yoshlarimizning o‘zi to‘y qila oladigan bo‘lganda to‘y tantanalarini o‘tkazishimiz kerak. Shundagina qadrli bo‘ladi.

— Qadimda qiz tomon kuyovning uyini to‘ldirishi, yoki kuyovga boshdan oyoq sarpo qilishi kabi odatlar bo‘lganmi?

—Turli tarixiy davrlarda to‘y tantanalari qilinganini bilamiz. Misol uchun o‘rta asrlarda yashagan mashhur tilshunos olim Qoshg‘ariy hazratlari ham sovchilik an’anasi haqida ma’lumotlar keltirganini ko‘rishimiz mumkin.

Boburnoma yoki Amir Temur bilan bog‘liq manbalarda ham to‘y tantanalariga oid ma’lumotlarni ko‘rishimiz mumkin. Lekin oxirgi yillarda ma’lum bir ma’noda chegaradan chiqib ketish holatlarini ko‘ryapmiz.

Buni to‘qchilik sharofati deyishimiz mumkindir, lekin mening nazarimda unday emas. Bu bilimsizlik, ilmsizlikning bir ko‘rinishi. Butun xalqni aybdor qilolmaymiz. Lekin yoshi ulug‘lar yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi, yoshlar o‘zlari to‘plagan pulga ixchamgina to‘y o‘tkazishi kerak.

Lekin kelin tomonga barcha og‘irlikni tashlab, kuyovning uyini to‘ldirtirish, qarindosh urug‘idan tortib o‘lib ketgan bobo-buvisigacha sarpo qilish kerak emas.

Jamiyat bilan hamohang tarzda rivojlanishimiz kerak. Butun dunyoda bunaqa qilinmaydi. Yillar davomida yig‘ib turib, bir kunda sochishmaydi.

Milliy urf-odatlar, deyapmiz. Buning jamiyat uchun, xalq uchun foydali bo‘lgan an’analarini odamlarga tushuntirib berishimiz kerak

— Oilalarning buzilishiga urf-odatlar, ortiqcha xoyu havaslar sabab bo‘layotgani achinarli hol. Odamlar turli an’analarni o‘ylab topishlari va bu orqali o‘zlarini qiynashlari esa yanada ayanchli. Etnograf sifatida bu boradagi fikrlaringiz qanday? Aslida urf-odatlar qanday ehtiyojlar sabab vujudga kelgan?

— Paydo bo‘layotgan odatlarni ko‘rib mutaxassis sifatida hayron qolaman. Yaqin yillar ichida Haj va Umra ziyoratini amalga oshirib qaytgan insonlar tomonidan elga katta qilib osh berish urfga kirdi. Har bir mehmonga tarqatiladigan sovg‘a-salomlar esa Makkadan emas, o‘zimizning bozorlardan xarid qilinib, tayyorlab qo‘yiladi. Ayting-chi, bunday ko‘zbo‘yamachilik kimga kerak?

Nikoh to‘yi marosimlarida qilinadigan har bir odatning mazmuni bo‘lardi. Yangalar ishtiroki yoki sunnat to‘ylarida tog‘aning o‘rni bekorga emas. Bularning aksariyati unutilgan. Kimo‘zarga to‘y qilish urfga aylandi.

Odamlar qilayotgan urf-odatlarini nima uchunligini o‘zlari anglamagan holda amalga oshirishyapti. Misol uchun, kelin tomon ham, kuyov tomon ham taxmonga ko‘rpa-to‘shak qiladi. Oldinlari buning ham o‘ziga xos ma’nosi bo‘lgan.

To‘yda, ma’raka-mavludlarda qarindoshlar bir-birinikiga borib haftalab qolib yordamlashgan. O‘sha vaqtda bu ko‘rpa-to‘shaklar ishlatilgan. Lekin bugun hech kim bir-birinikida haftalab yotib qolmaydi. Ulov masalasi muammo emas.

Taksilar doim xizmatga shay. Ko‘rpa-to‘shak qilish o‘z ahamiyatini yo‘qotgan udumlardan sanalsa-da, hamon xalq orasida saqlanib qolayotgani va unga katta mablag‘ sarflanishi odamlar qilayotgan ishining mazmunini bilmasdan amalga oshirishiga yorqin misol deyishimiz mumkin.

Odamlarni majburlab bu isrofgarchilik va ovoragarchiliklarga chek qo‘yib bo‘lmaydi. Ularni bu ishni ongli ravishda qilishga o‘rgatmagunimizcha, qancha taqiq qo‘yilmasin, orzu-havaslar urf-odat darajasiga ko‘tarilaveradi.

Buning uchun ommaviy axborot vositalarida baxt ortiqcha latta-puttada emas ekanligini, farzand tug‘ilganidan unga sep yig‘ishga emas, ta’lim berishga, bolalarni ilmli qilishga zo‘r berishimiz kerakligini targ‘ib qilishimiz kerak.

Yoshlarni o‘z fikriga ega qilib tarbiyalash, qaysidir xonanda yoki kino «yulduzi»ga taqlid qilib emas, ta’lim olishga, chet elning nufuzli oliygohlarida tahsil olishga rag‘batlantirib ulg‘aytirishimiz lozim.

O‘ylaymanki, shundagina kun kelib, ortiqcha dabdaba, xoyu havaslar ortidan quvishdan qutulamiz. Farzand uylantirish, uning bolalariga to‘y qilish ham ota-onaning zimmasida degan qarashlarni ortga surib, yoshlar o‘zi uchun harakat qilishga o‘rganishadi.

O‘z fikriga ega bo‘lgan, o‘z kuchi bilan hayotini qurgan inson albatta oilasining, baxtining qadriga yetadi. 

Charos Mannonova suhbatlashdi.
Operator: Mirvohid Mirrahimov
Montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid