Jahon | 13:41 / 23.01.2023
4618
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliya va Argentina yagona valuta bo‘yicha muzokaralarni tikladi

Yagona valuta loyihasi Buenos-Ayresdagi sammitda muhokama qilinadi, boshqa Lotin Amerikasi davlatlari unda ishtirok etishga taklif qilinadi.

Foto: Andre Penner/AP/picture alliance

Braziliya va Argentina rasmiylari umumiy valuta yaratish ustida ish boshlaydi, deb xabar berdi ikki mamlakat prezidentlari Luis Inasiu Lula da Silva va Alberto Fernandes Argentinaning Perfil haftalik nashrida 22 yanvar, yakshanba kuni chop etilgan qo‘shma maqolasida.

"Biz umumiy Janubiy Amerika valutasi g‘oyasi bo‘yicha munozaralarni davom ettirishga qaror qildik, u ham moliyaviy, ham tijorat operatsiyalari uchun ishlatilishi mumkin, xarajatlarni va tashqi qaramligimizni kamaytiradi. Biz yagona Janubiy Amerika valutasini muhokama qilishni davom ettiramiz", deyiladi ikki davlat rahbarlarining uch yilda ilk marotaba o‘tkaziladigan uchrashuvi oldidan yozilgan maqola.

The Financial Times gazetasi birinchi bo‘lib Janubiy Amerikadagi ikki yirik iqtisodiyotning rejalari haqida xabar berdi. Yagona valuta loyihasi Buenos-Ayres sammitida muhokama qilinadi va boshqa Lotin Amerikasi davlatlari ishtirok etishga taklif qilinadi, deb yozadi nashr. "Men yolg‘on umidlar yaratishni xohlamayman. Bu Lotin Amerikasi bosib o‘tishi kerak bo‘lgan uzoq yo‘lning birinchi qadamidir", - deya ogohlantirdi Argentina iqtisodiyot vaziri Serxio Massa. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uzoq yillar davom etishi mumkin. Massa yevroni yaratish uchun Yevropaga 35 yil vaqt ketganini eslatdi. Braziliya valutani "sur" (ispanchada "janub") deb nomlashni taklif qilmoqda.

Dastlabki rejalardan kelib chiqadiki, gap Braziliya reali va Argentina pesosi bilan parallel ravishda muomalaga kiradigan yangi valutani yaratish haqida ketmoqda. Agar Janubiy Amerikaning qolgan qismi loyihaga qo‘shilsa, valuta ittifoqi global yalpi ichki mahsulotning qariyb 5 foizini qoplaydi va bu uni hajm bo‘yicha dunyodagi ikkinchi eng katta valuta ittifoqiga aylantiradi, deb hisoblaydi FT. Dunyoning eng yirik valuta ittifoqi - yevro hududi jahon yalpi ichki mahsulotining qariyb 14 foizini tashkil qiladi.

Braziliya va Argentina rasmiylari so‘nggi bir necha yil davomida umumiy valutani muhokama qilib kelayotgandi, biroq Braziliya markaziy bankining bu g‘oyaga qarshiligi tufayli muzokaralar to‘xtab qoldi, dedi munozaralarga yaqin bo‘lgan rasmiy FT'ga. Hozir har ikki davlatda ham so‘l qanot yetakchilar hokimiyat tepasida ekan, bu g‘oya siyosiy jihatdan ko‘proq qo‘llab-quvvatlanmoqda, deya qayd etadi gazeta.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid