Maktablar ma’muriy buyruqbozlik vertikalining bir bo‘g‘ini bo‘lib qolgan - Jamshid Muslimov
Ta’til haqidagi palapartish qarorlar maktab ta’limi tizimidagi boshqaruvda jiddiy nuqsonlar borligini ko‘rsatdi. Xo‘sh, ta’lim tizimidagi boshqaruv qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan? Aslida qanday bo‘lishi kerak? Jamoatchilik faoli Jamshid Muslimov Kun.uz bilan suhbatda shu kabi savollar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Suhbatdoshimiz intervyu avvalida iqtisodchi ekaniga qaramay, ancha yillardan beri ta’lim sohasini kuzatib, bu borada ekspertlar bilan bir qancha suhbatlar va podkastlar ham tayyorlaganini ta’kidladi. Ushbu suhbatimizdagi fikrlari ham shular asosidaligini qayd etdi.
— O‘zbekistondagi anomal sovuq va buning ortidan maktablardagi qishki ta’tilning uzaytirilganidan xabardor bo‘lsangiz kerak. Ta’limda bunday favqulodda qarorlar qabul qilinishiga munosabatingiz qanday? Mana shu o‘zgarishlar fonida ta’til muddatlarini o‘zgartirish vakolati hokimliklarga berilganiga qanday qaraysiz?
— Mahalliy hokimiyat bu jarayonga aralashishining asosiy sababi – u kommunal xizmatlar uchun javob beradi, bolalarning maktabga qatnashi uchun esa ma’lum bir standartlar bo‘yicha sharoit bo‘lishi kerak. Munitsipal vakolatga ega bo‘lgan mutasaddilar bolalarning maktabga kela olishi yoki unday bo‘lmasligi, sharoit bor yoki yo‘qligi haqida ayta oladi. Deylik, mahalliy hokimiyat bu haqda hech qanaqa bildirishnoma qilmagan taqdirda ham bolalar maktabga borishsa, u yerda sharoit yaxshi bo‘lmay, qattiq sovuq bo‘lsa, davlat bu jarayonni to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Misol uchun, xususiy maktab ochadigan bo‘lsangiz, shart-sharoitlari bo‘yicha qattiq tekshiruv bo‘ladi va shunga qarab faoliyat bilan shug‘ullanish yoki shug‘ullanmaslikka ruxsat beriladi. Bunda ham xuddi shu narsa ishlaydi, bu – tabiiy holat.
Ta’lim jarayoniga kelsak, unga munitsipal hokimiyatning aralashuvi yaxshi emas. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Menimcha, ta’lim haqiqatan ham isloh qilinadigan bo‘lsa, 3 ta narsaga bo‘ysunishi kerak. Birinchidan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga, ikkinchidan o‘qituvchilar va ta’lim mutaxassislarining professional hamjamiyatiga bo‘ysunishi lozim. Bu hamjamiyat davlatdan mutlaqo mustaqil bo‘lishi kerak. Kerak bo‘lsa, o‘qituvchilarga litsenziya beradigan, ta’lim bilan shug‘ullanishga ruxsat beradigan shunaqa maxsus bir tuzilma bo‘lishi va davlatdan mustaqil bo‘lishi kerak. Va uchinchisi – ota-onalar hamjamiyatidir. Ya’ni manfaatdorlar hamjamiyati… Ular o‘zining yoki atrofdagi maktablari miqyosida yig‘ilib, shu ta’lim muassasalarini nazorat qilishi mumkin. Maktablar mana shu 3 ta kuchning nazorati ostida bo‘lishi kerak.
Bu tizimda munitsipal hokimiyatlar faqat xizmat ko‘rsatadi. Uning har xil tadbirlariga maktabdagi qizlarning boshiga “bantik” taqtirib, qo‘lga gul berib chiqarishi, saylovlarda o‘qituvchilar vazifasidan tashqari ishlarda qatnashishi kerak emas. Yo‘q, mahalliy hokimiyatlar bunda mutlaqo aralashishga haqqi yo‘q.
Ba’zi shahar yoki viloyat faoliyatiga taalluqli tadbirlar bo‘ladigan bo‘lsa va bu tadbirlar haqiqatan ham ta’limga aloqador bo‘lsa, o‘shanda ham hamkorlikda qandaydir ishlar qilinishi mumkin. Lekin buyruq beradigan tizimda mutlaqo ishlash kerak emas. Maktablar boshqaruv organiga aylanib qolgan. Ta’lim muassasasi emas, ma’muriy buyruqbozlik vertikalining bir bo‘g‘ini bo‘lib qolgan. Shuni ajratmagunicha, ta’lim islohoti haqida hech nima deyish mumkin emas.
Ta’lim vazirining ham gapi o‘tmaydi bu vaziyatda. O‘qituvchilar hamjamiyati va ota-onalarning nazorati haqida-ku, umuman gapirmasa ham bo‘ladi. Maktab direktori, uning o‘rinbosari, o‘qituvchi va hatto qorovuli bo‘ladimi, bunga munitsipal organlarning aralashishga hech qanday haqqi bo‘lishi kerak emas.
Hokimlar nima asosida, Konstitutsiyaning qaysi bandi asosida bunday nazoratni amalga oshirishadi? Aytyapman-ku, bu yerda ta’limni rivojlantirish yoki ta’limni ta’lim bilan shug‘ullanishi uchun emas, uni jamiyatda boshqaruv organiga aylantirish maqsad qilingan. Bu – katta xato. Maktab direktorini tayinlash hamkasblar orasidan saylangan o‘qituvchilar hamjamiyati, kerak bo‘lsa, ota-onalar, kengashlarning roziligi, vazirlikning nazorati asosida bo‘lishi kerak.
Aytilayotgan muammolarning ta’limga mutlaqo aloqasi yo‘q. Ta’limga ta’siri bor, ta’limni abgor qiladi, uni to‘sib, buzadi. Shu jihatdan aloqasi bor. Bu ta’limning o‘zidan kelib chiqadigan yondashuv emas.
— Yaqinda prezident pedagoglar bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashgandi. Mana shu uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev “rayono”, “oblono” va “gorono”larni yopishni istayotganini aytdi. Bu bo‘lim va boshqarmalarni yopish kerakmi, ular o‘zi nega kerak?
— E’tibor bersangiz, bu yerda meni hayratlantirgan jihati – munitsipal organlarning bosimidan ozod qilish emas, balki shu ta’lim vazirligidan bo‘shashtirish bo‘lyapti. Vazirlik joylardagi mutasaddi vakillari, ya’ni eski vaqtlarda “rayono”, “gorono”, “oblono”lar deyilardi, shular orqali maktablarga ta’sirini o‘tkaza olardi. Bu bo‘lim va boshqarmalarning mavjudligiga 2 ta nuqtayi nazardan qarash mumkin: salbiy va ijobiy.
Salbiy nuqtayi nazardan qaraganda, maktabda o‘qituvchilik qila olmagan, o‘qituvchilik iqtidoriga ega bo‘lmagan odamlarni tizimdan chiqarib yuborishning o‘rniga shunday joylarga yuborishar edi. Shunaqa deb eshitar edik-da.
Ikkinchi tomondan, ya’ni ijobiy tomonini aytsak, “rayono”, “oblono”lar jahon, mamlakat, tumandagi o‘qituvchilar ishlab chiqayotgan turli xil samarali metodlar, uslubiyatlarni o‘zida jamlab, uni tizimga solish va qo‘llash, maktablarga singdirib borish, uning qanday ishlayotganini kuzatish hamda shunga o‘xshagan vazifalarni bajarishi kerak edi. Ya’ni bularning qanday ishlashi ta’lim vazirligi ishini qanday yo‘lga qo‘yishi bilan bog‘liq. Ehtimol, viloyat va tuman miqyosidagi bu tashkilotlarda 3-4 nafar odam ishlar, bunga qarash kerak. Butunlay yopib yuborish nima degani? Agar haqiqatan ham atrofidagi maktablarga metodologik xizmat ko‘rsatadigan tashkilot bo‘ladigan bo‘lsa yoki maktabdan tashqari ta’lim mashg‘ulotlariga yordam beroladigan organ bo‘lsa, nima uchun yopib tashlash kerak?
O‘zi u yoki bu organlarni ochish va yopish haqida fikrlayotganda, “shuni yopib yuborsak, ta’lim bunda yutadimi yoki yutqazadimi? Yutqazsa, nimadan yutqazadi, yutsa, nimadan yutadi?” – mana shu savollarga aniq, mutaxassislarcha javob berolgandan keyin qaror qabul qilinadi. Nima uchun gap aylanib tuman yoki viloyatdagi boshqaruv organlari haqida ketyapti-yu, lekin munitsipal hokimiyatlarning ta’lim jarayoniga bevosita salbiy ta’sir o‘tkazayotgani haqida gap-so‘z yo‘q. Shu narsaga ham e’tibor berish kerak, deb o‘ylayman.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Asror Almurodov.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
14:01 / 13.10.2024